Materiklar va okeanlar tabiiy geografiyasi



Yüklə 195,84 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə2/14
tarix01.04.2023
ölçüsü195,84 Kb.
#103921
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14
U0gjsWwhcR89AxfYTg4E1SkYaq6ruXSzh5lBurfF

Geologik tuzilishi. 
Materikning sharqiy katta qismi platformali geologik 
strukturadan, shimoliy va g‘arbiy chekka qismlari vertikal tektonik harakatlar 
natijasida vujudga kelgan geosinklinal hududdan iborat. Platformaning shimoliy 
katta qismi eng qadimiy, arxey va proterazoy eralarining kristall jinslaridan tarkib 
topgan. Platformaning janubiy kichikroq qismi gersin bosqichida shakllangan. 
Shuning uchun Janubiy Amerika hududining aksariyat qismini poydevorini tashkil 
etuvchi yirik platforma shakllanish tarixiga va yoshiga ko‘ra ikkiga: arxey va 
proterozoy burmalangan zamindagi Gviana-Braziliya (Janubiy Amerika) 
platformasiga va gersin burmalanish davrida vujudga kelgan Patagoniya 
platformasiga bo‘linadi.
 
Gviana-Braziliya platformasi Patagoniya platformasiga nisbatan juda katta 
maydonni egallab olgan. Uning hududi turli davrlarda vujudga kelgan xilma-xil 
jinslardan tarkib topgan. Eng qadimiy kembriydan avval hosil bo‘lgan granit va 
gneyslar platformaning burmalangan va murakkab geologik strukturaga ega bo‘lgan 
zaminini tashkil etadi. Platformaning usti paleozoy, mezozoy va kaynozoy eralarida 
hosil bo‘lgan yoshroq jinslar bilan qoplangan. Bu jinslarning qalinligi qadimgi 
poydevor yuzasining relef tuzilishiga bog‘liq. 
Gviana-Braziliya platformasining botiq zaminida asosan sinklinal tektonik 
strukturalar va ko‘tarilib turgan zaminida antiklinal tektonik strukturalar-qalqonlar 
vujudga kelgan. Binobarin, sinklinal zonalarda akkumulyativ jarayon yetakchi o‘rin 
egallasa, antiklinal zonalarda denudatsiya jarayoni faol davom etadi. Shuning uchun 


botiqlarda cho‘kindi jinslarning qalinligi minglab metrlar bilan o‘lchansa, 
qalqonlarda va anteklizalarda o‘nlab va yuzlab metrlar bilan o‘lchanadi. Bu jinslar 
ko‘pchilik holatlarda gorizontal ravishda joylashgan bo‘lib, ular kam burmalangan. 
Gviana-Braziliya platformasi tarkibida asosan ikkita qalqon-Gviana va Braziliya 
qalqonlari mavjud bo‘lib, ular bir-biridan Amazoniya botig‘i orqali ajralib turadi. 
Geologlarning ilmiy faraziga ko‘ra Janubiy Amerika platformasining 
rivojlanish tarixi Afrika, Avstraliya, Antarktida va Janubiy Osiyo platformalarining 
rivojlanish tarixi bilan uzviy bog‘liq. Chunki janubiy yarim shardagi ulkan 
Gondvana materigi paleozoy erasi davomida yaxlit holda mavjud bo‘lib, yuqorida 
nomlari aytilgan materiklar uning tarkibiy qismini tashkil etgan. 
Kembriyda Amazoniya pasttekisligi o‘rnida juda katta bukilma hosil bo‘ladi. 
Keinchalik bu bukilma janubga Paragvay havzasi tomon cho‘zilib boradi. Natijada 
devon davriga kelib bu bukilmalar dengiz tagida qolib, yirik suv havzasi vujudga 
keladi. Karbon (toshko‘mir) davriga kelib dengizlarning maydoni ancha qisqaradi. 
Gersin bosqichida kembriydan oldin hosil bo‘lgan platforma zaminida, 
Braziliya qalqonining janubiy qismida magmalarning otilib chiqishi sodir bo‘ladi. 
Gersin orogenezi And geosinklinal zonasining sharqiy qismida, platformaga yaqin 
joylarda ham namoyon bo‘ladi. Materikning janubiy qismida gersin burmalanishi 
davrida Patagoniya platformasi vujudga keladi. 
Mezozoyning boshlariga kelib, trias davrida Atlantika okeanining hozirgi 
janubiy qismida katta bukilma hosil bo‘ladi. Ana shundan boshlab Gondvana 
quruqligi parchalanib, boshqa-boshqa materiklarga bo‘linib ketadi. 
Braziliya yassi tog‘ligining markaziy qismida kristalli zamin juda pastda 
yotadi. Bu uchastka qalqonning ichki qismidagi cho‘kma bo‘lib, u platformaning 
qadimgi burmalanishi natijasida hosil bo‘lgan. Cho‘kmaning yuzasi gorizontal 
joylashgan va yuqori ko‘tarilgan katta qalinlikdagi mezozoy yotqiziqlari bilan 
qoplangan. 
Janubiy Amerika platformasida paleozoyda hosil bo‘lgan tog‘larning butun 
mezozoy erasi davomida yemirilishi tufayli katta miqdorda kontinental yotqiziqlar 
to‘planadi. Ular bukilgan zonalarni asta-sekin to‘ldira borib, botiqlardagi suv 
havzalarini quruqlikka aylantiradi. 
Materikning shimoliy va g‘arbiy chekka qismida joylashgan And 
geosinklinal zonasi Janubiy Amerikaning eng yosh va seysmik jihatdan harakatchan 
hududi hisoblanadi. Bu yerda tog‘ hosil bo‘lish jarayoni quyi bo‘r davridan 
boshlangan va dastlab g‘arbiy rayonlarda sodir bo‘lgan. Mezozoy burmalanish 
bosqichi And geosinklinal zonasida vertikal harakatlar, vulkanlarning otilishi, 
yoriqlarning vatog‘ oralig‘i cho‘kmalarining hosil bo‘lishi bir muncha shiddat bilan 
davom etadi. Paleogen davrida tog‘ burmalanish jarayoni geosinklinal zonaning 


sharqiy qismiga ham tarqaladi. Neogenning oxirida Qirg‘oq Kordileralari hosil 
bo‘ladi, ikki materik Shimoliy va Janubiy Amerika bir-biri bilan uzil-kesil tutashadi. 
Mezozoy va alp tog‘ hosil bo‘lish jarayonlari natijasida Janubiy 
Amerikaning faqatgina g‘arbiy qismidagi geosinklinal zonada tog‘ tizmalari hosil 
bo‘lib qolmasdan, balki platformaning chekka qismlarida ham ko‘tarilmalar vujudga 
keladi. Natijada kembriygacha bo‘lgan va paleozoydagi geologik qurilmalarning 
ayrim uchastkalari o‘z ko‘rinishini va balandlik shakllarini o‘zgartirib And tog‘ 
tizmasiga qo‘shilib ketgan. 
Neogen va to‘rtlamchi davrning boshlarida And tog‘ tizimining barcha 
hududida differensiyalashgan shiddatli yangi tektonik harakatlar yuz berdi. Bu 
zonada geosinklinallarning o‘zaro tutashishi bilan bir vaqtda alp burmalanishida 
paydo bo‘lgan tog‘larning juda katta balandlikka ko‘tarilishi ham kuzatilgan. 
Materikning alp burmalanish zonasi sharqiy platformali zonaga nisbatan seysmik 
harakatchanligi va hozirgi zamon so‘nmagan vulkanlarining keng tarqalganligi bilan 
farq qiladi. 
And tog‘ tizimi tektonik mintaqasining materikdan tashqaridagi Tinch okean 
qismi Peru va Chili chuqur botiqlari hozir ham geosinklinal rivojlanishda bo‘lib, ular 
kuchli ravishda davom etayotgan cho‘kish xususiyatiga ega. Shunga paralel ravishda 
bu zonada materikdan kelib tushayotgan cho‘kindi jinslarning to‘planib borish 
jarayoni ham davom etmoqda. 
And tog‘ tizimi mintaqasida yangi tektonik harakatlar hozirgi kunda ham o‘z 
faoliyatini susaytirgan emas. Bu esa tog‘ hosil bo‘lish jarayonining davom 
etayotganligidan darak beradi. And tizimida sungan va harakatdagi vulkanlar keng 
tarqalgan. Vulkanlarning ko‘pchiligi Kolumbiya va Ekvador And tog‘larida, 
Markaziy Andda va Chilining o‘rta qismidagi And tog‘larida joylashgan. Yuz 
beradigan eng kuchli va dahshatli zilzilalar ham shu regionlar bilan chambarchas 
bog‘liq. Eng kuchli tektonik harakatlar va yer qimirlashlar har 10-15 yilda 
takrorlanib turadi. Jumladan, 1960-yilda Chilida, 1970-yilda Peruda va 1985-yilda 
And tog‘larining boshqa regionlarida dahshatli zilzilalar bo‘lib o‘tgan. 
Janubiy Amerika yer yuzasining tuzilishi Shimoliy Amerikaning orografik 
tuzilishiga o‘xshab ketadi. Materikning eng chekka g‘arbiy va shimoliy qismida 
qirg‘oq bo‘ylab 9000 km masofaga cho‘zilgan And tog‘ tizimi joylashgan. Uning 
Atlantika okeani sohillariga yaqin joylashgan sharqiy qismini Gviana, Braziliya va 
Patagoniya yassi tog‘liklari egallab olgan. Janubiy Amerikaning 45% ga yaqin 
xududi Amazonka, Orinoko, Markaziy (Ichki). Gviana kabi pasttekisliklardan 
tashkil topgan. 
Materikning hozirgi relef shakllarining hosil bo‘lishida yangi tektonik 
harakatlarning roli nihoyatda katta. Yangi tektonik harakatlar materikning 
geosinklinal g‘arbiy tog‘lik mintaqasiga kuchli ta’sir etib qolmasdan balki unga 


nisbatan tinchroq bo‘lgan sharqiy tekislik va yassi tog‘lik mintaqasiga ham o‘z 
ta’sirini ko‘rsatgan. Natijada turli xil morfologik strukturalarga ega bo‘lgan yirik 
relef shakllari vujudga kelgan. 
Janubiy Amerika taraqqiyot tarixi geotektonik strukturasiga ko‘ra ikkita 
yirik qismga: 1) platformali strukturadan tarkib topgan Andsiz Sharqqa va
2) geosinklinal mintaqadan tashkil topgan Andli G‘arbga bo‘linadi. Har ikkala 
geotektonik yirik region relef shakllarining vujudga kelish tarixiga va hozirgi relef 
xususiyatlariga ko‘ra bir qator morfostruktura oblastlarga bo‘linadi. 
Andsiz Sharq Janubiy Amerika va Patagoniya platformalarining 
geostrukturasiga va hozirgi relef shakllariga mos keladigan antekliza va sinekliza 
morfostruktura oblastlaridan tarkib topgan. Janubiy Amerika platformasining 
antekliza va sinekliza morfostruktura oblastlari Gviana va Braziliya yassi 
tog‘liklaridan iborat. 

Yüklə 195,84 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə