Eng qadimgi davrlardan milodiy VII-VIII asrlargacha) 5220200 – Tarix (Markaziy Osiyo xalqlari tarixi) ta’lim yo‘nalishi bakalavr iibosqich talabalari uchun



Yüklə 0,82 Mb.
səhifə9/12
tarix15.03.2018
ölçüsü0,82 Mb.
#31906
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12

Tayanch tushunchalar:Choch, Dovon, Parkana, numizmatika, Eloq.

Savol va topshiriqlar:

  1. Ilk o‘rta asrlarda Choch davlati iqtisodiy hayoti haqida nimalarni bilasiz ?

  2. Eloq davlati madaniy hayoti xususida so‘z yuriting.

  3. Farg‘ona davlati chetda qaysi davlatlar bilan aloqalar olib borgan ?

  4. Qadimgi Choch va Farg‘onada shaharlarning ahamiyati va mamlakat iqtisodiyotida tutgan o‘rni.




III-bo’lim: Ilk o’rta asrlarda Markaziy Osiyo

3.1. Markaziy Osiyoda ilk feodal davlatlar. Kidariylar,
xioniylar va sosoniylar


O’quv maqsadi: Xalqlarning Buyuk ko’chishi va unga sabab bo’lgan omillar, uning oqibatlari, Markaziy Osiyo buyuk ko’chish jarayonining asosiy o’chog’i sifatida, buyuk ko’chish davri doirasiga daxldor xalqlar, elat va qabilalar, qadimgi sak-skif dunyosi, xunlar va ularning dunyo tarixida qoldirgan izlari haqida talabalarga batafsil, atroflicha ma’lumot berish, tarixiy jarayonlar haqida ko’nikmalar hosil qilish.

Milodiy 3-4 asrlaga kelib qadimgi dunyoning buyuk davlatlari Qang‘ va Kushon ichki va tashqi sabablarga ko‘ra zaiflasha boshladi. Oqibatda yon atrofda dasht, tog‘ oldi hududlarda hayot kechirayotgan ko‘chmanchi qabi­lalarning o‘troq hududlarga bosqini yanada kuchaydi. Ko‘chmanchilarning o‘troqlashuv jarayoni ro‘y bera boshladi. Bu esa omilkor yerlarga bo‘lgan muhtojlikning yanada ortishiga olib keldi. Cho‘l, dasht, bo‘z yerlarni o‘z­lashtirishga ehtiyoj ortdi. Bu jarayon yangi sug‘orish tarmoqlarini ishga tushirish bilan bevlsita bog‘liq edi. Ariq va kanallarning qurilishiga qabila oqsoqollari, mulkdor tabaqalar rahbarlik qildilar. Ular o‘z nufuzidan foy­dalanib eng unumdor yerlarga va sug‘orish tarmoqlariga egalik qila bosh­ladilar. Bu holat yangi yer egalari “dehqonlar” (Yevropada “feodal”) toifasini shakllanishiga olib keldi. Dehqonlar (aynan tarjimasi “qishloq hokimlari”) katta yer mulklarni egallab olishdi. Zamindor dehqonlarning iqtisodiy jihatdan zo‘rayib, siyosiy mavqeining ortib borishi oqibatida milodiy IV asrdayoq ayrim vohalarda hududi yirik sug‘orish tarmoqlari ko‘lami bilan cheklangan viloyat hokimlari tashkil topa boshlaydi. Bunday voha dav­latchalari o‘sha zamonning deyarli mustaqil mulklari bo‘lib, hokimlari turli nomlar bilan yuritilgan. Bunday mahalliy hukmdorlar Buxoroda – buxor­xudot; Sug‘d (Samarqand) va Farg‘onada - ixshid; Dabusiyo (Narpay)da - dabusshoh; Vardanz (Shopurkon)da - vardonxudot; Chag‘oniyon (Surxon­daryo)­da - chag‘onxudot; Termizda termizshoh; Xorazmda - xorazmshoh; Eloq (Ohangaron)da dehqon: Choch (Toshkent)da tudun kabi nomlar bilan shuhrat topgan edilar.

Zamindor dehqonlar esa o‘z ixtiyoridagi qurollangan navkar-chokar­lari bilan hokim qarorgohi va voha hududlarini muhofaza qilish kabi vazifalarni o‘tab, mahalliy hokimlarga xizmat qilardilar. Arxeologik ma’lu­motlarning guvohlik berishicha, ziroatkor vohalarda tashkil topgan mahal­liy hokimliklar bu davrda hali siyosiy jihatdan markazlashgan yagona davlat boshqaruviga birlashtirilmagan bo‘lsalar-da, ammo mustaqillikning ramzi hisoblangan o‘z tanga pullariga ega edilar.

Bu davrda inqirozga uchrab parchalanib ketgan Qang‘ davlatining janubi-g‘arbiy hududlarida dastavval Xorazmshohlar davlati qayta tashkil topdi. Qadimgi Xorazm tuprog‘ida o‘z mustaqilligini qayta tiklagan bu nufuzli davlat mahalliy Afrig‘iylar sulolasiga mansub Xorazmshohlar tomo­nidan idora etiladi. Afrig‘iylar davlatining poytaxti dastlab Qora­qalpog‘istonning hozirgi Ellikqal’a tumani hududida joylashgan qadimgi Tuproqqal’a shahar xarobasining o‘rnida bo‘lgan.

Mudofaa jihatidan poytaxt nihoyatda mustahkam qurilgan edi. U atrofi chuqur va keng xandaq bilan o‘ralgan baland tagkursi ustiga to‘rt­burchak shaklida (500x350m) xom g‘ishtlardan bino qilingan. Balandligi qariyb 10 m. li , uning tashqi devori qator nishon tuynuklar va mo‘lalar bilan mustahkamlangan. Shaharning janubida devorning qoq belida mus­tah­kam labirintli darvozaxonasi bo‘lgan. Darvoza qarshisida shahar marka­zidan kesib o‘tkazilgan ko‘chaning har ikki tomoni bo‘ylab shaharliklar­ning turarjoylari qanot yozgan. Shahar markazidan yuqoriroq­da ibodat­xona majmuasi, uning shimoli-g‘arbiy burchak qismida esa balandligi 25 metrli uch minorali Xorazmshohlar qasri qad ko‘targan. Qasr imoratlari ikki qavatli, shoh saroyi va koshona turar joylarning devoru tokchalari turli mazmundagi rangdor tasvirlar, qabartma ganchkor naqshlar hamda haykallar bilan bezatilgan. Shaharning umumiy maydoni 26 ga teng. Bu davrda Xorazmda girdi mustahkam devorlar bilan o‘ralgan mana shunday shaharlar, istehkomli qishloqlar juda ko‘p bo‘lgan.

Mamlakatimiz bo‘ylab dehqonchilik vohalarida viloyat hokimliklari qaror topayotganda uning shimoliy, shimoli-sharqiy hududlariga tutashgan keng dashtliklar chorvador aholisining ijtimoiy hayotida mulkiy tabaqalanish jarayoni kuchayib, janubiy vohalarga tomon ularning ko‘chib o‘tishi o‘troq­lashuvi jadallashadi. IV asr o‘rtalarida Markaziy Osiyoga shimoli-sharq­dan Yettisuv va Sharqiy Turkiston hududlaridan chiqib kelgan turkiy qabilalarga mansub xion yoki xiyonlarning hujumi boshlanadi. Arman manbalarida ta’riflanishicha, xioniylarning o‘sha paytlarda ruxsoriga endigina ajin orala­gan o‘rta yoshdagi Grumbat ismli podshohi bo‘lgan. U nihoyatda dono, behisob g‘alabalari bilan dongi taralgan zabardast hukmdor bo‘lgan. Milodiy 353 yilda xioniylar So‘g‘dga bostirib kiradilar. So‘ngra ular Eronda tashkil topgan va tobora zo‘rayib, o‘z tazyiqini sharqiy viloyatlarga tomon muttasil kuchaytirib borayotgan Sosoniylar davlati bilan to‘qnashadi. Ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan dastlabki janglardayoq sosoniylar shohi Shopur II (309-379) xioniylardan yengiladi. So‘ngra sulhga kelishib, hatto ular o‘rtasida ittifoqchilik ipi bog‘lanadi. Shunga muvofiq 359 yilda Grumbat va uning o‘g‘li boshliq xioniylar Suriyaning Umda shahrini qamalga olishda sosoniylar bilan bir safda turib jangda qatnashadilar. Jangda hatto xioniylar shahzodasi halok bo‘ladi. Ammo ko‘p vaqt o‘tmay Grumbat bilan Shopur II munosa­batlari yana keskinlashadi.

V asrning 20- yillarida esa Sharqdan Sirdaryo va Orol bo‘ylari orqali Xorazm hamda Amudaryo havzasiga yana bir ko‘chmanchi chorvador aholi - toxarlar kirib keladi. Toxarlar kushonlarning avlodlaridan bo‘lib, Kidar ismili hukmdor ularga yo‘lboshchi edi. Shu boisdan manbalarda ular kidariylar nomi bilan tilga olinadi. Tez orada kidariylar Amudaryo havzasi hamda G‘ar­biy va Janubiy Sug‘d yerlarini ishg‘ol qilib, xioniylar davlatining janubiy qismida o‘z hukmronligini o‘rnatadi. Amudaryoning so‘l tomonida joylash­gan Balx shahri esa bu yangi davlatning poytaxtiga aylantiriladi. Shubhasiz, Kidariylar davlatining geografik holati o‘z-o‘zidan uni sosoniy va xioniy­lardek zamonasining ikki yirik davlatlari o‘rtasida qalqon davlatta aylantiradi. Kidariylar xioniylar bilan ittifoqchi sifatida harakat qilgan va o‘z tajovuzlarini Xurosonga tomon kengaytirishga intilgan. V asrning to 60- yillariga qadar ular sosoniy shohlarining Sharqdagi asosiy dushmani bo‘lib qolgan. Marv vohasida kidariylar bilan sosoniylar shohi Varaxran V (420-438) o‘rtasida sodir bo‘lgan jangda shohning ko‘li baland kelib, o‘z dushmani ustidan g‘alaba qozonadi. Bu voqeadan so‘ng kidariylar mamlakati bilan sosoniylar davlati o‘rtasida chegara belgilanib, Talikon yaqinida toshdan chegara mino­rasi o‘rnatiladi. Kidariylar ustidan shoh goh g‘alaba qozonadi, goh mag‘lu­biyatga uchraydi. 456 yilda bo‘lib o‘tgan navbatdagi harbiy to‘qnashuvlardan birida katta talofat berib, sosoniylardan qaqshatkich zarbaga uchragan kidariylar o‘zini qayta o‘nglab ololmaydi. Ayni shu vaqtda ular shimoldan janubta tomon siljigan yana bir ko‘chmanchi chorvador aholi - eftallar bilan to‘qnashadi. Natijada markaziy hukmronlik barqarorligini mustahkamlab olishga ulgurmagan kidariylar mamlakatni tark etib, janubi-sharqqa – Shimo­liy Hindistonga tomon chekinishga majbur bo‘ladi. Hindistondagi Gupta davlatini o‘ziga bo‘ysundirib, u yerda 75 yil hukmronlik qilishadi.

Soson - Erondagi sosoniylar sulolasi bobokaloni, Ahamoniylar davri (miloddan avvalgi 558-330)da otashparastlarning Stahr (hozirgi Istahr)dagi Anaxita butxonasining kohini (mubod) bo‘lgan. Sosoniylar davlatini idora etgan Eron shahanshohlari o‘zlarini Soson naslidan deb biladilar.

Yaqin va O‘rta Sharqda sosoniylar sulolasi boshqargan davlat (III-VII asrlar) 224 yilda Ardasher I Parfiya shohi Artabon Vni mag‘lubiyatga uchratib, 226 y. poytaxt Ktesifon shahrini egallab, yangi davlat taxtiga o‘tiradi. Bu davlatning barcha hukmdorlari "shahanshoh" unvoni bilan taxtni boshqarganlar, davlat esa Eronshoh ("oriylar podsholigi" yoki "eroniylar shohligi") deb atalgan. Eron, uning g‘arb va sharqidagi hududlar (Ardasher I va Shopur I davrida) birlashtirilgan. Sosoniylar davlatida shohlar qohinlarga tayanib ish ko‘rishgan, yangi otashkada ("olov saroylari") bunyod etilgan. Ardasher I davrida zardushtiylik davlat dini deb e’lon etilgan. Zardushtiy ruhoniylar davlatda katta siyosiy, iqtisodiy ta’sir kuchiga ega bo‘lishgan, boshqa dinlar ta’qib kilingan. Eron davlati sosoniylar davrida juda yuksalgan. Yazdigard III davrida (632-651) Sosoniylar davlatini arablar bosib olgan.

Tayanch tushunchalar: Kidar, feodal, otashkada, oriylar, xion, soson, xetal, oq xunlar.

Savol va topshiriqlar:


  1. Ilk feodal (dehqon) munosabatlarini shakllanishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy asoslarni ko‘rsatib bering.

  2. Xioniylarning turmush tarzi, urf odatlari haqida nimalarni bilasiz?

  3. Xioniylar va sosoniylar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlarning mohiyatini ochib bering.

  4. Sosoniylarning kelib chiqishi haqida nimalarni bilasiz?



3.2. Eftalitlar davlati

O’quv maqsadi:Eftalitlarning kelib chiqishi va O’rta Osiyoga amal­ga oshirgan harbiy yurishlari, Eftaliylar davri siyosiy tarixi, boshqaruv tizimi, ijtimoiy hayoti, yer mulkchiligi munosabatlarining yangi bosqichi, eftalitlarning boshqa xalqlar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalari haqida talabalarga batafsil ma’lumot berish, tushunchalar va ko’nikmalar hosil qilish.

Markaziy Osiyoga V asr o‘rtalarida shiddat bilan kirib kelgan bu yangi ko‘chmanchi aholi yozma manbalarda xeftal, xaytal, xetal, abtal, idal, tetal, kabi qator jarangdor nomlar bilan tilga olinadi. «Eftal» degan nom ilk bor «xetal» shaklida V asr arman manbalarida uchraydi. Bu nom aslida «Eftalon» deb yuritilgan qabila nomidan olingan. Vaxshunvar boshliq Eftallar davlati tashkil topgach, bu etnonim qabila nomidan davlat nomiga ko‘chgan. Chunki shohlik taxtiga mingan Vaxshunvar eftalon qabilasi zodagonlaridan edi.

Eftallarning Markaziy Osiyoga yurishi V asr o‘rtalarida boshlanadi. Qisqa vaqt ichida Chag‘oniyon, Tohariston va Badaxshon bo‘ysundiriladi. Bir zarba bilan Sug‘dda xioniylar hukmronligi barham topadi. V asrning 50-yillarida Eftallar davlati nihoyatda kuchayadi. Ularning dastlabki elchisi 456 yilda Xitoyga yetib boradi.

Eftallarning tobora kuchayib borayotgan tajovuzidan xavfsiragan sosoniylar ularga qarshi yurish qiladi. Ikki o‘rtadagi jangu jadallar Pero‘z hukmronlik qilgan davrda (459-484) ayniqsa avjiga chiqadi. Sosoniylar shohi eftallarga qarshi uch marta yurish qiladi. Dastlabki mahorabadayoq u mag‘lubiyatga uchrab, asir tushadi. Vizantiya imperatori Zenon tomonidan yuborilgan o‘lpon evaziga u asirlikdan ozod etiladi. Pero‘z chegaradagi Talikon shahrini eftallarga berish va bundan buyon Varaxran tomonidan belgilangan chegara Toshminordan o‘tmaslik shartini o‘z zimmasiga oladi. Ammo bu shartlarni bajarmaydi. Bir oz vaqt o‘tgach, ikkinchi marta eftallarga qarshi qo‘shin tortadi. Pero‘zning ikkinchi yurishida ittifoqdosh Vizantiyaning elchisi Yevsiviy ishtirok qiladi. Ikkinchi yurish ham muvaffakiyatsiz tugaydi. Ikkinchi marta asirlikka olingan Pero‘z 30 xachir dirham o‘lpon to‘lash majburiyatini oladi. Biroquningdeyarli bo‘shab qolgan xazinasidan faqat 20 xachirga yuk bo‘ladigan mablag‘ topiladi, xolos. Shohning Kubod ismli yosh o‘g‘li eftallar yurtiga garovga yuborilib, Pero‘z tutqunliqdan ozod etiladi. Ikki yil davomida eftallarga o‘lpon to‘lab turiladi. O‘lponni shoh aholi jon boshiga og‘ir soliq solish yo‘li bilan to‘playdi. Yozma manbalarda bu voqealar Pero‘z tomonidan Eronning eftallarga sotilib oyoq osti kilingani va mazlumlikdan abadulabad oriyoniy­lar yurti xalos bo‘la olmasligi alam bilan qayd etiladi. Belgilangan o‘lponni to‘lab bo‘lgach, Pero‘z eftallar bilan aloqani yaxshilashga harakat qiladi. Ular bilan quda andachilik ipini bog‘lash maqsadida raqibiga singlisini xotinlikka taklif etadi. Eftallarning iltimosiga binoan 300 nafar harbiy instruktor yuboriladi. Ammo eftallar hokimi Kunxa Eronli instruktor­lar­ning bir qismini o‘ldirishga, qolganlarini esa urib, mayib qilishga buyuradi. Chunki shoh singlisi o‘rniga cho‘rilaridan birini yuborib, eftallar hukm­dorining izzat-nafsiga tekkan va bunday hiyla-nayrangi bilan uni nihoyatda ranjitgan edi. Shu boisdan Pero‘z 484 yilda eftallarga qarshi uchinchi marta yurishga otlanadi. Bu galgi urush sosoniylar shohining halokati bilan tu­gay­di. Marv ishg‘ol qilinib, Eron ustiga juda og‘ir o‘lpon yuklanadi. Gar­chi Pero‘z vorislari Kubod (488-531), Anushervon (531-579) xukm­ronlik qilgan davrlarda eftallar bilan munosabatlar ancha yumshab, tinchlik tusini olgan, hatto ayrim vaqtlarda Vizantiyaga qarshi eftallarning ittifoqdoshi sifatida harakat qilingan bo‘lsada, ammo sosoniylar yil sayin kumush hisobida muayyan bojni muttasil to‘lab turgan. Shunday qilib, kibr-havoli zabardast Vizantiya imperatorlarini bir necha bor tiz cho‘ktirgan sosoniylar endilikda yarim ko‘chmanchi eftallarning dahshatidan vahimaga tushib, ularning boqiy o‘lpondori bo‘lib qolgan.

Qisqa muddat mobaynida eftallar Qobul va Panjob vodiylarini egallay­dilar. So‘ngra O‘rumchi, Qorashar, Kucha, Xo‘ton va Qoshg‘ar shaharlari zabt etiladi. Natijada V asrning ikkinchi yarmi va VI asr boshlarida Markaziy Osiyo, Sharqiy Eron, Shimoli-G‘arbiy Xindiston va Sharqiy Turkiston yer­larini yagona hududga birlashtirgan ilk o‘rta asrlarnipg yangi qudratli Eftallar davlati tashkil topadi. Garchi bu davlat siyosiy jihatdan Kushon podsholigiga nisbatan unchalik mustahkam bo‘lmasa-da, ammo maydoni jihatidan undan ulkanroq edi. Bu buyuk davlat Sharq mamlakatlari, xususan, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida, ayniqsa, muhim o‘ringa egadir.

Eftallar davlati tasarrufiga birlashgan ulkan mamlakatning tabiiy geog­rafiyasi qanchalik rang-barang bo‘lsa, aholisining etnik tarkibi ham shun­chalik qurama, ijtimoiy va iqtisodiy hayoti esa biri ikkinchisidan keskin farq qilardi. Eftallarning kelib chiqishi ko‘chmanchi qabilalarga mansubligi tufayli ilk o‘rta asr Xitoy manbadarida ularning yurtida shaharlarning yo‘qligi, o‘zlari esa o‘tloqlarga boy yaylovlarda kigiz o‘tovlarda yashashi ta’riflanadi. VI asr Vizantiya muarrixlarining asarlarida, aksincha, ularning «shaharlik» ekani ta’kidlanadi. Nari ikkinchisiga zid bunday ma’lumotlarning har ikkisida ham ma’lum darajada asos bor, albatta. Chunki Markaziy Osiyo, Xuroson, Sharqiy Turkiston va Shimoli-G‘arbiy Hindiston yerlarini zabt etgach, ko‘chmanchi chorvador eftallar, shubhasiz, bu viloyatlardagi obod dehqon­chilik vohalariga, hunarmandchilik, ichki va tashqi savdo rivoj topgan katta-kichik shaharlarga ega bo‘ladilar. Yillar o‘tishi bilan omilkor mahalliy aholi bilan qon-qarindosh bo‘lib, qorishib ketadilar. Natijada ularning bevosita vorisiga aylanadilar. Shu boisdan 568-569 yillarda Vizantiya imperatori Yustin II huzurida bo‘lgan turklar elchisi imperatorning «Eftallar shaharlarda yashaydilarmi yoki qishloqlardami» degan savoliga «Ular shaharda yashov­chi qabiladir, janobi oliylari», deb javob bergan.

Demak, Eftallar davlatiga birlashgan aholining bir qismi ko‘chmanchi chorvador bo‘lsa, ikkinchi kattaroqqismi shahar va qishloqlarda yashovchi o‘troq aholi edi. Uning aholisi asosan ziroatchilik bilan shug‘ullanardi. Tohariston va So‘g‘d rivoj topgan dehqonchilik va bog‘dorchilikning markazi hisoblanardi. Qashqadaryo va Zarafshon vodiylarida g‘alladan tashqari, sholi ham yetishtirilar edi. Xitoy manbalarida qayd etilishicha, V-VI asrlarda Sharqiy Turkiston va Markaziy Osiyo yerlarida ko‘plab g‘o‘za ekilgan edi. Uning tolasidan oppoq va nihoyatda mayin mato to‘qilgan. Xitoy bozorlarida bunday matoga talab katta bo‘lgan. Chunki o‘sha davrlarda Xitoyda paxta hali ekilmas edi.Aholining dashtliklarda yashovchi yarim ko‘chmanchi qismi chorvachilik, xususan, mayda va yirik shoxli hayvonlar boqish, tuyachilik, tog‘li va tog‘ oldi mintaqalarida esa yilqichilik bilan shug‘ullanar edi. Farg‘ona vodiysi hamon zotli arg‘umoqlari bilan mashhur bo‘lgan.

Ziroatkor yerlarning kattagina qismi hali ham qishloq jamoalari tasarrufida bo‘lsada, mamlakatda o‘rta asr mulkchiligi munosabatlarining tarkib topishi oqibatida sug‘oriladigan yer maydonlarining ma’lum bir qismi mulkdor zodagon tabaqa vakili «dehqon»lar qo‘lida to‘plana bosh­lagan. Buning natijasida qishloq jamoasining erkin qo‘shchilari ma’lum darajada zodagon dehqonlar asoratiga tushib, ularga qaram kadivarlarga aylanmokda edi. Obikor yerlarning bir qismi ibodatxonalar mulki hisob­lanardi. Bunday yerlar «vag‘nze» deb yuritilar edi.

Yaylovlarning‘ asosiy qismi esa qabila va urug‘ jamoalari hamda ular­ning oqsoqol zodagonlari biylar tasarrufida edi. Samarqand, Buxoro, Qash­qadaryo va Toshkent viloyatlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, V-VI asrlarda dehqonchilik vohalari tevarak-atrofiga kelib o‘rnashgan ko‘chmanchi eftal qabilalarining ommaviy ravishda o‘troq­lashuvi kuchayadi. Buning oqibatida obikor yerlarga bo‘lgan muhtojlik or­tadi. Daryo vodiylari bo‘ylab katta-kichik sug‘orish kanallari qazib chikarilib, minglab gektar yangi yer maydonlari o‘zlashtiriladi. Sug‘orma dehqon­chi­likning kengayishi bilan irrigatsiya texnikasi rivoj topadi. Shox ariqlar chu­qurlashib, sersuv va sershoxa sug‘orish tarmoqlariga aylanadi. Ular daryodan suvni bog‘lab oluvchi va yuqoriga ko‘tarib beruvchi suv inshootlari bilan jihozlanadi. Hozirgi vaqtda Toshkent vohasi va Janubiy Qozog‘iston yer­la­rining bir kismini suv bilan ta’minlab turgan Zogariq va Bo‘zsuv Samarqand viloyatining janubiy tumanlarining asosiy suv manbai Darg‘om kanali V asrda barpo etilgan eng yirik sug‘orish tarmoqlaridan hisoblanadi.

Bu davrda tog‘ oldi mintaqalarida joylashgan adir yerlarga suv chi­qarib, obod etishda o‘q, gupchak va tishli g‘ildirakka asoslangan va o‘z davri uchun ancha-muncha murakkab gidrotsxnika inshootlari: charx­par­rak, chigir va boshqalardan foydalaniladi.

Bu davrda dehqonchilik vohalaridagi katta-kichik shaharlar gavjum­lashib, ularda ayniqsa, kulolchiliq, shishagarlik, chilangarlik, bo‘zchilik, sarrojlik, zargarlik va qurolsozlik kabi kasb-hunarlar ravnaq topadi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Poykand shahri Eftallar davlatining poytaxti bo‘lgan. Xitoy manbalarida u Bi nomi bilan tilga olinadi, Arablar uni «Madinat ut-tujjor», ya’ni «savdogarlar shahri» deb yuritganlar.

Tashqi savdo bojidan manfaatdor bo‘lgan eftallar bu shaharlar orqali o‘tgan «Ipak yo‘li» ni o‘z nazoratlari ostida tutib turishga harakat qilgan. Xitoy, Hindiston, Eron va Vizantiya bilan bo‘lgan xalqaro savdoda ular faol qatnashardi. Xitoy bilan Vizantiya asosan ipak, ipakli mato, rangdor shisha, qimmatbaho toshlar, bo‘yoqlar va turli xil ziravorlar bilan savdo qilardi. Markaziy Osiyodan oltin, kumush, Badaxshon la’lisi bilan bir qatorda Xitoyga rangli shisha va shisha buyumlar, turli xil mevalar, ip gazlama asosan karbos, qorako‘l terisi, tulporlar chiqarilardi. Ipak yo‘li savdosida sosoniy savdogarlari bilan raqobatda asosan sug‘diylar vosita­chilik rolini o‘ynardi. Xalqaro savdo aloqalarining gavjumlashuvi bilan mamlakatda tanga pul muomalasi tartibga solinadi.

Keyinchalik eftallar sosoniylar shohi Varaxran V tangalariga taqlidan old tomonida qulog‘iga xalqa taqqan tojdor podshoh, orqa tomonida esa markazda otashdon va ikki atrabontasvirlari so‘qilgan kumush tangalar zarb qiladilar. Bulardan tashqari, Buxoro, Poykand, Vardana, Naxshab, Samarqand va Xorazmda mahalliy hokimlar tomonidan chiqarilgan chaqa tangalar mamlakat ichki savdosida keng muomalada bo‘lgan. Bu, shubhasiz, mamlakatning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida mahalliy hokimlar katta nufuzga ega ekanidan dalolat beradi.

Ma’lumki, eftallar, siyosiy jixatdan juda ko‘p xalqlarni birlashtirgani sababli turli diniy e’tiqoddagi aholi yonma-yon yashagan. V-VIII asrlarda Markaziy Osiyoda zardushtiy, bundan tashqari nasoroniy (xristianlik), moniy va qam (shomon) kabi bir nechta dinlar mavjud bo‘lgan. Ayrim viloyatlarda yaxudiy jamoalari hamda Noxid, Mitra va Siyovush kabi mahalliy ma’budalarga ham sig‘inuvchilar istiqomat qilgan. Navro‘z kunlari Buxoro otashparastlari Siyovush qabri ustida xo‘roz bo‘g‘izlab qurbonlik qilardilar. Mamlakatda ko‘p dinlilik e’tiqodlari rasm bo‘lsada, ammo aholining ko‘pchiligi olovga topinuvchi ma’jusiy edi. Otashparastlik Xorazm, So‘g‘d va Choch viloyatlarida, ayniqsa, keng tarqalgan edi. Katta-kichik shaharlarda ma’jusiylarning ibodatxonalari bo‘lardi. Ular «vag‘n» deb, koxinlari esa «vag‘npat» deb yuritilardi. Muqaddas otash «azarxurra» deb atalardi. U maxsus olovxona - «otashkada»larda kechayu kunduz muttasil yonib turardi. Otashkada mutavallilari o‘ta zohid dindorlardan bo‘lib, ular «atrabon» deb yuritilardi. Oddiy mehnatkash ahlidan tortib zodagonu podshohlargacha atrabonlarga hadyalar keltirib, ular orqali muqaddas olovdan madad so‘rab iltijo etilardi.

Zardushtiy dinida yaratuvchilik qudratiga ega tangri - Axuramazda bo‘lib, u olam va odamzodning, tabiat va jamiyatdagi barcha xodisalarning yaraguvchisi sifatida tarkib qilingan. Axuramazda yorug‘lik, farovonlik, sihat-salomatlik, tinchlik va boshqa barcha ezgu xodisalar tangrisi sifatida zul­mat, ochlik, o‘lim, urush, yomon (gunoh) ishlar, razil niyatlar va qabo­xatliklarning homiysi Axriman bilan doim uzluksiz kurash olib borgan.

Zardushtiylik e’tiqodi bo‘yicha olov nihoyatda muqaddas hisoblangan. Quyosh yorug‘lik manbai va otash uning bir qismi hisoblangan. Quyosh olamga hayot bag‘ishlaydi. Uning nuri bilan barcha jonzod uyg‘onadi va yashnaydi. Qadimiy tangalarga suqilgan ma’budalar tasviri va sopol xaykal­chalar taqlidiga qaraganda Axuramazdadan tashqari, zardushtiylarning Mitra, Farna, Nana yoki Noxid (Anaxita), Mirrix, Xubbi vamahalliy ezgulik iloha­lari ham bo‘lgan. Mitra-quyosh va yorug‘lik muakkili, jangovar yigit siy­mosida tasvirlanadi. Farna, mahalliy axrli Xumo, ba’zan Ankr nomi bilan yuritilgan - baxt va tole homiysi, nihoyatda chiroyli, boshi ayol, tanasi qush qiyofasida tasavvur etilgan. Nana - Noxid hosildorlik, farovonlik homiysi, bir qo‘lida anor yoki olma tutgan go‘zal ayol qiyofasida tasvirlanadi. Mirrix -urush va g‘alaba muakkili, harbiylar madadkori, qurollangan jangchi taqlidida tasavvur etilgan. Xubbi - suv muakkili, qayiqchilar va miroblar homiysi, zabardast yigit tusida tasvirlanadi. Shunday qilib, eftalitlar davlatida dinga e’tiqod turlicha bo‘lgan, buning sababi albatta xalqlarni turlichaligidadir.

Bularga xulosa qiladigan bo‘lsak, eftallarniig urf-odati, xususan, dafn marosimlari, qabr turlari hamda zodagonlarning kiyim-boshlari ta’rifi haqidagi manbalarda keltirilgan ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, ular o‘rtasida tabaqalanish va mulkiy tengsizlik kuchli bo‘lgan. Ularda o‘z davlat tuzumi, qaror topgan qonun va qoidalari mavjud bo‘lgan. Jinoyatchilik bo‘yicha jazo nihoyatda qattiq bo‘lgan. O‘g‘irlik qilgan jinoyatchining boshi kesilgan. O‘g‘irlangan mol-mulkning miqdoridan qat’i nazar, u o‘n barobar qilib undirib olingan. Shuni ta’kidlash joizki, eftallar o‘z tashqi siyosatlarida harbiy kuchga suyanganlar va ularning asosiy qismi suvoriylar bo‘lgan. Eftallarning qonuniy davlati podshohi mutloq tomonidai boshqarilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, eftallar ko‘shni davlatlar adolatidan zarracha ham kam bo‘lmagan adolatga amal kilganlar. Shunday qilib, bu davlat Osiyo xalqlari tarixida siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy tarixida juda katta ahamyatga ega.


Yüklə 0,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə