Nutqiy akt nazariyaSI


-§. Nutqiy akt nazariyasining klassik talqini



Yüklə 372,33 Kb.
səhifə2/17
tarix24.12.2023
ölçüsü372,33 Kb.
#159276
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
hakimov nutqiy akt

2-§. Nutqiy akt nazariyasining klassik talqini

Nutqiy akt nazariyasining klassik asoschilaridan biri Dj.Ostindir. U Uilpyam Djems xotirasiga bag‘ishlab o‘qigan ma’ruzalarida nutqiy akt nazariyasi xususidagi o‘zining dastlabki qarashlarini bayon qiladi. Uning ma’ruzalarini mazmuniy planga ko‘ra ikki yo‘nalishga ajratish mumkin. Birinchi yo‘nalish performativ ifodalarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda performativlarga xos bo‘lgan shaxsning mental holatini ifoda etuvchi feollar xususida so‘z boradi. Ikkinchi yo‘nalish esa performativ ifodalarning sintaktik xususiyatlarini ko‘rsatish vositasida nutqiy akt nazariyasini shakllantirish va ularni tasnifi xususidagi qarashlaridir.


U nutqiy aktlarni kommunikativ niyat darajasiga ko‘ra (illokutiv kuchlar asosida) besh sinfga ajratadi hamda ularni o‘zaro birini - ikkinchisiga qiyoslaydi. Bularni verdiktiv, ekzersitiv, komissiv, bexabitiv, ekspozitiv atamalari bilan nomlab, har qaysi turkumini alohida izohlaydi.5
Dj.Ostin konsepsiyasining muhim kamchiliklaridan biri uning ma’lum prinsiplar asosida tuzilmaganidir... Uning tasnifida illokutiv aktlar bilan illokutiv feollar qorishtiriladi. Ostin ko‘rsatgan juda ko‘p feollar illokutiv sanalmaydi, eng asosiysi, tasnifni boshidan oxirigacha ushlab turuvchi aniq yo‘nalishli ma’lum qoida mavjud emas6, deb ta’kidlaydi Dj.Serlp.
Z.Vendlerning ta’kidlashicha esa, garchi nutqiy akt xususidagi Dj.Ostin tasnifi qanchalik o‘ziga xos bo‘lmasin, biroq u o‘zining sintaktik xususiyatlari bilan farqlanuvchi performativlarni guruhlarga ajratadi. Uning asosiy g‘oya yoki ayrim qismlari kelgusi tadqiqotlar uchun asos bo‘lishini qayd etadi7. Bizningcha ham Dj.Ostin nutqiy aktni tasnif qilish bilan o‘z ilmiy xulosalarini to‘liq berolmagan bo‘lsa-da, biroq tilshunoslik olamida nutqiy akt nazariyasi muammosining klassik shakllariga asos soldi.
Nutqiy akt nazariyasi xususidagi Dj.Ostin qarashlarining eng muhim jihatlaridan biri ifoda semantik strukturasidan “xususiy maono munosabati” tushunchalarining ajratilishidir. Shu maonoda uning nutqiy akt nazariyasiga aloqador klassik talqini “xususiy maono” sifatida modus tushunchasiga mos keladi. Umuman, Ostin nazariyasining mohiyati, garchi u baozi noaniqliklardan iborat bo‘lsa-da, mana shunday yo‘nalishga asos solishi va birinchi bo‘lib tahlil qilinishi bilan muhimdir.
Nutqiy akt tushunchasining asosiy mohiyati Dj.R.Serlp nomi bilan uzviy bog‘liqdir. U nutqiy aktning illokutiv ko‘rinishi xususida o‘z mulohazalarini bayon qilishdan avval nutqiy akt muammolari qatoridagi baozi atamalar anglatgan tushunchalar mazmuniga to‘xtaladi. Jumladan: qoida, hukm (propozitsiya) va maono (xususiy maono) atamalarining mohiyatiga izoh beradi.
Falsafiy nuqtai nazardan so‘z maonolarining qo‘llanishi hayotiy qonun-qoidalarga muvofiq bo‘lishi zarurligi alohida ta’kidlanadi.
Hukm (propozitsiya)ning bir nutqiy vaziyatdagi turlicha talaffuzi xilma-xil mazmundagi illokutiv aktlarni yuzaga keltiradi.
Maono tushunchasini matn yoki nutq tarkibidan xususiy maono ko‘rinishlariga xos illokutiv akt sifatida ajratib olish asosida izohlaydi. So‘zlovchi matnni yoki nutqni talaffuz qilish bilan nimanidir aytishni niyat qiladi. Ana shu niyat illokutiv akt ekanligini to‘g‘ri ko‘rsatadi8. Dj.R.Serlning nutqiy akt nazariyasi xususidagi qarashlari ma’lum lisoniy mezon belgilari asosida talqin etilishi bilan ajralib turadi. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa-aralashuvning bosh lisoniy birligi sifatida illokutiv aktning ajratib olinishi bu nazariyaning muhim jihati hisoblanadi. U Ostin nazariyasi va tasnifini tahlil qilar ekan, bu nazariyaning ma’lum lingvistik mezonlarga asoslanmaganligi uchun ko‘p o‘rinlari amaliy jihatdan to‘g‘ri emasligini ko‘rsatadi.
Serlp nutqiy aktlarni tasnif qilishdan avval “illokutiv maqsad va uning natijasi bo‘lgan tushunchalar: yo‘nalishning uyg‘unlashuvi va to‘g‘rilik shartining ifodalanishini asos qilib oladi”9.
Dj.R.Serlp illokutiv aktlarning o‘zaro farqlovchi o‘n ikki lingvistik belgidan iborat mezonini ko‘rsatib, illokutiv maqsad, yo‘nalishining uyg‘unlashuvi, bayoniy psixologik holatni alohida ajratadi va bu uch tushuncha o‘n ikki lingvistik mezon mohiyatini ochish uchun xizmat qilishini aytadi. So‘zlovchining kommunikativ niyatining amalga oshishi uchun bu uch tushuncha asos bo‘ladi.
Dastlab “nutqiy akt” atamasi ko‘zga tashlanishi bilan bu o‘zi qanday tushuncha, tilshunoslikka qanday kirib keldi, bu atama qanday tushunchalarni anglatadi? deyilgan savollarning tug‘ilishi tabiiydir. Nutqiy akt tushunchasi, odamlar o‘rtasidagi aloqa-aralashuv jarayonida sodir etiluvchi o‘zaro maono aktlari munosabatining bayonidir.
Mavjud lingvistik adabiyotlarda ta’kidlanishicha ham nutqiy akt tasnifi jarayonida quyidagi lisoniy mezonlarni hisobga olish tasnifning to‘g‘ri yakunlanishi uchun asos bo‘ladi. Jumladan, nutqiy akt mohiyatini ko‘rsatib turuvchi illokutiv akt bosh lingvistik mezon sanaladi. Nutqiy aktning sodir bo‘lishida so‘zlovchi va tinglovchining o‘rni kattadir. Shu maonoda so‘zlovchi va tinglovchining psixologik holatini eotiborga olish tasnif mohiyatini to‘g‘ri ekanligini ko‘rsatadi. Shuningdek, so‘zlovchi va tinglovchi qiziqishlari munosabati ham nutqiy akt tasnifida muhim o‘rin tutadi.
Propozitsional mazmun bilan munosabat yo‘nalishining o‘zaro muvofiqlik yoki nomuvofiqligi ham nutqiy akt tasnifi uchun ma’lum qimmatga egadir. Umuman, matn semantik tuzilishi tahlilida propozitsiya, yashirin maono komponentlari tagmaono, allyuziyaning chegarasizligi kabi mazmun elementlarining hisobga olinishi nutqiy akt tasnifi uchun mezon bo‘ladi.
Nutqiy akt nazariyasi asoschilaridan yana biri yirik tilshunos olim Z.Vendlerdir. U ham o‘zining qator tadqiqotlarida nutqiy akt nazariyasi xususida o‘z mulohazalarini bildiradi. Z.Vendlerning eng asosiy qarashlaridan biri “illokutiv o‘z-o‘zini yo‘q qilish” (“illokutivnoe samoubiystvo”) tushunchasi haqidagi mulohazalaridir.
Vendler o‘z asarlarida Dj.Ostinning nutqiy akt nazariyasi xususidagi g‘oyalarini shakllantirish bilan birga unga ma’lum o‘zgartirishlar kiritadi.
Vendler nazariyasining shu xil tomonlaridan biri, “so‘zlash jarayoniga xos ifodaning “kuchsiz” mazmunga ega bo‘lishidir. So‘zlovchi ma’lum illokutiv aktni namoyon etishni niyat qilmagan holda biror so‘z, jumla, tez aytishni talaffuz qilishi mumkin”10.
Z.Vendler Ostin tasnifini tahlil qilar ekan, so‘zlovchi nimadir haqida xabar bersa, nimadir haqida gapirib turib maqtansa, qo‘rqitsa, haqorat qilsa, bu haqiqiy performativ sanalishini ko‘rsatadi. Asossiz gapirish bilan biror narsani xabar qilish yoki “Men undayman” , “Men qo‘rqitaman” deyish bilan illokutiv maqsadni ifoda etib bo‘lmasligini aytadi. “Nutqiy aktning illokutiv shakli tinglovchini mental holatga keltiruvchi so‘zlovchining niyatidir. Masalan: “Men o‘sha yerda bo‘laman” jumlasi bilan men sizni bunga ishonishingizni xohlayman, shu asosda tasdiq nutqiy aktni sodir etaman. Agar bundan tashqari mening so‘zlarimga ishonsangiz, bu vaoda akti hisoblanadi. Agar mening niyatim sizni qaysidir jihatga ko‘ra qo‘rqitishga asoslangan bo‘lsa, bu, albatta, ogohlantirish akti bo‘ladi. Ko‘p holatlarda mening niyatim kontekst hamda vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Agar suhbatdosh meni tushunishga amin bo‘lishni istasam, men tasdiq, vaoda, qo‘rqitmoq kabi performativlardan oshkora foydalanaman”.11 Vendlerning fikricha, illokutiv akt so‘zlovchi nazarda tutgan ichki maqsadni tinglovchi tomonidan to‘g‘ri anglashi lozim bo‘lgan mental aktdir. Bunga ko‘ra, so‘zlovchi nazarda tutgan illokutiv akt bayonini tinglovchi tasavvuri bilan o‘zaro muvofiq kelishi mental akt yoki mental holat sanaladi. Demak, so‘zlovchi illokutiv maqsadni to‘laqonli bayon etish uchun, albatta, o‘zi ta’kidlamoqchi bo‘lgan fikrni har qanday usul bilan tinglovchiga yetkazishga harakat qiladi.



Yüklə 372,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə