Nutqiy akt nazariyaSI


Kommunikativ niyat (illokutiv) akti xususida



Yüklə 372,33 Kb.
səhifə10/17
tarix24.12.2023
ölçüsü372,33 Kb.
#159276
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   17
hakimov nutqiy akt

5. Kommunikativ niyat (illokutiv) akti xususida. Nutqiy akt nazariyasininig markaziy masalalaridan biri illokutiv aktdir. Har qanday matnda so‘zlovchi nutq predmeti xususidagi ma’lum axborotni u yoki bu shakl bilan bayon etadi. Axborotning bayon qilinishi so‘zlovchining individual uslubi bilan uzviy bog‘lanadi. Ana shunday vaziyatlarda so‘zlovchi referensial va propozitsional aktning tarkibida o‘z ichki maqsadi asosidagi oshkora yoki yashirin axborotni ham ifoda etadi. So‘zlovchining ichki maqsadi bilan uzviy bog‘langan diktum tarkibidagi oshkora va yashirin nutqiy munosabat illokutiv akt deb qaraladi. Illokutiv akt matn yoki nutqda so‘zlovchi ichki niyatining aks etishidir. Shuning uchun ham bu aktni kommunikativ niyat atamasi bilan nomlash mumkin.
So‘zlovchi o‘z nutqi orqali ma’lum niyatini goh oshkora goh yashirin shaklda bayon qiladi. So‘zlovchi niyatining ifodalanish darajalarida illokutiv kuch muhim o‘rin tutadi. Illokutiv kuchni so‘zlovchining talaffuz va ifodalash imkoniyatlari deb nomlash maqsadga muvofiqdir. Ifodalash imkoniyati (illokutiv kuch ) tushunchasi so‘zlovchining idrok qilish qobiliyati hamda uni bayon qilishidagi illokutsion imkoniyat darajalaridir. Jumladan, tinglovchini ma’lum xatti-harakatlarni bajarishga undash uchun so‘zlovchi nutqiga xos illokutsion qatoiyat kuch ko‘rinishlaridan biri sanaladi.
Ifoda imkoniyati (illokutiv kuch) ko‘rinishlaridan biri bu fikr ifodalash uslubi yoki taktikasi hisoblanadi. So‘zlovchi o‘z niyatini amalga oshirish uchun nutqiy ta’sir etish usuli yoki taktikasi vositasi bilan tinglovchining ichki ruhiyati yoki ichki pozitsiyasini aniqlab oladi. So‘zlovchi nutqini bayon etar ekan, dastlab o‘z ichki niyatini oshkora ifodalamaydi. Bunga ko‘ra so‘zlovchi kommunikativ niyatini, maqsadlarini bayon qilish uchun ma’lum nutqiy vaziyatni yuzaga kelishini kutadilar, shu maonoda illokutiv aktni ifodalash vaziyati yetilishi bilan o‘z niyatlarini propozitsianal mazmunning ostiga yashiradilar. Shunda ham illokutiv maqsad bayoni aks etgan tagmaono ko‘rinishlari propozitsiya semantik tuzilishida ma’lum darajada seziladi.
Qutidor ayniqsa Ziyo akaning og‘zini poylab, ko‘ngli chaqirilmag‘an mehmonlardan tushunmog‘i qiyin bo‘lg‘on bir maononi sezmaqda edi. Oradag‘i so‘zsizlik uzoqqa cho‘zilabergach, Qutidor Hasanalidan so‘radi.
-Bek salomatmi?
-Bizning sizga chaqirilmag‘an mehmon bo‘lishimiz ham Otabekning sog‘lig‘i uchundir. (A.Qodiriy).
Bu matn parchasida so‘zlovchi o‘z kommunikativ niyatini oshkora bayon qilmaydi, balki unga ishora qiladi, xolos. Tinglovchi bu javobning asl maonosini tushunolmaydi. Illokutiv maqsadni bunday ifodalash so‘zlovchining individual uslubiga bog‘liq bo‘lib, bu usul nutqiy vaziyat tushunchasi bilan uzviy bog‘lanadi. So‘zlovchi o‘z niyatini nutqiy vaziyat yetilguniga qadar oshkora bayon etish imkoniyatini yo‘qotish maqsadida o‘ziga xos individual uslubdan foydalanadi.
- Otabek sog‘mi?
- Bu kungacha Otabek salomat, - dedi Ziyo aka yana - Ammo mundin keyingi sog‘lig‘i sizning qo‘lingizda...
Qutidor yana tushunolmay taajjub bilan mehmonlarga qarab oldi.
- Tushunolmadim. (A.Qodiriy).
So‘zlovchi nazarda tutgan illokutiv maqsad bir ikki yashirin bayon qilingach, o‘zining oshkora tasviriga ega bo‘ladi. Asl muddaoning shijoat bilan aytilishi natijasida tinglovchi so‘zlovchining ichki maqsadini anglaydi va uning psixologik holatida o‘zgarish yuz beradi:
Ziyo aka boyagi vaziyatini buzmadi.
- Ajablanmangiz, o‘rtoq, - dedi, - bekning mundin keyingi sog‘lig‘i sizning ixtiyoringizda, bu o‘yin emas - to‘g‘ri gap. (A.Qodiriy).
Ko‘rinadiki, matnning yuqoridagi qismlarida so‘zlovchi illokutiv aktlarni sodir etishda uning lingvistik mezonlaridan illokutiv aktni bayon etish usulidan foydalanadi, keyingi matnda esa illokutiv maqsadning anglanishi bevosita nutq ishtirokchilarining fikr ifodalashdagi shijoatlari ta’sirida amalga oshiriladi.
Qutidor to‘sindan muddaoning kim va nima to‘g‘risida bo‘lg‘anlig‘ini payqab qoldi va o‘zida bir turlik o‘ng‘aysizlik sezdi. (A.Qodiriy).
Illokutiv akt sodir etilishi momentidan u oshkora bayoniga ega bo‘ladi. Bunda nutq ishtirokchilari o‘zlari nazarda tutgan axborotni bir necha bor anglatishga harakat qilganlaridan so‘ng, ular bayon qilmoqchi bo‘lgan yashirin illokutiv maqsad oshkora bayonga o‘tadi va bu ichki niyat tasdiq aktiga aylanib illokutiv maqsad bilan propozitsional mazmunning ifodalanish darajasi tenglashadi. Yaoni so‘zlovchining ichki maqsadi matn propozitsiyasiga teng holatga keladi. Masalan:
- Biz o‘zimizning bu kelishimizda sizning uchun dunyog‘a orzug‘iliq bir o‘g‘ul hadya etganimizdek, insholloh qaytishimizda ham Otabek uchun mujassamai iffat bo‘lg‘an bir rafiqa tuhfa qilarmiz. (A.Qodiriy). Bu matn shakl nuqtai nazaridan xabar mazmuniga ega bo‘lsa-da, unda illokutiv maqsad aks etgan tasdiq akti o‘z bayoniga ega bo‘ladi. Illokutiv akt nutqiy aktning barcha ko‘rinishlari uchun umumiydir. Jumladan, “tasdiq”, “buyruq”, “talab”, “iltimos”, “vaoda” aktlarining barchasida illokutiv maqsad ishtirok etadi.
6. Nutqiy ta’sir etish (perlokutiv) akti xususida. Nutqiy ta’sir etish akti ham nutqiy aktning mazmuniy ko‘rinishlaridan biri sifatida ajratiladi. Perlokutiv akt tushunchasi so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi kommunikativ munosabatning natija mazmunini anglatadi. Nutqiy ta’sir etish aktida so‘zlovchi yoki tinglovchi qaysidir sintaktik birliklarni talaffuz qilish bilan nutq ishtirokchilari his-tuyg‘usi, fikri, harakatiga ta’sir etadi. Dj.Ostinning ta’kidlashicha, “so‘zlash jarayonidagi aktlar lokutiv aktdir. U gapni talaffuz qilishda mazmun va referensiya bilan taominlaydi. Ikkinchidan, nimanidir talaffuz qilish bilan illokutiv aktlarni sodir etadi, ularda aniq konvensional kuchga ega bo‘lgan buyruq, ogohlantirish kabi axborotlar mavjud bo‘ladi. Uchinchidan, gapirish, so‘zlash va talaffuz vositasida nimagadir erishiladi: bu nutqiy ta’sir etish perlokutiv aktini sodir etish usuli hisoblanadi. Bunda so‘zlash ta’sir etish vositasi bilan ishontirish, majbur qilish, hayron qoldirish, adashtirish imkoniga ega bo‘linadi. “Harakat”ning mana shu uch tipi orqali mo‘ljallangan va mo‘ljallanmagan harakatlar asosidagi niyatlarga erishiladi”39.
Nutqiy ta’sir etish aktida so‘zlovchi tinglovchining his-tuyg‘ulariga ta’sir o‘tkazishni niyat qiladi, uni tobe bo‘lishiga majbur qiladi:
Qalandarov uning gapiga quloq solmay davom etdi:
- Kolxozni opichlab katta qilgansiz!.. Kolxozning dardi qaerda, qitig‘i qaerda ekanini yaxshi bilasiz!.. “Bo‘ston”ga o‘xshagan kolxozlardan o‘ntasini bitta chinchalog‘ingiz bilan ko‘tarasiz!.. “Sinchalak” degan qushni bilasizmi, oyog‘i ipday... Shu qush “osmon tushib ketsa ushlab qolaman” deb oyog‘ini ko‘tarib yotar ekan!
Hozir Qalandarovning bu so‘zlariga yarasha so‘z aytish befoyda, balki koni ziyon, lekin shu bilan birga, sukut - rozilik belgisi bo‘lur edi...
Dunyoda bunaqa jonivorlar ko‘p. Arslonbek aka, - dedi - xo‘roz ham “men qichqirmasam tong otmaydi” deb o‘ylar ekan... (Abdulla Qahhor). Bu matnda Saida tomonidan aytilgan nutq nutqiy ta’sir etish akti sifatida Qalandarovning his-tuyg‘usiga ta’sir etadi. Saida tomonidan sodir etilgan perlokutiv akt Qalandarovda paydo bo‘lgan “Saidani osonlikcha yengish mumkin emasligi” xususidagi fikrdir.
Kommunikativ niyat aktining mohiyatida so‘zlovchi nimanidir nazarda tutib ta’sir etadi. Bu buyruq, iltimos, ogohlantirish mazmunidan iborat bo‘lishi mumkin. Perlokutiv aktda esa so‘zlovchi tinglovchini qaysidir harakatlarni bajarishga majbur qiladi, uning his-tuyg‘ulariga, fikriga, harakatlariga ta’sir etadi. “Ogohlantirishning perlokutiv vazifasi kishini hushyorlantiradi, nutqiy ta’sir etish aktining amaliy natijasi xavotirlantirish maqsadidir. Masalan, “Bu ishni qilmang” deyish bilan xavotirga tushirish perlokutiv aktning mohiyatidir”40.
V.P.Zvegensev presupozitsiya xususida so‘z yuritib, nutqiy aktlar tarkibini chegaralab beradi. Uning ta’kidlashicha, lokutiv aktni nutqiy akt, illokutiv aktni nutqiy bo‘lmagan akt (yaoni verbal ifoda shakliga ega bo‘lmagan, biroq matnda ifodalangan yashirin akt yoki kommunikativ niyat - izoh M.Hakimov) nutqiy ta’sir qiluvchi akt sifatida perlokutiv aktni tushuntirib o‘tadi41. Demak, nutqiy akt xususidagi nazariy xulosalar shuni ko‘rsatadiki, lokutiv akt nutqiy akt sifatida so‘zlash akti, aniqrog‘i, talaffuz akti deb yuritiladi. Illokutiv akt esa so‘zlovchining ichki maqsadi bilan bog‘liq ravishda matndagi kommunikativ niyat akti deb tushuniladi, perlokutiv akt esa his-tuyg‘uga ta’sir etish akti deb tushuniladi.
Xullas, nutqiy akt tushunchasi uning semiologik plan asosida ajratilgan lokutsiya, propozitsiya, illokutsiya hamda perlokutsion aktlar tahlilida o‘zining aniq lisoniy mezoniga ega bo‘ladi. Nutqiy aktning bu masalalarini o‘rganish lingvistik pragmatika va uslubshunoslik sohalarining nazariy jihatdan to‘ldirilishida muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, matn va tagmaono masalalarini o‘zaro farqlash uchun ham nazariy mezon bo‘lib xizmat qiladi.



Yüklə 372,33 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə