Kirish magistrlik dissertatsiyasi mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi



Yüklə 119,55 Kb.
səhifə10/20
tarix18.05.2023
ölçüsü119,55 Kb.
#111148
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   20
Botirova M. mag.diss

Zid ma’noli so‘zlar (antonimlar)
Ma’lumki, tilda zid ma’noli so‘zlarning mavjudligi badiiy nutqning ifodaliligini, ekspressivligini, ta’sirchanligini ta’minlashda qulay vositalardan biridir. Shak-shubhasiz, sharq adabiyotida juda qadim zamonlardan buyon tildagi bu ifoda imkoniyatidan juda keng foydalanib kelingan. Chunki o‘sha paytlardan buyon yomonlik ustidan qozonilib kelinayotgan har qanday g‘alabalarda ziddiyatning turli ko‘rinishlari mavjud. Shu bilan hayot o‘zining tarovatini yo‘qotmay kelmoqda. Mana shu ziddiyatlar orqali hayot qiziqarlidir. Yevropa tilshunosligida bu hodisa “antiteza” deb yuritiladi. Badiiy matnning lingvopoetik tahliliga bag‘ishlangan ishlarda zidlantirish, qarshilantirish atamalaridan foydalaniladi. Zid ma’noli so‘zlarni yonma-yon qo‘llash orqali tushunchalar, belgilar, holatlar, obrazlar zidlantiriladi. Ma’lumki, antonimiya hodisasi, asosan, bir so‘z turkumi leksemalari doirasida yuz beradi. Antonimlar, asosan, belgi anglatuvchi so‘zlarda uchraydi. Miqdor, vaqt, o‘rin, harakat-holat ma’nolarini ifodalaydigan so‘zlarda zidlash ma’nosi kam bo‘ladi. Shunga ko‘ra antonimlar sifat, ravish so‘z turkumlarida ko‘p uchraydi. Fe’llarda antonim hosil etuvchi so‘zlar juda kam, son, olmosh, modal va yordamchi so‘zlarda umuman yo‘q. Odatda, leksik, kontekstual yoki nutqiy zid ma’noli so‘zlar bir-biridan farqlanadi. Bir so‘z bir ma’nosida antonimga rga bo‘lishi, boshqa ma’nolarida umuman antonimga ega bo‘lmasligi mumkin. Ba’zi so‘z yasovchi affikslar ham antonimik juftlikni hosil qilishi mumkin. Til birliklarining takrori natijasida yuzaga keladigan ifoda kambag‘alligi va rangsizligidan qochish uchun, tasvir obyektiga e’tiborni jalb qilish uchun, ijobiy belgining darajama-daraja ortib borishini ifodalash kabi bir qancha turlarga bo‘linib ketadi. Ma’lumki zid ma’noli so‘zlarning qo‘llanishi badiiy nutqning ifodaliligi, bo‘yoqdorligi, ta’sirchanligini ta’minlashda qulay vositalardan biri sanaladi. Sharq adabiyotida juda qadim zamonlardan buyon tildagi bu ifoda imkoniyatidan keng foydalanib kelingan. Zid ma’noli so‘zlarni yonma-yon qo‘llash orqali tushunchalar, belgilar, holatlar, obrazlar zidlantiriladi. Odatda, lisoniy va kontekstual yoki nutqiy zid ma’noli so‘zlar farqlanadi. Tilshunoslikda antonimlar bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar olib borilgan. Ularning til sathlaridagi o‘rni, mohiyati, me’yor va vositalari o‘rganilgan. Kontekst tarkibida fakultativ tarzda yuzaga chiquvchi antonimlarni okkazional antonimlar sifatida baholash va ularning turli nutq uslublaridagi o‘ziga xos lingvostilistik, semantik - ekspressiv xususiyatlarini o‘rganish, ularning paydo bo‘lish asoslarini tahlil etish rus tilshunoslari L.A.Vvedenskaya, G.E.Goncharenkolar tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa-da,42 hozirgacha o‘zbek tilshunoslarining tadqiqot obyekti bo‘lmagan. Ma’lumki, qiyoslanuvchi fikr, tushuncha kabilarni qarama-qarshi qo‘yishdan iborat uslubiy qo‘llanish bo‘lib, yozuvchi Odil Yoqubov asarlari tahlili jarayonida ziddiyatga asoslangan badiiy nutqlarni aniqladik: Ko‘klamda gurkirab toshqin oqadigan soy, garchi hozir kech kuz bo‘lsa ham, hanuz yam-yashil, sutday yorug‘ (O.Yoqubov). Bu so‘zlar odatda bir-biriga antonim emas, ammo yozuvchining mahoratini qarangki, Pushkinning bir she’ri orqali kuz faslini ham ma’yus va ham go‘zal ekanligini kontekstual antonimiyani hosil qila olgan. Ma’lumki, zidlash munosabati kontekstual-situativ xarakterda ham bo‘ladi. Antonimik munosabat nutq situatsiyasida, ya’ni so‘zlarni ma’lum kontekstda qo‘llash orqali hosil bo‘ladi. Bunday antonimlar kontekstual antonimlar deyiladi. Kontekstual antonimlar ko‘pincha individual, ya’ni biror bir muallifga tegishli bo‘ladi. Ba’zida mahoratli yozuvchilar qahramonlar ruhiyatidagi kontrastlikni bo‘rttirib tasvirlash maqsadida muayyan bir kontekstual sinonimik qatordagi bir necha so‘zni boshqa bir kontekstual sinonimik bir necha so‘zga birdaniga zidlantiradilar. Ko‘pincha badiiy asarda kontekstual antonimlardan tasvirning ta’sirchanligini oshirish maqsadida qo‘llaydilar. Chunki unda lingvistik jihatdan noodatiylik kuchli bo‘lib, ta’sir kuchi ularda odatdagilarga nisbatan kuchliroq bo‘ladi. Asarlarni tahlil qilish jarayonida quyidagi antonimlarni ko‘rib, tahlil qildik. Nigora, o‘z hayotini, Behzod bilan kechgan birda ma’sud, birda achchiq kunlarini eslab, ma’yus jilmaydi… (O.Yoqubov) Bu gapdagi “ma’sud” va “achchiq” so‘zlari leksik jihatda bir-biriga qarshilantirilgan. – Nigora… Qanday qiz edi u! qanday qiz! Qo‘g‘irchoqdek nozik, xushqad, kalta qirqilgan qo‘ng‘ir sochlari o‘ziga yarashgan, sho‘x biroq yengiltak emas, ham muloyim, ham quvnoq, ham bilimdon. (O.Yoqubov). Bu gap ham leksik antonimlarga xos bo‘lib, Bu gapdagi “muloyim” va “sho‘x” so‘zlari leksik jihatda bir-biriga qarshilantirilgan. O‘quvchi bir insonni ham muloyim, ham quvnoq xarakterga ega ekanligini anglash qiyin bo‘lmaydi. Bunday zid ma’nolarni barqaror birikmalarda, ya’ni iboralar va maqollarda ham ko‘plab uchratish mumkin. Yozuvchining tildan foydalanish mahoratini belgilashda badiiy nutq ifodaliligini qay darajada ta’minlay olganligiga e’tibor qaratiladi. Buni zid ma’noli so‘zlarni o‘z o‘rnida, muayyan estetik maqsad bilan qo‘llay olishidan ham aniqlasa bo‘ladi.
Oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ bo‘ladi, uka. Mana ko‘pi ketib, ozi qoldi. Qirqiga chidagan qirq birigayam chidaydi. (O.Yoqubov).
Ey, nimasini aytasan, uka. – Domla ming‘illadi, - kasalning kelishi oson, ketishi qiyin ekan-da. – Shunaqa, domla, kasallik botmonlab kelib, misqollab ketadi, - Shoqosim uning gapini ma’qulladi... ... – Kasallik filni pashsha qiladi, deganlari bejiz emas ekan… (O.Yoqubov).
Demak, bu maqollarda kasalning kelishi va ketishi, kasallikning botmonlab kelib misqollab ketishi, kasallik filni pashsha qilishi) ma’nolari biri biriga zidlantirilishi natijasida matnning hajv jihatidan betakror bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. Bunday antonimik munosabatdagi maqollarni hikoyaning ichiga olib kirib, undan yumoristik maqsadda foydalanish, yozuvchidan katta mahoratni talab qiladi. Antonimlar ma’nosi (sememasi) strukturasida hamma vaqt umumiy sema bilan birga differensial sema ham bo‘ladi. Xuddi ana shu sema o‘zaro zid bo‘ladi. Shunday ekan, ikki so‘zning antonim yoki antonim emasligini faqat ularning semema strukturasini ochish (komponentli tahlil) asosidagina to‘g’ri belgilash mumkin bo‘ladi. Xullas, antonimlar bir-biriga zid tushunchalar birligini ifoda etish bilan tilda stilistik vosita sifatida qo‘llaniladi va badiiy ta’sirchanlikni oshirishga xizmat qiladi, badiiy nutq uslubining ravonligini ta’minlaydi.



Yüklə 119,55 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə