Kirish magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi


-§. Fonetik vositalarning poetik imkoniyatlari



Yüklə 119,55 Kb.
səhifə4/20
tarix18.05.2023
ölçüsü119,55 Kb.
#111148
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
Botirova M. mag.diss

1.2-§. Fonetik vositalarning poetik imkoniyatlari
Tilshunoslikning fonetika bo‘limida nutq tovushlari o‘rganilar ekan, u vazifasiga qarab, tekshirish obyektiga ko‘ra bo‘lib o‘rganiladi. Nutqning fonetik qismlarini o‘rganishga qarab fonetika ikki turli bo‘ladi, ya’ni segmental va supersegmental fonetika. Nutq tovushlarining hosil bo‘lishi vaularning xususiyatlarini o‘rganuvchi fonetika segmental (segment – nutq bo‘lagi) fonetika deyiladi. Segment birliklarga nutq tovushlari va bo‘g‘in kirar ekan, bunday birliklar morfema va so‘zlar tarkibida ketma-ket keladi. Nutq tovushlaridan katta bo‘lgan birliklar esa supersegment birliklar deyiladi. Supersegment birliklarga urg‘u va ohang kiradi. Bunday birliklar so‘zga, frazaga, gapga yoki nutqqa yaxlit aloqador bo‘lib, ularni so‘z, gap yoki nutqdan ajratilgan holda tasavvur qilib bo‘lmaydi.26
Shuning uchun ham tilshunos olim M.Mirtojiyev bu hodisalarni tahlil qilib, ustama hodisa deb nomlagan. Ma’lumki, badiiy matnni tahlil qilish jarayonida fonetik birliklarning estetik xususiyatlarig ham alohida e’tibor qaratish zarur. She’riy matnda nutq tovushlarining estetik imkoniyatlari tez va qulay idrok etiladi. Chunki she’riy asarda o‘ziga xos jozibador ohang bo‘ladi. Bu ohangdorlikka tovushlarni uslubiy qo‘llash natijasida erishiladi. Asosan, she’riyatda alliteratsiya (undoshlar takrori), geminatsiya (undoshlarni qavatlash), assonans (unlilar takrori) kabi fonetik usullardan foydalaniladi. Nasrda unlilarni cho‘zish, undoshlarni qavatlash, tovushlarni takrorlash, so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuzini berish, tovush orttirish yoki tushirish kabi fonetik usullar yordamida ekspressivlik ta’minlanadi. Lekin tovushlarni uslubiy qo‘llash bilan bog‘liq qonuniyatlarni yozuvda aynan ifodalash imkoniyati cheklangan. Ammo talaffuzda hamda badiiy asarlarda bayon muvofiqligiga qarab fonogfrafik vositalar yordamida erishish mumkin.
Til fikr anglatish quroli bo‘lishi bilan birga, insonlarga hissiy ta’sir qilish vositasi hamdir. Bu ta’sir so‘zlardagi asosiy (denotativ) ma’noga asoslangan qo‘shimcha (konnotativ) ma’nolar vositasida amalga oshadi. Konnotativ ma’no komponentlarini tashkil qiluvchi “bo‘yoqlar” fonetik vositalarda ham kuchli ifodaladi. Bular:
– nutq tovushlari bilan bog‘liq ekspressivlikning aks etishi; so‘zlarning tovush qiyofasini o‘zgartirib aytish, so‘zlarda tovush orttishi yoki tushirish, alliteratsiya orqali hayajon ifodalash va hokazo;
– baho komponenti – so‘zda tasdiq yoki inkorni intonatsiya biln ifodalash;
– so‘zda belgi (miqdor) darajasining kuchliligini bildiruvchi tovush cho‘ziqligi;
– so‘zlovchining shaxs va hodisalarga munosabatini ifodalovchi pragmatik ma’no, ya’ni geminatsiya yoki pauzalar orqali qo‘shimcha bo‘yoq ifodalash;
– nutqning vazifaviy uslublari bilan bog‘liq qo‘shimcha ma’no komponenti va boshqalar27. Akustik-artikulatsion hamda prosodik (ritmik-intonatsion) xususiyatalarini belgilash muhim ahamiyatga ega.
Fonostlistikada orfoepiya bilan bog‘liq talaffuz stillarining vazifasini belgilash, nutq stillari, ayniqsa, badiiy nutq uslubida nutq tovushlari talaffuzining konnotativ ma’nolari, shuningdek, intonatsiya, pauza va urg‘u kabi supersegment elementlarning ishlatilish bilan bog‘liq fonopoetik imkoniyatlarning uslubiy qo‘llanishini tahlil va tadbiq qilish bugungi kun o‘zbek tilshunosligining eng dolzarb masalalaridan biridir.
Ammo fonopoetika muammolari Yevropa va rus tilshunosligida yetarlicha keng o‘rganilgan. O‘zbek tilshunosligida esa fonopoetik vositalar va ularning nutqda qo‘llanishi haqidagi fikrlar dastlab professor A.G‘ulomov tomonidan aytilgan. Fonopoetik vositalar badiiy nutqda ritm, qofiya, radif, ohang uchun qo‘llanishi akademik G‘ani Abdurahmonov tomonidan alohida qayd etilgan. Yana bir tilshunos olim A.Abduazizov “Fonopoetik vositalarning o‘rganilishiga doir” nomli maqolasida o‘zbek tili fonopoetik vositalarining o‘rganilish tarixi, hozirgi holati, vazifalari va bu sohada chuqur izlanishlar olib borish haqida professor o‘zining qimmatli fikrlarini bayon qilib o‘tgan. Grafik stilistika bilan fonografik stilistika fonopoetikaning tekshrish obyekti bo‘lganligi uchun unda nafaqat segment va supersegment (intonatsiya, pauza, urg‘u) vositalarning ekspressiv xususiyatlari, balki ekspressiv nutqning talaffuz xusususiyatlari ham o‘rganiladi. Shuningdek, badiiy asarlarda turli xil kasb-hunar, turli xil xarakter va dunyoqarashga ega kishilarning his-tuyg‘ularini tasvirlash bilan birga, ularning ichki dunyosi, ruhiyati ham ko‘rsatilib beriladi. Shuning uchun ham badiiy asarlarda til vositalari o‘ziga xos tarzda ishlatiladi. Asarlarda yozuvchilar u yoki bu hodisalarning xabar qilishi bilan birga o‘quvchiga estetik va emotsional ta’sir ko‘rsatishni ham maqsad qilib qo‘yadi. Chunki chinakam badiiy ijod mahsuli inson qalbini larzaga sola olishi kerak.
Badiiy matnning shakllanishida hech bir istisnosiz adabiy til bilan bir qatorda, umumxalq tilining barcha vosita – birliklari ishtirok etadi. Ana shu xususiyat matn mazmunini aynan tushunilishiga yordamchi vazifa bajarishini inkor eta olmaymiz. Chunki har qanday poetik matnning yuzaga kelishida, muallif maqsadining o‘quvchilar tomonidan anglashinishida ushbu birliklarning qimmati bir xil darajada funktsiya bajarmasa-da, ular bir-biridan ayricha poetik qimmat kasb etadi. Badiiy matnning shakllanishi qo‘llangan tilning har qanday birligi emotsional-ekspressiv ifoda semalari reallashgan holda badiiy-estetik maqsadni yuzaga keltiradi. Mana shu o‘rinda tilning eng kichik birligi – fonema ham badiiy matnda o‘zining asosiy vazifasi so‘z ma’nolarini farqlash bilan bir qatorda, emotsional-ekspressiv va apellyativ vazifasini ham bajaradi. O‘quvchi esa fonemalardagi bu xususiyatlarni tovushning fonografik ifodasi orqali qabul qiladi. Eng kichik ma’noli qism sanalgan morfema tarkibidagi fonemaning nutqdagi aksi tovushdir. Tovushlarning nutqdagi o‘rni, talaffuzi, talaffuzdagi farqi, tovushlarning yonma-yon kelganida o‘zgarishga uchrashi uslubiy ahamiyatga ega. Nutq tovushlarida, eng avvalo, uch xususiyat ko‘zga tashlanadi: artikulatsion (aytilishi); akustik (eshitilishi); apellyativ (eshitib ta’sirlanish). Fonemalarning nutqdagi reallashuvi natijasida ularning yuqorida sanalgan xususiyatlari jonli muloqotga kirishgan kommunikant hamda kommunikat tomonidan yuz beradigan aloqada yorqin ko‘zga tashlanadi va bir-birlarini tushunish va tushuntirishga qaratilgan faoliyati to‘la qondirilish imkoniyati yuqori sanaladi. Endi bu jarayon yozma nutqning badiiy hosilasi bo‘lgan poetik matnda birmuncha farqlanadi. Muallif va o‘quvchi o‘rtasidagi kechiktirilgan muloqotda, ya’ni badiiy asar mutolaasida o‘quvchi ijodkorning badiiy maqsadini anglab olishi muallifning matnda qo‘llangan fonetik vositalardan o‘rinli foydalanishi orqali ro‘yobga chiqadi.
Ma’rufjon Yo‘ldoshev qayd etganlaridek, badiiy matnni tahlil qilish jarayonida fonetik vositalarning badiiy estetik xususiyatlariga ham alohida e’tiborni qaratish zarur, chunki ularda poetik aktuallashuv juda yorqin namoyon bo‘ladi. Muayyan narsa-hodisa tasvirlanar ekan, uzundan-uzoq tavsiflardan ko‘ra bu narsa narsa-hodisalarga xos tovushlarni eslatish, keltirish ularning obrazlarini tezroq tasavvur qilish imkonini beradi. Chunki fonetik birliklarda qo‘shimcha ma’noning ifodalashi badiiy asarda muallif yoki personaj nutqining ta’sirchanligini ta’minlaydi.
Tilshunos olim Anvar Haydarov konnotativ ma’noni ifodalashda fonetik birliklarning ingerent va adgerent konnotatsiyalar orqali ekspressivlik ifodalanishini qayd etadi. Faqat ingerent konnotatsiya tovushga taqlid so‘zlarda uchraydi: g‘ir-g‘ir, guv-guv, chirs-chirs, gala-gala kabi qator so‘zlarda tovushning qattiq, yoki yumshoq o‘qilishi turlicha qo‘shimcha ma’nolar ifodalaydi. Jumladan, taq-taq, to‘q-to‘q taqlid so‘zlaridagi tovushlarning talaffuz xususiyatiga bog‘liq holda yoqimsiz ma’nosi ifodalansa, tiq-tiq so‘zlarida esa qo‘shimcha yumshoqlik bo‘yog‘i aks etadi. Badiiy matnda bu hodisaning ifodalanishi muallifning izohi bilan yoki asar tendentsiyasining ta’sirida o‘quvchi tomonidan qanday poetik vazifa bajarayotgani anglashinaveradi: Boyagi g‘ir-g‘ir shabada kuchaygan, o‘zan soxilidagi daraxtlar daryoday ovullar, to‘zg‘igan xazonlar osmonda gala-gala notinch qushlarday charx urardi. Nigora bu sehrli manzaraga, oydinda yana ham sirliroq tuyulgan ko‘hna qo‘rg‘onga, yarim yemirilgan muazzam bino peshtoqlarining ajib tovlanishiga tikilib, uzoq turdi. (O. Yoqubov). Ushbu parchada g‘ir-g‘ir hamda gala-gala so‘zlarida tovushlarning talaffuz xususiyatidan kelib chiqib ijodkor tabiat manzarasining naqadr yoqimli va o‘ziga rom etuvchiligi haqidagi voqelikni ochib beradi. Birinchi g‘ir-g‘ir taqlid so‘zda g‘ undoshining so‘z tarkibidagi r undoshlarining ta’sirida qattiq talaffuz qilinib, belgining kuchli ekanligini anglatsa, gala-galada esa so‘z tarkibida l undoshining yumshoq talaffuz etilishi orqali g undoshi ham yumshoq talaffuz etilyapti va belgining balandlik, notinchlik va ko‘plik semalarini ifodalayapti. Tovush talaffuzi bilan bog‘liq boshqa barcha holatlarda adgerent konnotatsiya mavjud bo‘ladi. Badiiy adabiyotda fonetik yo‘l bilan hosil qilingan qo‘shimcha ma’no bo‘yog‘i, asosan, adgerent konnotatsiya orqali ro‘yobga chiqadi. Umuman olganda, bular badiiy nutqning muhim poetik vositalari hisoblanadi. Sababi, xohlagan so‘zni nutqda fonetik jihatdan o‘zgartirib nutqiy voqealantirish so‘zning ta’sirchanligini oshiradi. Masalan, unli tovushlar og‘iz bo‘shlig‘ida hech qanday to‘siqqa uchramaganligi sababli ularni istalgancha cho‘zish mumkin. Badiiy matnda bu hodisalar fonografik vositalar orqali ifoda etiladi. Mana shu cho‘zish orqali asar qahramonlarining xarakter-xususiyatlari, voqea-hodisalarga munosabatlari, turli xil istak-mayllari ifodalanadi. Badiiy uslub uchun fonetik cho‘ziqlik ahamiyatli bo‘lganligi sababli, u ma’no farqlashga xizmat qilmaydi, balki turli xil konnotativ ma’nolarni hosil qiladi:
Nima ishing bo-or! Kerak bo‘lsa o‘zing ke-el! — degan masxaraomuz javobi eshitildi-yu, Nigora ichida bir kulib qo‘ydi. (O. Yoqubov).
Mana, arzimagan bir sovg‘a, og‘ayni! — dedi Muzaffar, allaqanday mug‘ambirona kulimsirab.

Yüklə 119,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə