Kirish magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi


Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi



Yüklə 119,55 Kb.
səhifə3/20
tarix18.05.2023
ölçüsü119,55 Kb.
#111148
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20
Botirova M. mag.diss

Tadqiqotda qo‘llanilgan metodikaning tavsifi. Asosan, lingvopoetik, uslubiy va qiyosiy tahlil hamda tasniflash usullaridan keng foydalanildi.
Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Tadqiqot natijalari hozirgi o‘zbek adabiy tili va badiiy matn tahliliga oid izlanishlarni nazariy ma’lumotlar bilan boyitadi. Tadqiqotning amaliy ahamiyati shundaki, tadqiqot natijalaridan tilshunoslik, lingvopoetika va adabiyotshunoslikda badiiy asar tahlil jarayonida foydalanish mumkin.
Ishning tuzilmasi tavsifi. Dissertatsiya kirish, uch bob, olti fasl, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat bo‘lib, 80 sahifadan iborat.


I BOB. ODIL YOQUBOVNING «OQQUSHLAR, OPPOQ QUSHLAR…» ASARINING FONETIK XUSUSIYATLARI

1.1-§. Badiiy matn va uning tadqiq etilishi


XX asr ilmiy tafakkuri, Gegel dialektikasi va dialektik kategoriyalar borliq hamda ijtimoiy hayotdagi eng muhim tushunchalarini uzviy aloqadorlikda, bog‘liqlikda ekanligini isbotladi. Bu esa o‘z navbatida barcha gumanitar fanlar rivojiga ham beqiyos ta’sir etdi. Endi har bir hodisani umumiy aloqadorlikda, ya’ni muayyan zanjir holda tasavvur etilib, tekshirish zaruriyatini tug‘dirdi.
Insoniyat jamiyati vujudga kelgandan buyon ular o‘rtasidagi munosabatlar orasida eng muhimi va eng murakkabi lisoniy aloqalardir. Ularni, to‘g‘rirog‘i, o‘sha aloqalar mohiyatini o‘zida aks ettirgan matnlarni o‘rganish, ularni tuzish qonun-qoidalarini tahlil qilish ham amaliy, ham nazariy jihatdan katta ahamiyatga egadir.
Hayotimizda sodir bo‘layotgan islohotlar hech bir sohani chetlab o‘tayotgani yo‘q, jumladan, tilshunoslik fani ham bugungi kunda tilning barcha sohalarida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Tilda bir qator yangi yo‘nalishlarning maydonga kelishi (kompyuter lingvistikasi, psixolingvistika, matematik lingvistika, sotsolingvistika va boshq.) va ularni tadqiq etish bilan bog‘liq holda yaratilgan ilmiy tadqiqotlarning ko‘lami ham bundan dalolardir. Xususan, matn tilshunosligi ham tilshunoslik sohasidagi yangi yo‘nalishlardan biri sanaladi. Filologiya fanini va boshqa gumanitar fanlarni xalqlar madaniyati, tili hamda adabiyoti namunalarini o‘zida mujassamlashtirgan matn haqidagi bilimlarning majmui deb hisoblash mumkin. Shunga qaramay, aynan matn tushunchasini izohlashda tilshunos olimlar turlicha fikr bildiradilar.
Matn va uning tabiatini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar XX asr oxirlariga kelib paydo bo‘ldi. Matn tilshunosligi sohasi juda ko‘plab tilshunoslarning e’tiborini tortgan masalalardan biridir. Jumladan, dunyo tilshunosligida V.Matezius, I.Galperin, L.Loseva, O.Moskalskaya, K.Abdullayev, o‘zbek tilshunosligida bu borada R.Qo‘ng‘urov, I.Qo‘chqortoyev, Q.Samadov, N.Mahmudov, M.Yo‘ldoshev, X.Doniyorov, E.Qilichev, S.Karimov, B.Umurqulov kabi olimlar matn haqida fikrlarini bildirganlar.
Matn nazariyasi, matn lingvistikasining umumiy rivojlanishida Praga lingvistik to‘garagi vakillari, nemis, fransuz, ingliz, Amerika, golland, polyak va boshqa tilshunoslik maktablarining xizmatlari dunyo tilshunosligida e’tirof etilsa, rus tilshunosligida V.V.Odinsov, I.R.Galperin, O.I.Moskalskaya, L.M.Loseva, Z.Ya.Turayeva, N.S.Valgina, N.D.Zarubina kabi ko‘pgina tilshunos olimlarning xizmatlari alohida e’tiborga loyiq.
O‘zbek tilshunosligida birinchilardan bo‘lib akademik G‘.Abdurahmonov 1980-yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Sobiq Ittifoq turkiyshunoslarining III konferensiyasida matn nazariyasiga bag‘ishlangan ma’ruza qilib, muammoning mohiyati va yechimlari haqida o‘z fikrlarini bildirgan, bir qancha matn turlarini ajratib ko‘rsatgan edi. Shuningdek, tilshunos olim A.G‘ulomov ham matnning mohiyati bo‘yicha o‘z fikrlarini bayon qilgandi.
Keyingi davr o‘zbek tilshunosligida A.Mamajonov, M.To‘xsonov, M.Abdupattoyev, N.Turniyozov, M.Hakimov kabi olimlarning shu sohaga taalluqli bo‘lgan ishlarini alohida qayd etish mumkin.7Matn lingvistikasi tilshunoslikning alohida sohasi, yo‘nalishi sifatida shakllandi, muttasil rivojlanib kelmoqda, yangidanyangi nazariy umumlashmalar qilinmoqda. Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, matn tushunchasini material jihatdan belgilash va ta’riflashda mutaxassislar o‘rtasida turlicha fikrlar mavjud. Ayrim tilshunoslar faqat yozma shakldagi yahlit nutq yoki nutq parchasini matn deb hisoblaydilar. Masalan, rus tilshunosi L.M.Loseva “matn” tushunchasini aniqlashda quyidagi fikrlarni aytib o‘tadi: barcha matnlar uchun xos bo‘lgan belgilardan kelib chiqish lozim.8 Matnni lingvistik tadqiqot ob`yekti sifatida o‘rgangan I.R.Galperin ta’kidlashicha “matnning ontologik va funksional belgilarini namoyon etadigan yetakchi jihatlardan biri sifatida yozma hujjat tarzida reallashadigan tugallanganlik”. Uningcha, matn yozuvda qayd etilgan nutqiy asardir. Ammo matn lingvistikasi muammolari bilan shug‘ullangan ko‘pchilik tilshunos olimlar matnning yozma ham, og‘zaki ham bolaverishini ta’kidlab o‘tadilar.9 Chindan ham, ayni shu fikr ilmiy-mantiqiy jihatdan to‘la asosga ega va u matnning mavjud mohiyatini to‘g‘ri aks ettiradi. Z.Ya.Turayeva matn lingvistikasining umumiy nazariyasiga ko‘ra uning predmeti sifatida og‘zaki yoki yozma nutq mahsuli bo‘lgan matnni olish mumkinligini aytadi, ammo matnni tor ma’noda, ya’ni faqat yozma nutq mahsuli sifatida talqin qilish maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidlaydi. Matnning semantik–struktur tuzilishini rus tilidagi og‘zaki va yozma nutq misolida o‘rgangan R.A.Karimova matn faqat grafik, yozma shakldagina emas, balki og‘zaki shaklda ham namoyon bo‘ladigan nutqiy asar ekanligini , bunda og‘zaki shakl genetik asos ekanligini alohida ta’kidlaydi va faktlarning tahlillaridan kelib chiqqan holda “bir qarashda matn makonnining qarama-qarshi nuqtalarida joylashganday ko‘rinadigan og‘zaki favqulodda voqelanuvchi(spontan) matn va yozma matn (badiiy matn) umumiy xususiyat- muayyan tuzilishga ega”, – degan nazariy xulosaga keladi.10 Tilshunoslikda matnga berilgan juda ko‘p va xilma-xil ta’riflarning deyarli barchasida bog‘lanishlilik va yahlitlik belgisi y yoki bu tarzda o‘z ifodasini topgan.
Inson tirikligi va mavjudligining muhim belgisi bо‘lgan til insoniyat jamoa bо‘lib yashay boshlagan paytlaridan to hozirgacha о‘zining ijtimoiy vazifasini mukammal darajada ado etib kelmoqdaki, bu holatni dunyodagi har bir rivojlangan til, jumladan, о‘zbek tili misolida ham kuzatishimiz mumkin.
О‘zbek tilining shakllanishi, turkiy xalqlar va millatimiz tarixiy taraqqiyotida tutgan о‘rni keyingi asrlarda ilm ahli tomonidan chuqur о‘rganib kelinmoqda va bu tadqiqotlar til iste’molda bо‘lishining oliy namunasi bо‘lgan badiiy til muammolarini ham qamrab olgan.
Ushbu muammo о‘zbek filologiyasi fanida о‘tgan asrning boshlarida kun tartibiga qо‘yilgan edi. Masalan, Abdurauf Fitratning “Tilimiz” (1919), “Yopishmagan gajaklar” (1924), “Adabiyot qoidalari” (1926); Chо‘lponning “Adabiyot nadur?”, “Tilimizning ishlanishi” (1923) nomli maqolalarida badiiy asar tiliga doir fikrlar bayon qilinganligini eslaylik. 1933-1934 yillarda “Adabiy gazeta” sahifasida badiiy asar tili haqida uyushtirilgan munozarada I.Sulton, R.Majidiy, M.Hakim singari о‘zbek olimlarining ishtiroki, Oybekning “О‘zbek poeziyasida til” (1934) maqolasi, “Abdulla Qodiriyning ijodiy yо‘li” (1936) nomli risolalari muhim ahamiyat kasb etgan.
XX asrning 40-yillaridan e’tiboran badiiy adabiyot tili masalalariga alohida e’tibor berila boshlandi. Bunday jiddiy kuzatishlar A.G‘ulomovning “Badiiy adabiyotning tili haqida” va “Badiiy asar tilidagi ba’zi kamchiliklar haqida” nomli maqolalari bilan boshlangan, deyish mumkin.
Shundan sо‘ng Sh.Shoabdurahmonov tomonidan “Ravshan” dostonining badiiy tili haqida” (1949) yozilgan nomzodlik dissertatsiyasi, A.Shomaqsudovning Muqimiy asarlari tiliga doir kuzatishlar (1953) bu boradagi tadqiqotlar kо‘lamining kengayib borishiga sabab bо‘ldi. Keyinchalik X.Doniyorov va A.Ashrapov, R.Qо‘ng‘urov, M.Pо‘latov va M.Husainovlarning maqolalari paydo bо‘ldi.
Sobiq Ittifoq davrida 1950-60 yillarda “Adabiy gazeta” sahifalarida, “Adabiyotshunoslik masalalari” va “Tilshunoslik muammolari” jurnallarida badiiy asar tilini о‘rganish masalalariga bag‘ishlab uyushtirilgan, “Adabiy gazeta” da badiiy adabiyot stilistikasiga bag‘ishlangan bahs va munozaralar bu yо‘nalishdagi tadqiqotlar kо‘lamining kengayishiga sabab bо‘ldi. Keyinchalik xuddi shu mavzudagi bahslar 1985 yildan e’tiboran “Sharq yulduzi” jurnalida ham tashkil etildi va “О‘zbek tili va adabiyoti”, “Sovet maktabi” jurnallarida davom ettirildi.
Ushbu ishlarga va undan keyingi yillarda badiiy til muammolariga bag‘ishlangan tadqiqotlarga bildirilgan munosabatlar va о‘rni bilan berilgan sharhlar bizni takrordan qutqaradi.
Badiiy adabiyot tilini о‘rganishga bag‘ishlangan ushbu kuzatishlarning ma’lum qismi alohida olingan shoir va yozuvchilarning tili tadqiqiga bag‘ishlanganligi bilan e’tiborga molikdir. Bu tadqiqotlarda ikki yо‘nalish kuzatiladi. Doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari shaklida olib borilgan tadqiqotlarning birinchi yо‘nalishida ijodkorlar asarlaridan ular yashagan davr tilini о‘rganishda material sifatida foydalanganlik kо‘zga tashlanadi. Xalq og‘zaki ijodining ayrim namunalari yoki О‘zbekiston jumhuriyatida paydo bо‘lgan ilk vaqtli matbuot materiallari tadqiqi ham bunga dalil bо‘la oladi. Badiiy adabiyot namunalarini lingvostilistik aspektda о‘rganish, ijodkorlarning individual tili va uslubini tadqiq etish ikkinchi yо‘nalishni tashkil etadi. Shubhasiz, bizga mavzu nuqtai nazaridan ikkinchi yо‘nalishda olib borilgan ishlar muhim hisoblanadi. Individual til va uslub nuqtai nazaridan olib borilgan ishlar asosan nomzodlik dissertatsiyasi darajasida bо‘lgan va hali о‘zbek tilshunosligida ijodkor uslubini til aspektida о‘rganishda yetarli tajriba tо‘planmagan va nazariy qarashlar mukammallashmagan, tadqiqot metodlari aniq belgilab olinmagan bir davrda amalga oshirildi. Shuning uchun ularning aksariyatida ijodkor individual uslubini yoki alohida olingan asar uslubini belgilashda til materialiga asoslanishdan kо‘ra tahlilda adabiyotshunoslik mezonlariga tayanib ish kо‘rilganligi sezilib turadi.
О‘tgan asrning 70-80-yillaridan e’tiboran о‘zbek tilshunosligida badiiy asar matnini lingvopoetik nuqtai nazardan о‘rganishga alohida e’tibor qaratila boshladi va bunda N.Mahmudovning Oybek she’riyati va Abdulla Qahhor hikoyalarining lingvopoetikasi tahlil etilgan ishlari shular jumlasidandir. Olimning «Oybekning о‘xshashsiz о‘xshatishlari» maqolasida she’r poetikasi uchun ham alohida ahamiyatli bо‘lgan, shoirga turli narsa-hodisa, murakkab holat va shu kabilarning behad ixcham tasvirlarini, yorqin obrazlarini yaratishda ishtirok etadigan muayyan til vositalari tahlil qilingan. Abdulla Qahhor hikoyalarining lingvopoetikasi tahlil qilingan ikkinchi maqolada olim adib uslubiga xos bо‘lgan original til birliklariga e’tiborimizni tortadi. Ijodkor qalamida ona tilimizdagi har qanday lingvistik birlik kutilmagan poetik vositaga aylanishi mumkinligini mana shu maqoladagi tahlillar misolida aniq his etamiz».
A.Shomaqsudov, X.Doniyorov, I.Qо‘chqortoyev, R.Qо‘ng‘urov, E.Begmatov, M.Mukarramov, X.Nazarova, M.Sodiqova, B.Bafoyev, B.О‘rinboyev, Q.Samadov, S.Tо‘rabekova, B.Yо‘ldoshev, L.Abdullayeva, B.Umurqulov, S.Karimov kabi olimlarning о‘zbek tili stilistikasining nazariy masalalari bilan shug‘ullanishi, funksional stilistikaning keng kо‘lamda tadqiq etilishi, ayrim stilistik kategoriyalarning chuqur о‘rganilishi badiiy adabiyot tilini, xususan, alohida olingan shoir va yozuvchilar tilini tadqiq etishni ham yangi bosqichga kо‘tardi.
Muammolarni tadqiq etish jarayoni matn strukturasini о‘rganishning hozirgi bosqichida matn lingvistikasi, pragmalingvistika, lingvostilistika, lingvopoetika va kognitiv tilshunoslik singari sohalari rivojlanib borayotgan bir sharoitda kechmoqda.
Binobarin, о‘zbek milliy badiiy tafakkurining tobora yuksalib borayotgani, olamni idrok etishning asosiy tayanchi bо‘lgan til materialiga kognitiv yondashuv tilning emotsional-ekspressiv tabiatini yanada chuqurroq his etish va bunda til iste’molchilarining yuqori pog‘onasidan о‘rin egallagan badiiy ijod sohiblari uslubini va ular yaratgan ijod mahsulining til materialini badiiy-estetik talablar nuqtai nazaridan tadqiq etish vazifasini kun tartibiga qо‘ymoqda.
Mustaqillik yillarida о‘zbek badiiy matni muammolariga, xususan uning lingvopoetikasi masalalariga bag‘ishlangan bir necha dissertatsiyalar himoya qilindi, monografiyalar nashr etildi. I.Mirzayevning “She’riy matnni lingvopoetik talqin qilish muammolari”, S.Karimovning “О‘zbek tilining badiiy uslubi”, M.Yoqubbekovaning “О‘zbek xalq qо‘shiqlarining lingvopoetik xususiyatlari”, M.Yо‘ldoshevning “Badiiy matnning lingvopoetik tadqiqi” nomli doktorlik dissertatsiyalari, M.Yо‘ldoshevning “Chо‘lponning badiiy til mahorati”, G.Muhammadjonovaning “80-yillar oxiri 90-yillar boshlari о‘zbek she’riyatining lingvopoetik tadqiqi”, D.Shodiyevaning “Muhammad Yusuf she’riyati lingvopoetikasi”, Sh.Haydarovning “Badiiy matnda parsellyativ konstruksiyalarning qо‘llanilishi”, D.Jamolidinovaning “Badiiy nutqda parantez birliklarning semantik-grammatik va lingvopoetik xususiyatlari”, F.Ibragimovaning “Badiiy matnda ellipsis va antiellipsis” nomli nomzodlik dissertatsiyalari, M.Muhiddinov va S.Karimovlarning “G‘afur G‘ulomning poetik mahorati”, B.Yо‘ldoshev, Z.Shodiyevlarning “Ufq” trilogiyasining lingvopoetik tadqiqi masalalari” monografiyalari shular jumlasidandir.
Darhaqiqat, о‘zbek xalqining tarixiy yutug‘i bо‘lgan о‘z mustaqilligini qо‘lga kiritishi bu xalqning tilini о‘rganishda ham inqilob yasadi. Jumladan, о‘zbek tili stilistikasi yuzasidan olib borilgan keng kо‘lamli kuzatishlar badiiy matnlarni tadqiq etishni yangi pog‘onaga olib chiqdi. Endi badiiy matn tahlili jahon tilshunoslik va adabiyotshunoslik ilmi andozalariga mos keladigan talablar asosida olib boriladigan bо‘ldi. Ilmiy kuzatishlarning bu bosqichida lingvopoetik tadqiqotlar badiiy matn bilan shug‘ullanuvchi olimlarning diqqat markaziga kо‘chdi.
О‘z navbatida, lingvopoetik kuzatishlarning о‘z tadqiq metodlari shakllandi va badiiy matn tahlilida antropotsentrik nazariyaga tayanishning hamda ona tili materialiga kognitiv va lingvokulturologik yondashuvlarning ta’siri sezilarli bо‘lmoqda. Shuningdek, kompyuter texnologiyalari rivoji natijasida matn tadqiqiga yangi lingvostatistik metodlarning tatbiq etila boshlagani ham ijodkor idiostilini aniqlashda muayyan qulayliklarni yaratmoqda va bu boradagi kuzatishlarni yangi pog‘onaga olib chiqmoqda. I.Mirzayev, M.Yо‘ldoshev, G.Muhammadjonova, Sh.Shodiyeva, G.Jumanazarova va M.Qosimovalarning tadqiqotlarida ana shu jihatlar yaqqol kuzatiladi.
I.Mirzayevning «She’riy matnni lingvopoetik talqin qilish muammolari» nomli doktorlik dissertatsiyasi о‘zbek tilshunosligida mazkur yо‘nalishdagi dastlabki yirik ishlardan biridir. Dissertatsiyadagi lingvopoetik kuzatishlar obyekti sifatida she’riy nutq olingan. Unda G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya, Asqar Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon, Usmon Azim singari о‘zbek ijodkorlari asarlari matni lingvopoetik nuqtai-nazardan tadqiq etilgan. Bu ishda olim о‘zbek she’riyatining о‘ziga xos xususiyatlarini о‘rganar ekan, unga ijodkorning badiiy mahoratini aniqlash nuqtai nazaridan yondashadi.
Shuningdek, I.Mirzayevning “Qofiya mazmuni shakllanishining leksik morfologik vositalari”, “Lingvistik poetika va uning filologik tahlildagi о‘rni”, “Lingvopoetik tahlil filolog-ijodiy tafakkur sohibini tayyorlashning birlamchi omili ekanligi haqida”, “Lingvopoetika: yuzaga kelishi, muammo va yechimlari” asarlari ham bevosita ushbu mavzuga bag‘ishlangan.
Ta’kidlaganimizdek, о‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligida badiiy asar tili va uslubiy xususiyatlarini о‘rganish о‘tgan asrda boshlangan bо‘lsa ham, uni lingvopoetik planda о‘rganish hali jiddiy kun tartibiga qо‘yilmagan edi. Bu ishga M.Yо‘ldoshev birinchilardan bо‘lib qо‘l urdi hamda “Badiiy matnning lingvopoetik tadqiqi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yozdi va “Badiiy matn lingvopoetikasi” (Toshkent, 2008) nomli monografiyasini e’lon qildi.
Ushbu tadqiqot о‘zbek filologiyasida lingvopoetik tadqiqotlarga keng yо‘l ochib bergan metodologik yо‘llanma bо‘ldi. Shu paytga qadar jahon va rus tilshunosligi va adabiyotshunosligida mavzuga oid yuzaga kelgan asarlar tо‘g‘risida qisman, о‘zbek filologiyasidagi asarlar yuzasidan esa atroflicha berilgan ma’lumotlar va amalga oshirilgan tahlillar shunday deyishimizga asos bо‘la oladi.
A.G‘ulomov fikr tugalligining nisbiy ekanligini, asarda mazmun to‘liqligi butun matndan anglashilishini ta’kidlab, uch abzatsdan tashkil topgan yaxlit matnni misol qilib keltiradi va undan kelib chiqib, quyidagilarni yozadi:
1. Fikr bayon qilish gap (sodda gap va qo‘shma gap) doirasi bilangina chegaralanmaydi. To‘liq fikrni, odatda, gapdan yirik bo‘lgan sintaktik butunlik beradi. Gap bu butunlik sostavida uning bir komponenti sanaladi.
2. Bu komponent shu butunlikdagi boshqa komponentlar bilan har jihatdan (mazmun, grammatik) turli vositalar orqali bog‘langan bo‘ladi. Uning o‘z kompozitsiyasi va stilistik xususiyatlari saqlangan bo‘ladi.
3. Sodda gap butunlik sostavida Ma’lum sharoitlarda o‘zicha bir abzatsni tashkil qilishi mumkin...
4. Bunday sintaktik butunlik, sintaktik konstruktsiya tekst sanaladi. Ayrim - uzuq gap nisbiy tugal fikrni ifodalaydi, tekst butun bir kompleksning mundarijasini bildiradi.
5. Tekst bir butunlik bo‘lganligidan, u o‘z mundarijasiga mos keladigan ayrim sarlavhalarga ega bo‘lishi ham mumkin. Tekst ayrim segmentlarga – qismlarga (ayrim parchalarga, abzatslarga, gaplarga) bo‘linadi). Demak, tilning aloqa-aralashuv vositasi ekanligini tekst yana ham aniq ko‘rsatadi. Nutq tekst tuzishda namoyon bo‘ladi.
6. Tekst – yirik nutq parchasi, abzats esa tekstning bo‘lagi. Tekstning hamma ko‘rinishlari (maksimal tekst va minimal tekst) Ma’lum bir temani (mundarijani) tugal ifodalaydi. Demak, u – yuqori darajadagi sintaktik birlik.11
Tekstning bu xususiyatlarini hisobga olib, ba’zi tekshiruvchilar uni lingvistikaning mustaqil bir sohasi sifatida (tekst grammatikasi, tekst lingvistikasi kabi nomlar bilan) ajratishni zarur deb biladilar. Ba’zilar esa uni tekst sintaksisi deb atab (so‘z birikmasi sintaksisi, sodda gap sintaksisi kabi), gap sintaksisining davomi sifatida qarab, bu bilan sintaksis terminining mazmunini kengaytirishni, asosiy sintaktik birlik sifatida gapdan ko‘ra katta sintaktik butunlik deb qarash kerakligini ta’kidlaydilar: bunda sintaksisning yuqori chegarasi qo‘shma gap sintaksisi emas, balki tekst sintaksisi bo‘ladi. Tekshiruvchilarning ko‘pchiligi bu sohani birinchi qarash bo‘yicha yoritmoqdalar. 12
M.To‘xsonov o‘zining nomzodlik dissertatsiyasida makromatn va mikromatnni farqlagan holda o‘zbek tilidagi mikromatn tarkibidagi unsurlarni bog‘lovchi vositalar sistemasini tadqiq etgan. 13
O‘zbek tilshunosligida matn lingvistikasi bo‘yicha umumlashtiruvchi, ta’limiy xarakterdagi ilk ishlardan biri A.Mamajonov tomonidan yaratilgan. Uning filologtalabalar uchun mo‘ljallangan “Tekst lingvistikasi” nomli maxsus kursida matn haqidagi ilmiy qarashlar tahlil etilgan, matn tushunchasining mohiyati, tiplari va birliklari, bu birliklarning bog‘lanishi va bog‘lovchi vositalari, matn birliklariaro sinonimiya, sintaktikstilistik figuralar kabi masalalar bayon qilingan. 14 Keyinroq shogirdi M.Abdupattoyev bilan hamkorlikda nashr ettirgan “Matn sintaksisi” nomli o‘quv qo‘llanmasida matnning struktur-semantik va stilistik jihatlari, matn birliklaridagi tema-rematik munosabat atroflicha tahlil qilingan, tegishli xulosalar umumlashtirilgan. 15
N.Turniyozovning “Matn lingvistikasi” nomli qo‘llanmasi ham ana shunday ta’limiy xarakterdagi ishlardan bo‘lib, unda tegishli o‘quv rejasiga muvofiq matn haqida umumiy ma’lumot, mikro va makromatn tushunchalari, matn uzvlari orasidagi turli munosabatlar kabi ilmiy mavzular bo‘yicha ma’lumotlar berilgan.16 Matn muammolari bilan jiddiy shug‘ullangan o‘zbek tilshunoslaridan yana biri M. Hakimovdir. U asosiy maqsadi “ilmiy matn va uning birliklari orasidagi mazmuniy munosabatni ifoda etuvchi bog‘lovchilar, ularning o‘ziga xos xususiyatlari va vazifalarini aniqlashga yo‘naltirilgan ishlarga hissa qo‘shish, ilmiy matnda muallifning xususiy munosabati hamda uning turlarini belgilash” dan iborat bo‘lgan nomzodlik dissertatsiyasida o‘zbek ilmiy matnining sintagmatik va pragmatik xususiyatlarini boy faktik materiallari asosida batafsil tadqiq etgan.17
O‘zbek tilshunosligida matn masalasining u yoki bu jihati tadqiqiga daxldor bir qator ilmiy maqolalar ham e’lon qilindi.18 Bugungi kunga kelib matnni o‘rganishning yigirmadan ortiq usullari, metodlari ishab chiqilgan va ular tilshunoslik fanida keng qo‘llanmoqda. Ulardan biri o‘zbekcha matnlarni statistik usulda o‘rganishdir. Matnni o‘rganishning bu usuli haqida M.Yo‘ldoshevning “Matnni o‘rganishning lingvostatistik metodlari” uslubiy qo‘llanmasida izchil fikrlar bildirilgan bo‘lib, unda turli vazifaviy uslubdagi matnlarni statistik metodlar asosida o‘rganish usullari, ko‘rinishlari, chastotali lug‘atlar va ularni yaratish tamoyillari bayon qilingan.19Matnni o‘rganishning lingvostatistik metodlarini tahlil va tatbiq qilish ham matn lingvistikasining dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Bu borada samarqandlik olimlar S.Karimov, M.Yo‘ldoshev, D.O‘rinboyevalarning tadqiqotlari e’tiborga sazovor.
Tilshunoslikda matnni psixolingvistik jihatdan o‘rganish ham o‘ziga xos tarixiga ega. Ayniqsa, tilshunoslar I.Lisakova, A.A.Leontyev, N.S.Evchik, A.Shtern, T.A.Drozdovalarning bu boradagi tadqiqotlari diqqatga sazovor. Bu yo‘nalishdagi ishlarda matnning yaralishi va tushunilishi (pertseptsiyasi) bilan bog‘liq jarayonlar, ya’ni inson psixologiyasi va matn yaratish qobiliyati o‘rtasidagi bog‘liqligi masalalari ko‘rib chiqiladi.20
O‘zbek tilshunosligida ham bu yo‘nalishda ishlar yuzaga kelmoqda. Xususan, I.Azimovaning nomzodlik dissertatsiyasida psixolingvistikadagi matnning mazmuniy pertseptsiyasiga oid umumnazariy qarashlar sharhi berilgan, matnni tushunishga ta’sir etuvchi lingvistik va ekstralingvistik omillarni psixolingvistik tajribalar asosida tadqiq etilib, matnni tushunish jarayonining darajalari ko‘rsatilgan, shuningdek, ishda matnning mazmuniy pertseptsiyasidagi birliklar aniqlanib, ularning formal-semantik xususiyatlari tahlil qilingan. 21
Matn lingvistikasining yana bir muhim tarmog‘i – badiiy matnni tadqiq qilish yo‘nalishi ham, aytish mumkinki, o‘zbek tilshunosligida yuqori darajada taraqqiy qilgan. Bu yo‘nalishda M.Yo‘ldoshev badiiy matnni lingvopoetik tahlil qilishga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Mazkur doktorlik ishida badiiy matnda tilning estetik vazifasining namoyon bo‘lish tarzi o‘zbek adabiyotining eng sara asarlari misolida tahlil qilingan, badiiy matnning mazmuniy turlari hamda intertekstuallik muammosi faktik materiallar asosida tasnif va tavsif qilingan, badiiy matnni lingvopoetik tahlili tamoyillari ishalb chiqilgan, shuningdek, badiiy matnning shakllanish tarzi va unda ishtirok etuvchi lisoniy omillar o‘rganilib, badiiy matnda fonografik, leksik, morfologik va sintaktik vositalarning poetik aktuallashish mexanizmlari tadqiq etilgan. 22
S.Boymirzayevaning doktorlik ishi matn hodisasi mazmuniy tuzilishining kognitiv mohiyatini monografik tadqiq qilishga bag‘ishlangan. Ishda matn hodisasining kommunikativ-pragmatik xususiyatlarini tadqiq etilgan, uning mazmunini shakllantirishga xizmat qiluvchi modallik va temporallik kategoriyalarining matn mohiyati bilan uzviy aloqadorligi ko‘rsatib berilgan hamda matn mazmuni shakllanishining ijtimoiy hodisa ekanligi, uning muallif va retsipient ishtirokida kechadigan lisoniy kognitiv faoliyat mahsuli ekanligi ochib berilgan.23
Sh.Turniyazovaning nomzodlik ishi matn shakllanishining derivatsion xususiyatlari tadqiqiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mikromatn va uning turlari haqida mulohaza bildirilib, unda oddiy grafema (nutqda tovush), so‘z va so‘z birikmalari ham matn maqomida kelishi mumkinligi dalillangan, mikro va makromatnlar voqelanishining derivatsion xususiyatlari ilmiy talqini berilgan, matn komponentlarining va umumiy matn strukturasining derivatsion xususiyatlari yoritildi va bunda derivatsiya operatori vazifasida keluvchi semantik omil hamda leksik vositalar, matn komponentlarining pog‘onali munosabati xususida fikrlar bildirilgan.24
Sh.Haydarovning “Badiiy matnda partsellyativ konstruktsiyalarning qo‘llanilishi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi ham matn lingvistikasining tarkibiy qismi, o‘rganish obyektlaridan biri bo‘lgan partsellyativ konstruktsiyalar tadqiqiga bag‘ishlangan.25 Ishda partsellyativ konstruktsiyalar badiiy matn materiallari asosida lingvopoetik tadqiq qilingan, partsellyativ konstruktsiyalarning mohiyati, ularning ilova va boshqa konstruktsiyalardan farqli belgilari badiiy matndan olingan misollar asosida izohlanib, partsellyativ konstruktsiyalarning og‘zaki va badiiy nutqqa xoslanishi, ularning o‘ziga xos tomonlari tahlil etilgan hamda partsellyativ konstruktsiyalarning voqelanishiga ko‘ra tasnifi ishlab chiqilib, partsellyativ konstruktsiyalar grammatik va lingvopoetik jihatdan tavsiflangan. Ko‘rinadiki, matn lingvistikasi yuzasidan turli yo‘nalish va aspektlarda tadqiqotlar olib borilgan va olib borilmoqda.



Yüklə 119,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə