Eng qadimgi davrlardan milodiy VII-VIII asrlargacha) 5220200 – Tarix (Markaziy Osiyo xalqlari tarixi) ta’lim yo‘nalishi bakalavr iibosqich talabalari uchun



Yüklə 0,82 Mb.
səhifə10/12
tarix15.03.2018
ölçüsü0,82 Mb.
#31906
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12

Tayanch tushunchalar: Xeftal, eftal, Pero‘z, Vizantiya, Kunxa, Kubod, Varaxran, Bi, o‘lpon, madinat ut-tujjor.

Savol va topshiriqlar:

  1. Eftallarning nomi qaysi qabilaning nomidan olingan?

  2. Pero‘zning eftallarga yurishi oqibatlari haqida gapirib bering ?

  3. Qaysi manbalarda eftallar haqida ma’lumotlar uchraydi?

  4. Qaysi asoslarga ko‘ra, eftallarni ham ko‘chmanchi ham o‘troq aholi deyishadi?

  5. Eftallar davrida madaniyatning turli xil bo‘lishining sababi nima edi?






3.3. VI-VIII asrda Turk xoqonligi

O’quv maqsadi: Turkiy xalqlarning kelib chiqish tarixi, “Turk” so’zi­ning etimologik mazmuni, Turkiy xalqlarning migrasiyasi, Turk xo­qon­ligi davrida Markaziy Osiyo, Turk xoqonligi tashkil topishining ijtimoiy-iqti­sodiy asoslari va tarixiy shart-sharoitlari, Buyuk Turk xoqonligining bo’linishi va G’arbiy Turk xoqonligining tashkil topishi, Markaziy Osiyo tarixida turkiy xalqlarning tutgan o’rni haqida talabalarga ma’lumot berish, tarixiy davr haqida tushunchalar va ko’nikmalar hosil qilish.

Markaziy Osiyoning G’arbiy hududida joylashgan Oltoy o’lkasida VI asrga kelib mintaqa tarixida muhim o’rin tutgan Turk xoqonligi tashkil topdi. Turk manbalarida turklar bir necha nomlar bilan atalgan bo‘lsada, ular bir biriga o‘xshashdir. Masalan: xitoylar tuszyuelar, mo‘g‘ullar tyurkyutlar deb, o‘zlari esa tyurk,so‘g‘dlar va forslar turklar deb atashgan. Bu atamalarning ma’nosi haqida olimlar turli xil fikrlar bildirishadi. Turk xoqoni Bo‘min telilarni o‘ziga bo‘ysundirganidan so‘ng kuchayib, turklarning ustidan ustunlik qilib turgan jujanlarga qarshi jang qilib, ularni tor-mor qildi va Mo‘g‘uliston va Oltoyda kuchli davlat tuzdilar. Bu davlat hududining kengayishi Bo‘minning vorislaridan bo‘lgan Mug‘anxon (553-72) davriga to‘g‘ri keldi. G‘arb uchun bo‘lgan yurishlarga uning akasi Istami boshchilik qilgan edi. 555 yilda u davlatning chegarasini g‘arbiy dengizgacha (Orol dengizi bo‘lishi mumkin) kengaytirdi. Kultegin yodgorligida aytilishicha, "ular aholisini temir qopqagacha (kapek) joylashtirdi" deyiladi. Temir qopqa atamasi o‘rta asrlarda So‘g‘ddan Toharistonga elituvchi Boysun tog‘larida joylashgan tog‘ yo‘lidir. Turk xoqonligi bu o‘lkaga katta ahamiyat bergan .Chunki Taxariston eng chekachegarasidan bo‘lgan. Shuning uchun bu yerni ishonchli yabg‘ular bilan boshqargan.

Turklar ko‘shini Eron chegaralaridan g‘arbda Qora dengizgacha borib, Bosforni ham ishg‘ol qiladi va natijada Koreyadan Qora dengiz sohilla­rigacha bo‘lgan hududda turklar imperiyasi tashkil topadi. Oqibatda Xitoy turklarga qaram bo‘lib, katta soliq tulay boshlaydi, hatto o‘sha vaqtda ikki katta imperiya Eron va Vizantiya ham Turk xoqonligi oldida larzaga kela boshlaydi. Lekin ko‘p o‘tmasdan bu buyuk davlat ikkiga sharqiy va g‘arbiy xoqonlikga bo‘linadi, nihoyat 630-82 yillar oralig‘ida sharq xoqonligi tanaz­zulga yuz tutadi 7-asr oxirida Xitoy bilan bo‘lgan jangda Sharqiy xoqonlik yana o‘zini tiklab oldingi kuch qudratiga ega bo‘ladi. Bu ayniqsa Mojja davrida 691-716 yillarda bu davlat qudratli davlatga aylandi va Xitoy boy­liklari hamda aholisini ko‘chirib, g‘arbga ham ko‘z olaytira boshladi. VII-VIII asrlarda Markaziy Osiyoni fath qilgan arablar bu davlatga xotima berdi. Markaziy Osiyo ustidan hukmronlikni qo‘lga kiritish yo‘lida Eftalitlar bilan Turk xoqonlari manfaati to‘qnashdi. Lekin bu vaqtda Eftaliylarning ahvoli og‘ir edi. Bir tomondan esa Xusrav I Anishervon tomonidan boshqa­rilayot­gan Eron davlati orasida qolgandi. VI asrning50 chi yillari eftaliylar va turklar Markaziy Osiyoning sharqida to‘qnashdi va jang uzoq davom etdi. Shu paytda turklar Xusrav I boshchiligidagi Sosoniylar bilan diplomatik aloqani mustahkamladi. Nihoyat eftallarga qarshi birgalikda kurashishga kelishilgani oqibatda eftaliylar davlati mag‘lub bo‘lib, davlat Turklar va Sosoniylar orasida taqsimlandi. Lekin keyinchalik bu ikki davlat orasida nizo kelib chikdi, buning asosiy sababi Buyuk ipak yo‘liga egalik qilish edi. Chunki o‘sha davrda Buyuk ipak yo‘li g‘arb va sharqni birlashtirib turadigan savdo yo‘li edi. Dastlab, bu savdo aloqalari sosoniylar yoki eronliklar yetak­chilik qilardi. Keyinchalik so‘g‘diy savdogarlar tashabbus ko‘satib, Vizantiya bilan bevosita savdo qilishga harakat qildilar. Lekin bu Sosoniylarga ma’qul kelmadi. Chunki So‘g‘dlar Turk xoqonligiga qaram bo‘lgan davlatlardan biri edi. Bundan Turklar katta manfaat ko‘rar edi. Bu esa ikki davlat zrtasida ziddiyatlarga olib keldi.

Turk xoqonligi qo‘l ostida birlashgan xalqlar taraqqiyotning turli bosqichlarida bo‘lganlar. Aholining bir qismi o‘troq dehqonchilik bilan, qolgan qismi esa ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullanganlar. So‘g‘­diyona, Xorazm va Toharistonda dehqonchilik qiluvchi aholining kattagina qismi patriarxal oila sifatida yashar edi. Bu davrda Xorazmda va ayniqsa, Sug‘dda savdogarlar jamiyatda yetakchi o‘rinni egallaganlar. Ko‘chmanchi turk qabilalari VI-VII asrlarda o‘tovlarda yashaganlar va to‘rt g‘ildirakli aravalarda ko‘chib yurganlar.

Aholining mehnatkash qismi "budun" yoki "qora budun" deb atalgan. Urug‘ - qabilaning yirik vakillari esa "beklar" nomi bilan yuritilgan. Jamoani "xoqon" va zodagonlar kengashi - "qurultoy" boshqargan. Turk xoqonligi hududida yashovchi aholi bug‘doy, arpa, sholi, tariq va boshqa mahsulotlarni yetishtirish bilai band bo‘lgan. Eftaliylar davriga nisbatan sug‘orish tizimi bu davrda bir muncha ko‘payadi, Xorazm vohalarida esa aksincha kamayadi. Aholi uzumchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan. Paxta, beda, tut daraxti ekishga va uy hayvonlarini boqishga katta e’tibor berilgan.

VIII asrda shaharlar odatda unchalik katta bo‘lmasdi. Masalan, Afro­siyob xarobalari 216 gektar atrofida bo‘lgan. Eski Poykent devorining umumiy uzunligi ikki kilometr atrofida, Chochdagi asosiy shahar Bankent chegarasi 5, Koson 2, Termizning umumiy doirasi 7-10 kilometr atrofida bo‘lgan. Savdo-sotiqda, xususan, Xitoy bilan munosabat yetakchi o‘rinni egallagan. Xoqon­likda yashagan aholi asosan matodan, jundan va teridan kiyim kiyganlar. Erkaklar chakmon kiyib, sochlarini oldirib yurganlar, "xotinlar esa sochlarini boshlariga o‘rab, zargul solingan qora ro‘mol bilan bog‘lab yurar edilar", deb yozadi Syuan Szyan. Markaziy Osiyoda animizm ko‘pchilik turkiy xalqlar uchun umumiy din bo‘lgan. Turkiy xalqlar o‘zlaricha biror hayvonga topingan va uni o‘zining xudosi deb bilgan. VI-VII asrlarda turkiy xalqlar o‘rtasida buddizm, otashparastlik va xristian dini ham rivojlana bordi.

Xitoy manbalarida ta’kidlanishicha, VI-VII asrda turk xoqonligida tas­viriy san’at, haykaltaroshlik ancha keng tarqalgan edi. So‘g‘diyona, Fayoz­tepa va Panjikent xarobalaridan topilgan naqshlar va suratlar bu fikrni yorqin ifoda etadi. Bu davrda kulolchilik san’ati ham rivoj topgan. Turli idishlar, uy-ro‘zg‘or anjomlari, hayvon, meva-cheva, odamlar tasviri bilan bezatilgan, sirtiga sirli shaffof mineral ishlatilganligi uchun ular yaltirab turardi. Turk xoqonligida yaratilgan moddiy-madaniy yodgorliklardan biri loydan yasalgan har xil tasvirdagi haykalchalardir. Bu haykalchalar ko‘lida kosa yoki qurol yarog‘ ushlab turgan kishi shaklida bo‘lib, odatda ular qo‘rg‘onga yoki marhumlar qabriga qo‘yilgan.

Tayanch tushunchalar: Xoqon, dehqonlar, qora budun, qurultoy, kadxudotlar, ko‘k turk, tan-shu, Istemi.

Savol va topshiriqlar:


  1. Turk xoqonligining tashkil topishini gapirib bering.

  2. Turk xoqonligida ijtimoiy-iqtisodiy ahvol qanday bo‘lgan?

  3. Ko‘chmanchi va o‘troqqabilalarning munosabati haqida nimalarni bilasiz?



3.4. Ilk o‘rta asrlarda Tohariston

O’quv maqsadi:Toharistonning chegaralari, siyosiy jarayonlar, davlat boshqaruv tizimi, qo’shni davlatlar bilan munosabatlari, iqtisodiy, ijti­moiy, madaniy va diniy hayot xususida tushunchalar berish va ko’nikmalar hosil qilish.

Miloddan avvalgi I ming yillikdan IV asrgacha Baqtriya (tuyalar o‘lkasi) deb atalib kelgan davlat keyingi davrlarda Tohariston deb atala boshlandi. Tohariston nomi ilk bor 383 yildagi xitoy manbalarida uchraydi. Xitoy tarixchilari uni "Tuxolo" deb ataganlar. "Tohar" so‘zi "kidar" so‘zining buzib aytilgan shaklidir. Tohariston davlati tarkibiga qadimda hozirgi Janubiy Tojikiston Surxondaryo viloyati va Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari hududlari kirgan. Ilk o‘rta asrlarda hukm surgan bu davlat hududi Qadimgi Baqtriya davlati hududi o‘rnida bo‘lgan deyish mumkin.

VI-VII asrlarda Toharistonning siyosiy, tarixiy muhim voqealarga boydir. Eftaliylar va turk qabilalari bilan janglar sosoniylarning mam­lakatga bostirib kirishlari va mamlakat ichidagi o‘zaro urushlar Tohariston davlati tarixini murakkablashtirar edi. Xitoylik sayyoh Son Yu 519 yili Bo-xo (Vaxan) shahrida bo‘lgan. Uning qayd etishicha, bu asrning tog‘lari juda baland bo‘lib, davlat hukmdori baland qurilgan shaharda yashagan. Xalqining kiyimi chiroyli bo‘lib, ko‘p qismi teridan tayyor­langan. Xitoy­ning Suyshu sulolasi tarixi yozilgan tarixiy ko‘lyozmalar VII asrga oid bo‘lib, unda Tuxolo yani Tohariston aholisi eftaliylar bilan aralashib yashashi yozib qoldirilgan.

Yana bir xitoylik sayyoh Syuan-Szan (629-646) Toharistonni to‘liq tasvirlagan. U Tohariston tarkibiga kirgan viloyat va shaharlarni atroflicha tasvirlagan. U Toharistonga "Temir darvozalar" deb ataluvchi shimol tomondan kelgan va Boysun tog‘laridan o‘tib kirib kelgan. Uning so‘zlariga qaraganda, Tohariston davlati shimoli-janubga nisbatan sharqdan g‘arb tomon uzunligi 3 baravar katta bo‘lgan. Syuan-Szan ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy hukmdor sulolasi yo‘q bo‘lganligiga ancha vaqt bo‘lib, viloyat hokimlari o‘z mulklarida mustaqil siyosat yuritar edilar.

Mamlakat 27 ta viloyatlardan tashkil topgan bo‘lib, barchasi turklarga tobe edi. Syuan-Szyan o‘z qaydnomalarida quyidagi shaharlarni sanab o‘tadi:


  1. Chag‘oniyon - Surxondaryo vodiysi va Hisor vodiysining g‘arbiy qismi.

  2. Shuman - Hisor vodiysining sharqiy va markaziy qismlari.

  3. Qabodiyon - Chag‘oniyon va Vaxsh daryosigacha bo‘lgan hududlar.

  4. Vaxsh viloyati - Qabodiyondan sharqda.

  5. Xuttalon - Pomir tog‘i etaklari.

  6. Kumad viloyati - hozirgi Qoratepa, Darvoz va Panj hududlari.

  7. Shug‘non - Vaxshning shimolida.

  8. Badaxshon - Amudaryoning ikki tarafi Surxondaryogacha.

  9. Voxan - o‘rta asrlardagi Qunduz.

  10. Shibirg‘on - hozirgi Mozori Sharif.

Mahalliy aholining ko‘pchiligi paxtadan tikilgan kiyim kiyishgan, ularning tili boshqa xalqlar tilidan farq qilgan. Tohariston yozuvi 25ta harfdan iborat bo‘lib, ko‘ndalangiga va chapdan o‘ngga qarab yozilgan. Savdo-sotiq ishlarida toxarlar oltin va kumush tangalardan foydalanganlar.

Syuan-szan Tohariston poytaxti bo‘lgan Balx shahrini mustaxkam himoyali kal’a deb sifatlagan. Toharistondagi mahalliy hukmdorlarning eng kuchli va nufuzlisi Xuttalon, Shuman, Qobodiyon, Shug‘non va Vaxon viloyatlarining hokimlari bo‘lib, ular harbiy kuchlar zarur bo‘lgan payt­larda 50 mingta chopar to‘play olardirlar. Bular ichidan Xuttalon viloyati alohida obro‘ va nufuzga ega bo‘lgan. VII-VIIIasrlarda Xuttalonni mahal­liy sulolasi boshqargan. Yirik sharqshunos olimlardan I.Markvart, A.M.Be­liniskiy va O.I.Smirnovlar Xuttalon tarixini bejiz o‘rganganmalar.

Umuman olganda, Tohariston markazlashgan davlat bo‘lmagan. Xar bir viloyat o‘z mustaqil sulolaviy boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan. Har bir mahalliy hukmdor mustaqil ravishda qo‘shni va uzoq o‘lkalarga, davlat­larga o‘z elchilarini yuborish hukuqiga ega edi. Xullas, Toharistonning ilk o‘rta asr mahalliy feodal davlatlari hali yagona davlatga birlashib mar­kazlashmagan edi.

Tohariston aholisining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullan­gan. Toharistonda sun’iy sug‘orma dehqonchilikning mavjud bo‘lganligini xitoylik tarixchi Son Yun qaydnomalaridan bilish mumkin. Vodiy hududlarida aholi sun’iy sug‘orma dehqonchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, tog‘ va tog‘oldi hududlarda esa lalmikor dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Arxeologik qazishma ishlaridan Toharistonda sug‘orish tizimi qanchalik katta hajmda bo‘lganligini tasavvur qilishimiz mumkin. T.I.Zeymal kayd etgani­dek, Vaxsh vodiysida qadimgi va o‘rta asrlarda Vaxsh daryosidan suv oluvchi to‘rtta magistral kanal kazilgan. Toharistondan chet o‘lkalarga qimmatbaho dorivor o‘simliklar chiqarilgan. Toharistonda ko‘plab tokzorlar va sholi maydonlari bo‘lgan. 647 yilda turk yabg‘usi Toharistondan poytaxtga oliy nav uzum jo‘natganligi haqidagi ma’lumotlar saqlanib qolingan. Tohariston otlari ham juda yuqori baholangan. Bir necha zotdar otlar, jumladan kichik, ammo chidamli va tog‘ sharoitida yurishga moslashgan otlari bo‘lgan. Chorvador aholi yirik shoxli qoramol va qo‘y boqish bilan shug‘ullangan.


Toharistonda, ayniyqsa, tog‘-konchilik ishlari juda rivojlangan edi. Bu yerlarga kelgan Xitoy sayyohlarining kundaliklaridan Tohariston mashhur Badaxshon la’lisi (qazib olinganligini) va boshqa yana ko‘plab turli qimmatbaho toshlar qazib chiqarish juda taraqqiy topganligini bilish mumkin. Bundan tashqari yana agat, nafislangan tuz qazib chiqarish juda rivojlangan. Bolaliktepada olib borilgan qazilma ishlari natijasida pushti rang toshtuzdan yasalgan tuya haykalchasi topilgan edi. Toharistonda, ayniqsa, qurolsozlik rivojlangan edi. Chokarlari kamon, gurzi, cho‘qmor, xanjar va qilichlar bilan qurollangan edi. Ularning ajoyib to‘qima, Balx sovutlari bo‘lardi. Toharistonda shishasozlik ham ancha rivoj topgan edi. V asrda Markaziy Osiyo shishasozlari Xitoy hunarmandlariga rangli shisha va shisha buyumlar tayyorlashni o‘rgatadilar. Qadimiy Xitoy manbalaridan birida 414 yilda Xitoyga Toharistondan ko‘plab savdogarlar va hunarmandlar tashrif buyurganligi qayd etilgan.

Toharistondan Xitoyga zotdor otlar eksport qilingan. Chet mamlakat­larga chiqarilgan qimmatbaxo toshlar ichida Xitoyda «Xo‘ton toshi» deb nom olgan lazurit toshi ancha mashhur bo‘lgan. Toharistondan shuningdek turli dori va dorivor vositalar, giyohlar ham chet mamlakatlarga chiqarib turilgan. Tohariston bilan o‘sha davrdagi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari o‘rta­sidagi savdo aloqasi ham keng miqyosda olib borilgan. Buni biz Ajina­tepadan topilgan sug‘d tangalari misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Shunisi diqqatga sazovorki, Toharistonda VII asr birinchi yarmi va VIII asrlarda mahalliy tanga zarb etishda so‘g‘d tangalariga taqlid etilgan. Shimoliy Toharistondan topilgan tangalardan bu yerda nafaqat tashqi savdo, balki ichki savdo ham rivojlanganligini bilishimiz mumkin.

U shahristondan iborat bo‘lib, uning shimoli-sharqiy chekkasida mahalliy aholi uylari joylashgan bo‘lgan. Uning kvadrat shaklidagi yuqori qismida (60 x 60 m.) 1968-1970 yillarda yirik arxeologik qazilma ishlari olib borilgan. Shahriston yirik qalin mudofaa devori bilan o‘rab olingan bo‘lib, devor burchaklarida kuzatuv-qo‘riqlov minoralari qad ko‘targan. Minoralar paxsa va g‘ishtdan qurilgan.

Tohariston tarixiga doir yodgorliklardan biri Ajinatepa nomli budda ibodatxonasi xarobasi saqlangan tepalikdir. Ajinatepa yodgorligi VI-VIII asrlarga taalluqlidir. U Qo‘rg‘ontepa shahri (Tojikiston Respublikasi)dan 12,5 km. sharkda joylashgan va bu yodgorlik 1961-1969 yillarda Toji­kiston arxeologik ekspedisiyasi tomonidan qazib o‘rganilgan. Bu yerdan ibodatxona va monastirdan iborat ikki qismli inshoat topilgan. Qazishmalar davrida 500dan ortiq san’at yodgorliklari - haykallar, naqshlar, devoriy rasmlar va ularning parchalari topilgan. Bularning ichida Buddaning o‘lim to‘shagida yotgan 12 metrli haykali va sovg‘a keltirayotganlarning devoriy rasmlari muhim ahamiyatga ega.

Surxondaryo viloyatining Angor tumanida joylashgan Bolaliktepa qadimgi qal’a xarobasi yodgorligida ham ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan. Bolaliktepa yodgorligi devorlariga turli xil rasmlar tushirilgan. L.I.Albaumning fikricha, Bolaliktepa V asrda qurilgan bo‘lib, shu asrning oxirida yoki VI asr oxirida qayta qurilgan. VII asr birinchi choragida esa Bolaliktepa shahar - qal’asi tushkunlikka yuz tutgan.

Bolaliktepa yodgorligi V-VI asrlarga tegishli termizshohlar qal’a-xarobasidir. U Termiz shahridan 30 km. shimolda joylashgan. Katta va kichik tepaliklardan iborat bo‘lgani uchun shunday atalgan. Bolaliktepa yodgorligini 1953-55 yillarda san’atshunos arxeolog L.I.Albaum o‘rgangan. Qal’a-kasr to‘rtburchak shaklidagi paxsa poydevor (30x30x6 m) ustiga xom gisht (30 x 50 x 10 sm) dan qurilgan bo‘lib, 16 xonadan iborat. Xonalardan 11 tasi V asrda, 5 tasi VI asrda bunyod etilgan. Tashqariga qaragan xonalarning devor­lari nishon tuynuklidir. Eng katta xona o‘rtasiga xom g‘ishtdan davra tarxli otashkada (diametri 1,2 m, balandligi 60 sm) ishlangan. Undagi kul qoldiqlari ichidan kuygan bug‘doy doni va o‘rik danaklari topilgan. Xonalardan sopol va shisha idishlar, turli musiqiy asbob bo‘laklari, nakshinkor chilimlar, taqinchoqlar qadalgan ipak kiyimlar parchasi, chordana qurib bola emiza­yotgan ayol tasviri tushirilgan shisha turunj (medalon), yog‘och qoshiq va boshqa shu kabi buyumlar topilgan. Xonalardan birida devorlarda to‘y marosimi aks ettirilgan devoriy rasmlar topilgan.

Huddi shu Angon tumanida Bolaliktepadan uncha uzoq bo‘lmagan joyda Zangtepa nomli yana bir shahar-qa’la tipidagi aholi manzilgohi ham bo‘lgan. Uncha yirik bo‘lmagan bu shahar mudofaa devorlari bilan o‘ralgan bo‘lgan. Uning shimoli-g‘arbiy qismida mahalliy hokim qarorgohi joylashgan.

Ilk o‘rta asrlarda Toharistonda xaykaltoroshlik yuksak darajada rivoj­langan. Qo‘rg‘ontepadan 12 km sharqda joylashgan Vahsh vodiysida joy­lashgan VII-VIII asrlarga taalluqli bo‘lgan Ajinatepadan topilgan buddaviy ibodatxonasining hajmi 100x50 metr bo‘lib, balandligi esa 6 metrni tashkil etgan. Bu buddaviy ibodatxona 2 ta kvadrat qismlardan iborat bo‘lgan. Aji­natepadan topilgan katta budda haykalining balandligi 12 metrgacha borgan. Bu yerdagi haykallar loydan yasalgan bo‘lgan. Haykallar kiyimlari qizil, qo‘llari va oyoqlari ok, sochlari esa qoraga bo‘yalgan bo‘lgan. Ajinatepadagi haykaltaroshlik namunalari o‘ziga xosligi bilap boshqa yodgorliklardan ajralib turadi. Bu yerda so‘nggi Gandxara va Gupta davri (Hindiston) hay­kaltaroshligi xususiyatlari ham aks etgan.

Rassomlar V-VII asrlarga mansub tasviriy san’atning L.I.Albaum tomonidan Bolaliktepa yodgorligi qazib ochib o‘rganildi. Kattagina xona­ning devorlarida rangli bo‘yoqlar bilan qandaydir mehmondorchilik - izdahom tasvirlangan. O‘sha gilamchalar ustida juft-juft bo‘lib, tiz cho‘kib o‘tirgan erkak va ayollar tasvirlangan. Erkaklarning egnida uchburchak shaklda keng qaytarma yoqali va xoshiyali uzun kamzul, oyog‘ida etik, belida ingichka kamarga o‘tkazilgan qayrilma uchli xanjar osilgan. Birida vaza, ikkinchisida cho‘g‘don tutgan qo‘llarining jimjilog‘ida bittadan ikkita yirik ko‘zli uzuk taqilgan. O‘ng qo‘lida qadah, qo‘lida ko‘zgu tutgan ayollarning kiyim-kechaklari nihoyatda bashang ekanligini ko‘ramiz. Ichki libos ustidan xoshiyali qaytarma yoqali hamda uqali uzuk va keng guldor yopinchiq - qabo yelkaga tashlangan. Quloqlarida yakkadurli zirak, jimjiloqlarida esa ko‘zli uzuk taqilgan. Xullas, Bolaliktepa qasri devorlarida tasvirlangan ayollarning tashqi qiyofasi VI asrda eftaliylar hukmdori huzurida bo‘lgan budda kohinini hayratga solgan saroy ayollarini eslatadi. Uning ta’riflashicha, o‘sha vaqtlardagi saroy malikalari juda qimmatbaho matodan tikilgan, orqa etagi uch quloch va undan ham uzunroq bo‘lgan serbezak ko‘ylak kiyar, uning etagini esa maxsus joriyalar ko‘tarib yurganlar.

Tayanch tushunchalar: Balx sovutlari, Xo‘tan toshi, Son 10, Syuan Szan, temir darvozalar.

Savol va topshiriqlar:


  1. Tohariston viloyatidagi davlatlar haqida nimalarni bilasiz?

  2. Toharistonda sug‘orish tizimi qanday bo‘lgan?

  3. Toharistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti xususida so‘zlab bering.

3.5. V-VIII asrlarda Markaziy Osiyoda iqtisodiy-ijtimoiy hayot va shaharsozlik

O’quv maqsadi: Markaziy Osiyoda iqtisodiy, madaniy va diniy hayot, ilk o’rta asrlarda shaharsozlik madaniyatining umumiy va xususiy jihatlari, Sharq mamalakatlari bilan aloqalari, diniy munosabatlarning o’ziga xos xususiyatlari haqida talabalarga atroflicha ma’lumot berish, tarixiy davr haqida tushunchalar hosil qilish.

Yozma manbalarda Markaziy Osiyoning ilk o‘rta asrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishi haqida ma’lumotlar juda kam uchraydi. Shu sababli tarixchilar yaqin-yaqingacha bu davr V-VIII asrlarda Markaziy Osiyoda kechgan o‘zgarishlar ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni arab-fors manbalari orqali o‘rganishgan. Markaziy Osiyo hududidan topilgan Xorazm va So‘g‘d davriga oid manbalar esa deyarli o‘rganilmagan. Endi So‘g‘d davriga oid Mug‘ tog‘idan topilgan So‘g‘diy yozuvlarni ko‘radigan bo‘lsak, ularning birida Kuchdagi voqealar tasvirlanadi. Unda butun xalq jamiyat uch katlamdan - zodagonlar, savdogarlar va ishchilaridan va aniqrog‘i dehqonlar va hunarmandlardan iboratligi va bundan tashqari oddiy va qaram qullar hamda asr qullar ham borligi aytiladi.

Arablarning Markaziy Osiyo fathi davriga oid manbalarda ham o‘sha davrda, ya’ni sakkizinchi asr boshlarida So‘g‘dda qullar ko‘p bo‘lganligi tilga olinadi. Lekin shunday bo‘lsada, asosiy ishchi kuchini shahar va qishloq meh­natkashlari tashkil etgan. Manbada dehqonlar "n’R" yoki "mrtymkt" (odamlar) deb nomlangan. Yana "rkr’kt" nomi ham uchraydiki, bu majburiy ishchi degan ma’noni bildiradi. Yana to‘lov evaziga ishlovchi "mr’z" nomli tabaqa ham bo‘lganligi aytib o‘tiladi. Dehqonlar bu davrda ozod, ya’ni hukmron toifa tarkibiga kirib, ular katta yer egalari, hamda katta-katta viloyatlar hukmdorlari sifatida tilga olinadi. Chunki ularning qo‘l ostida "chokarlar" deb ataluvchi harbiy guruhlar bo‘lgan. Xitoy sayyohi Syuan Szyan Samarqand haqidagi manbasida o‘sha davr dehqonlari va ularning askarlariga ta’rif berib shunday deydi: "Ularning armiyasi qudratli bo‘lib, u chokarlardan tashkil topgan. Chokarlar shunchalik mardva jasurki, ular o‘limga yuzma-yuz bo‘lishga uyga qaytishdek munosabatda bo‘lishadi. Shu sabab ularga jangda hech kim qarshilik qila olmaydi va ularning yo‘llarini to‘sa olishmaydi".

Bundan tashqari chokarlar haqida arab va fors manbalarida ham manbalar ko‘p. Shularni jamlab hulosa qiladigan bo‘lsak, dehqonlarning harbiy armiya guruhlarini asosini tashkil qiluvchi chokarlar dastlabozod aholi bo‘lgan. Keyinchalik dehqonlarning ta’sirida askarga aylangan. Ba’zi yirik hukmdorlar qo‘l ostida minglab chokarlar bo‘lgan. Mug‘ tog‘idan topil­gan manba hamda arab-fors manbalariga ko‘ra hukmronlar tabaqa­sining eng yuqorisida "Ixshid (ya’ni oliy hukmdor)" turgan. Narshaxiyning ma’lumotiga ko‘ra, dehqonlarning maxsus kiyimlari bo‘lgan. Ular shu kiyimlarda bo‘lib, tillo kamar taqishgan. Mug‘ tog‘idan topilgan xujjat­larda So‘g‘dning bosh­qaruv usuli ham bayon qilishgan. Unga ko‘ra, mar­kaziy boshqaruvining yuqo­ri lavozimlaridan biri Tudun yoki Tarxon bo‘lib, aholini nazorat qilib turgan, keyin­gisi esa muhim lavozimlardan biri bo‘lib, n’ztryw (ya’ni yaqin yordamchi) deb atalgan. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, "Dopirpat" (bosh ko­tib) ham katta rol o‘ynagan. Saroy xo‘jaligini boshqaruvchi "framanda" lavo­zimi ham bo‘lib, u asosan saroy kirim-chiqimlarini, hamda qishloq ho‘jaligi, hunarmandchilik, harbiy ta’minotlarni, soliq yig‘ish ishlarini nazorat qilgan. Shu sabab saroyda uning obro‘yi baland bo‘lib, hatto ularning maxsus xiz­matkorlari ham bo‘lgan. Mirshablik vazifasini boshqaruvchi shaxs "wrnyk’m"­deb nomlangan. Qo‘shinni boshqaruvchi shaxs esa "s’ykn" deb nomlangan. Bularning hammasi markaziy boshqaruv edi. Bundan tashqari mahalliy boshqaruv ham bo‘lgan. U esa qishloq va tuman boshqaruviga bo‘lingan.

Bu davrda o‘ziga xos iqtisodiy munosabatlar tizimi shakllangan. Iqti­sodiy hayot haqida gap ketganda hammamiz savdo-sotiq, hunarmandchilik, hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tushunamiz, chunki iqtisodning asosiy qismini mana shular tashkil qiladi. Bularning asosiy rivojining omili esa aholi sonining ortib borishidir. Shu sababli aholi sonining ortishi bilan birga qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib boradi, bu davr talabidir. Natijada yurtning iqtisodiy hayoti muntazam o‘zgarib, yerga, ziroat maydoniga bo‘lgan munosabat o‘zgacha shakllanadi. Mamlakatdagi ko‘ch­man­chilarning o‘tloqlashuvi ortib, dehqrnchilik uchun yaroqli yerlarga ehti­yoj ko‘payib bordi. Shu sababli quruq yerlarga suvlar olib kelib o‘zlash­tirish, ularning hududini kengaytirish yo‘lga ko‘yildi. Bu ishlarni amalga oshirishda mulkdorlar, qishloq oqsoqollari bosh-qosh bo‘lishdi. Dehqonchilikda asosan don ekinlari bug‘doy, arpa, sholi va tariq ekilgan. Shahar aholisi hunar­mand­chilik va savdo - sotiq bilan mashg‘ul edi. Hunarmandchilikning kenga­yishiga asosiy sabab turklar bo‘lgan. Chunki hunarmandchilik ularda oldin­dan rivojlanib kelgan. Shular qatorida Farg‘ona va So‘g‘dda oltin, mis, temir­lar ham qazib olingan. Shu bilan birga mamlakatning tashqi savdosi ham ancha rivojlangan edi. Masalan, g‘arbiy Turk xoqonligi va Xitoy o‘rtasidagi aloqani olish mumkin. Buxoro va Samarkanddan bir necha karvonlar Xitoyga yo‘l olgan. Xullas, dehqonchilik, hunarmandchilik rivojlanishi oqibatida xalqning iqtisodiy hayoti yaxshi edi.

Mug‘ tog‘idan topilgan ma’lumotlar olimlarni qiziqtirib ko‘ygan edi. Olimlar o‘sha ma’lumotlarga asoslanib, Tojikiston hududida qazishma ishlarini boshlab yuborishgan edi va bu ishda o‘lkashunos arxeolog olim V.R.Cheletko tashabbus ko‘rsatdi. U 1934 yillarda yuqori zarafshon hudu­dida arxeolog qazilma ishlarini olib borib, qadimgi Panjikent shahri qol­diqlarini topdi. Lekin bu qadimgi shaharni ilmiy o‘rganish 1946 yilda boshlandi va bu ish uchun So‘g‘diy tojik arxeolog qidiruv guruhi tuzildi. Bu guruhning boshlig‘i arxeolog olim A.Yu.Yakubovskiy edi. Qadimgi Panjikent shahri Samarqanddan 60 km. sharqda va hozirgi Panjikent shah­rining chekkasida joylashgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 19 gektar, aylanasi esa 1750 metrni tashkil qiladi. Shahristondan g‘arbda taxminan 30 metr balandlikda hukmdor qal’asi joylashgan. Shahristondan sharqda va janubiy sharqga qarab savdo hunarmandchilik rabotlari cho‘zilib ketgan. Shahristondan janubdagi tepaliqda zardushtiylarning nausi topilgan. Shahristonning ko‘cha yo‘llari 3-5 metrdan iborat bo‘lib, ba’zilari paralell, ba’zilari kesishgan bo‘lgan. Bu yo‘llarning ikki chetida uylar qurilgan. Turar joylar ikkiga bo‘lingan: birinchisi umumiy aholi turar joyi, ikkinchisi balandligi va oldidagi ayvoni supalari bilan ajralib turgan. Olimlar bu qarorgohni "taxminan yozgi qarorgoh bo‘lgan bo‘lsa kerak" degan fikrni bildirishgan. Bu imoratlarning markazida maydoni 50-80 kv. metrni tashkil qiluvchi katta xona bo‘lgan. Bu xonaning devorlari turli rasmlar va yozuvlar bilan bezatilgan bo‘lib, mansabdorlar uchun turarjoy yoki meh­monxona bo‘lishi mumkin. Panjikent san’at obidalari orasida devorga loydan ishlangan haykallar ham bor, ular asosan ibodatxonalarda uchraydi. Ularda asosan diniy mavzulardagi tasvirlar masalan, ajdarbaliq, afsonaviy hayvonlar aks ettirilgan. Bu tasvirlar o‘simliklardan olingan yelim, mineral bo‘yoqlar bilan bo‘yalgan. Bulardan bilinadiki, bu yerda rassomlar va haykaltaroshlar ko‘p mehnat qilishgan. Qisqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Markaziy Osiyoda o‘sha vaqtda ham ijtimoiy-iqtisodiy hayot nisbatan yaxshi bo‘lgan. Bizning bu fikrimizni yozma manbalardagi ma’lumotlar isbotlaydi. Shaharsozlik haqidagi ma’lumotlarni ham shunga o‘xshash tarixiy manbalardan bilib olish mumkin. Bunday tarixiy manbalarni arxeologik manbalardan topish mumkin.



Yüklə 0,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə