Reja” Qiyosiy dinshunoslikning metodlari Yahudiylik ta’limoti, an’ana va marosimlari Konfutsiylik ta’limotida ijtimoiy-axloqiy masalalar Zardushtiylikning teologik tizimi va diniy marosimlari “Dinshunoslik” dinni tarixiylik



Yüklə 139,89 Kb.
səhifə10/14
tarix22.03.2024
ölçüsü139,89 Kb.
#182322
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14
11- mavzu din madaniyat fenomeni reja (1)

Yahudiylik dini ta’limoti. Yahudiylik ta’limoti Xudo tomonidan Musoga nozil qilingan “O‘n (10) amr”ga rioya qilishga asoslanadi. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, O‘n amr Muso payg‘ambarga Tur tog‘ida ikki marta tushirilgan bo‘lib, “Tavrot”ning “Chiqish” va “Ikkinchi qonun” kitoblaridan o‘rin olgan. Bu xususda “Chiqish” kitobining 32–bobida: “So‘ngra Xudovand Musoga so‘zlashuvdan forig‘ bo‘lganidan keyin, Sino tog‘ida ikkita shahodat lavhasini berdi. Xudovandning qo‘llari bilan yozilgan ikkita tosh lavha...” deyilgan. Yahudiylarga ko‘ra, Muso o‘z qavmini qo‘llari bilan yasalgan buzoqqa sig‘inayotganini ko‘rib, bundan g‘azablanib, uni uloqtirib tashlab sindirganidan keyin Xudo qo‘yidagi O‘n amrni qayta tushirgan: – Dunyoni yaratgan, yakka–yu yagona Yahvedan boshqa iloh yo‘qligiga imon keltirish; – Yahvedan boshqaga ibodat qilmaslik; – Xudoning nomini bo‘lar bo‘lmasga tilga olavermaslik; – Shanba kunini muqaddas bilib, u kunda dam olish; – Ota–onani hurmat qilish; – Qotillik qilmaslik; – Zino qilmaslik; – O‘g‘rilik qilmaslik; – O‘z yaqinlari (yahudiylar) haqqiga yolg‘on guvohlik bermaslik; – O‘z yaqinlari uyiga, ayoliga, quliga, hayvonlariga, umuman unga tegishli bo‘lgan narsalarga ko‘z olaytirmaslik. Shanba kunini muqaddas, deb bilish yahudiylar nazdidagi eng muhim e’tiqodlardan biridir. Bu borada “Ibtido” kitobida: “Shanba kunini muqaddas deb bilishing uchun eslagin. Olti kun ishlab, ishingni qilib olasan. Ammo yettinchi kun, Xudovandning dam olish kunidir. Sen va o‘g‘ling ham hech qanday ish qilmaysan. Qizing, quling, joriyang, uyingdagi mehmoning ham. Chunki olti kunda Xudovand osmon, yer, dengiz va ulardagi barcha narsalarni yaratdi. Yettinchi kun esa dam oldi. Shuning uchun ham, Tangri sabt (shanba) kunini muborak qildi va ulug‘ladi”.
Ibodat va marosimlari: Ma’lumki, har qanday dinning asosiy ruknlari tizimida ibodat masalasi alohida va o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Yahudiylikda ibodat (“avoda she–ba–lev” ibroniycha – “Qalb xizmati”), tong, peshin va shom paytida qilinadigan kundalik hamda shanba kuni sinagogada bo‘lib o‘tadigan haftalik ibodatdek ikki shaklga bo‘linadi. Haftalik ibodat (Shabat–Sabt) juma kuni Quyoshning botishi bilan boshlanadi va shanba kuni nihoyasiga yetadi. Shanba kuni olov yoqish, ishlash, hatto transportdan foydalanish ham taqiqlanadi. Yahudiylik ta’limotiga ko‘ra, Xudo olamni olti kunda yaratib, yettinchi kuni dam olgan. Shuning uchun ham, yahudiylar yettinchi – shanba kunini dam olish va ibodatga bag‘ishlaydi. Sinagoga (yun. “jamlanish”; ibr. – “beyt kneset” – “jamlanish o‘yi”)da ibodatlar, balog‘atga yetgan (o‘n uch yosh) va kamida o‘nta erkak kishidan iborat jamoat bo‘lganda o‘tkaziladi. Bunga “Minyan” deyiladi. Ruhoniy yoki jamoatdan biron kishi boshqaradigan ibodat vaqtidagieng muhim lahza “Tavrot” o‘ramalarining tugunlar ichidan chiqarilishi va ruhoniy tomonidan o‘qilishidir. Ovozni chiqargan holda “Tavrot”dan parchalar o‘qish sinagogadagi ibodatlarning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Yahudiylarda faqatgina sinagogada emas, uyda ham ibodat qilinadi. Uylarda kirish eshigining yuqorisida “mazuza” deb nomlangan, uzun bir quvur ichiga o‘rama holida qo‘yilgan “Tavrot”dan jumlalar yozilgan qutichalar osilgan bo‘ladi. Uyga kirish va chiqishda yahudiylar “mazuza”ga tegib barmoqlarini o‘padilar. Yahudiylarga ko‘ra, “mazuza” ularni yovuz ruhlar yomonligidan saqlaydi. Uyda olib boriladigan ibodat vaqtida boshga bosh kiyim, ustga esa chakmon tashlanadi. Duolarning eng muhimi sanalgan 16 tasi oyoqda tik turgan holda aytiladi. Boshqalarini o‘qiyotganda tiz cho‘kish, vujudni tebratib turish kabi harakatlar qilinadi. Sinagogalar iqlim, mintaqa yoki konkret madaniyat ta’sirida turli me’moriy uslublarda qurilishi mumkin. Lekin barcha sinagogalarda albatta, uch unsur joy olishi shart. Ular: Aron Kodesh, Ner Tamid va Bimadir. Quddusga yo‘nalgan muqaddas sandiq (shkaf) – Aron Kodesh ichida “Tavrot” tumorlari saqlanuvchi maxsus joy bo‘lib, u masjiddagi “mehrob”ga o‘xshash vazifani bajaradi va kirish eshigining to‘g‘risida bo‘ladi. Ner Tamid esa – (ibr. “abadiy shamchiroq”) sinagogada “Tavrot” solingan sandiq ro‘parasida joylashgan bo‘lib, doimo yonib turuvchi shamchiroqdir. Singogalarda Ner Tamid Menorani eslatib turuvchi ramz sifatida qo‘yiladi. Bima (yoki teva, almemar) esa – sinagoganing markazida joylashgan, “Tavrot” o‘qiladigan minbardir. Diniy marosim va bayramlar ham sinagogalarda amalga oshiriladi. Yahudiylarda Rosh Ashona, Yom Kipur, Pesax, Shavuot, Sukkot, Simxa Tora, Purim, Hanukka va boshqa shu kabi diniy va milliy bayramlar (ibr. –Yom tov – yaxshi kun) mavjud. Rosh Ashona (ibr. – “yil boshi”). Yahudiy milliy taqvimiga ko‘ra yangi yil bayrami tishre (sentabr–oktabr) oyining birinchi va ikkinchi kunlarida nishonlanadi. Yahudiylik ta’limotiga ko‘ra, bu kunda ilk inson Odam yaratilgan va shu kunda Xudo tomonidan berilgan taqiqni buzib, jannatdan chiqarilgan. Bu insonga chiqarilgan ilk hukm edi. Shundan buyon mazkur kunda Xudo bandalari ustidan hukm chiqaradi. Masalan, yangi yilda kimning vafot etishi va kimning yashashi o‘lim yoki hayot kitoblariga yoziladi. Biroq, mazkur kunlarda o‘yin–kulgu qilinmay, 10 kun davomida istig‘for aytib, ibodat qilish orqali insonning nomi o‘lim kitobiga emas, balki hayot kitobiga yozilishiga erishish mumkin. O‘n kun davom etgan Rosh Ashonaning oxirgi kunida Yom Kipur bayrami nishonlanadi. Bu kuni hech qanday ish qilinmay, faqat ibodat bilan mashg‘ul bo‘linadi. Yahudiylar Yom Kipurda ro‘za tutishlari, sinagogada nadomatlar bilan yig‘lab qilgan gunohlariga tavba qilishlari shart. Ularning e’tiqodiga ko‘ra, Rosh Ashonada rejalashtiriladigan insonning bir yillik taqdiri Yom Kipurda qilingan ibodat va tavbasiga qarab belgilanadi. Pesax (Pasxa) yillik bayramlar orasida eng e’tiborlisi bo‘lib, nisan (mart–aprel) oyininng o‘n beshinchi kunidan boshlanib, sakkiz kun davom etadi. Ushbu bayram yahudiylarning Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganlari munosabati bilan nishonlanadi va mazkur kunlarda xamirturishsiz non “massa” iste’mol qilinadi. Buni tanovul qilish bilan har bir yahudiy ota–bobolariningMuso boshchiligida chekkan mashaqqatlarini his qiladi, deb hisoblanadi. Pesaxdan keyingi 50–kuni sivon (may–iyun) oyining 6–7 kunlari yahudiylar ikki kun davom etadigan Shavuot (Sheviot) (ibr. – haftalar) bayramini nishonlaydilar. Shavuot dastlab dehqonchilik bayrami bo‘lgan, keyinchalik Sinay tog‘ida Musoga “Tavrot”ning berilishi munosabati bilan nishonlangan. “Talmud”da keltirishicha, Xudo Shavuotning birinchi kechasi O‘n amrni tushirgan. Shuning uchun ham, mazkur kunlarda “Tavrot”, “Talmud” va shu kabi muqddas yozuvlaridan saralab jamlangan “Tikun”ni o‘rganishga alohida e’tibor beriladi. Sukkot (chodirlar bayrami) yahudiylar Misrdagi qullikdan ozod bo‘lganlaridan so‘ng, cho‘lda chodirlarda kun kechirganlarini xotirlab o‘tkaziladigan marosim. Qadimda yahudiylar mazkur marosim kunlarida Quddusga ziyoratga borganlar. Bugunga kelib bu an’ana tusidan chiqqan. Sukkot tishre (sentabr–oktabr) oyining 15–kunidan boshlanib 7 kun davom etadi. Yahudiylar bu muddat davomida an’anaviy ravishda, o‘z uylarining oldiga chodir quradilar. Har yili bir marta “Tavrot” o‘qib chiqilib, oxirida Sukkot boshlanishining 9–kuni xatm bayrami “Simxat Tora” (ibr. “Tavrot quvonchi”) nishonlanadi. Har bir yahudiy xonadonida “Tavrot” bo‘lib, unga nisbatan hurmat hamma narsadan ustun turadi. Biror yig‘ilishda “Tavrot” yerga tushirib yuborilgudek bo‘lsa, u yerda bo‘lganlarning barchasi kafforati evaziga 30 kun ro‘za tutishlari shart bo‘lib qoladi. Milliy xususiyatga ega Purim (Shirinlik bayrami) adar (fevral–mart) oyining 14–kuni nishonlanadi. Ushbu bayram Quddusda 1 kun, boshqa joylarda esa 2 kun davom etadi. Bu bayram Ester ismli qiz tufayli yahudiylarning Eronda qatliomdan qutilib qolishlari sharafiga bag‘ishlanadi va unda ko‘ngilochar bazmlar uyushtirilib, shirinliklar tarqatiladi. Hanukka (ibr. – “yangilanish”, “yoritish”) yahudiylarning Suriya qiroli Antiokas ustidan qozongan g‘alabalari sharafiga bag‘ishlangan bayram hisoblanadi. 168–yilda yahudiylarning Salavkiylarga qarshi olib borgan kurashlari asnosida, yunonlar ibodatxonaga bostirib kirib, u yerdagi yog‘larning barini iflos qilib tashlaydilar. Yahudiylar g‘alaba qozongach, ibodatxonada menorani yoqish uchun, atigi bitta idishda bir kunga yetadigan toza yog‘ topadilar. Shunda mo‘jiza yuz berib, bir kunga yetadigan yog‘ bilan sakkiz kun davomida menora yoniq turadi. Kislav (noyabr–dekabr) oyining yigirma beshinchi kunidan boshlanib 8 kun davom etadigan bu bayramning odatiy kunlardan birgina farqi hanukkiya deb nomlangan to‘qqiz shoxali shamdondan har kuni bittasining yoqilishidir. Yahudiylikda dafn marosimi ham muayyan o‘ziga xosliklarga ega. Inson vafot etgach, qarindoshlari maxsus kiyim kiyib (bu urf asosan ortodoksal oqimda saqlangan), sham yoqishadi. Mayyitni oq kafanga o‘rab, “Kaddish” (oromiycha – “Muqaddas”, sinagogalarda o‘qiladigan ibodat duosi)ni o‘qiydilar. O‘lik chiqqan xonadonda bir hafta davomida aza tutilib, uydan tashqariga chiqilmaydi. Bir yil o‘tgach, mayyitni xotirlab “yil marosimi” (“Yorsayt”) ni o‘tkazib, maqbaraga qabr toshi o‘rnatadilar. Yom– kipur, Sukkot, Pesax bayramlarida marhumlarni xotirlab “Yizkor” deb nomlanadigan maxsus duolar o‘qiladi. Yahudiylikda yuqoridagilardan tashqari mustaqillik, motam kuni hisoblangan “Tisha be av” va boshqa shu kabi milliy, diniy va tarixiy mazmunga ega bo‘lgan bir qancha bayram va marosimlar bo‘lib, ularni nishonlashda oqim va firqalarda ba’zi bir juz’iy farqlar kuzatiladiBarcha dinlarda bo‘lgani kabi yahudiylikda ham uzoq tarixiy taraqqiyot davomida ichki bo‘linishlar yuzaga kelgan. Xususan, mutaxassislar shartli ravishda ularni uch guruhga – saduqiylik, farziylik va essaniniylarni o‘z ichiga olganklassik, hasidiylik, qaroim kabi oqimlardan iborat o‘rta asr va islohotchi, konservativ kabi oqimlarni qamrab olgan zamonaviy oqimlarga ajratishadi.
Saduqiylik klassik oqimlar orasida, muayyan o‘ziga xosliklari bilan boshqalardan farqlanadi. Mazkur oqimning vakillari asosan yirik yer egalari, yuqori qatlam vakillari (aristokratlar)dan iborat bo‘lgan. Saduqiy atamasi Sulaymon payg‘ambar podshohlik qilgan davrda ruhoniy bo‘lgan Sadoka (Sadok) nomidan kelib chiqqan. Voqelikka ratsionalistik yondashuv saduqiylikda bir qator aqidaviy o‘ziga xosliklarni keltirib chiqargan. Xususan, ruhning abadiy emasligini ta’kidlash, insonning qayta tirilishi, farishtalarning mavjudligini inkor etish, ular barcha narsaga ratsional ko‘z bilan qarab, Xudo bandalarining ishiga aralashmaydi, har bir inson taqdirini o‘zi yaratadi, deb hisoblash unga xos xususiyatlardan hisoblanadi. Farziylar (ibr. – “perushim” – “ayri bo‘lish”, “nopokliklardan uzoq bo‘lish”, “sharhlash”) oqimi mil. avv. II asrda e’tiqod va amalda saduqiylikka muxolif ravishda yuzaga kelgan. Shuningdek, saduqiylikdan farqli ravishda, farziylarning o‘zagini qo‘yi tabaqa vakillari va kambag‘allar tashkil etgan. Yahudiylik qonun–qoidalariga qattiq rioya qilinishini talab qiladigan ushbu oqim Xudo har bir narsani nazorat qilishi, bandaga xos hur irodaning mavjudligi, o‘limdan keyin qayta tirilish, jannat, jahannam, farishtalarning borligi, jazo va mukofotning borligiga ishonishga asoslanadi. Issiyim ya’ni Essaniylar saduqiylik va farziylik bilan bir davrda paydo bo‘lgan klassik oqimlardan biridir. “Issiyim” so‘zi tarixiy matnlarda uchramasa–da, manbalarda uning “dindor zohidlar” ma’nosini anglatishi ko‘proq ta’kidlanadi. Essaniylarning e’tiqod asoslari farziylarnikiga yaqin bo‘lib, ular insonlarning taqdiri oldindan yozib qo‘yilganini, qayta tirilishni va farishtalarning mavjudligini va e’tirof etadilar. Xususan, farishtalar – muqaddas mavjudotlar, “Osmon o‘g‘illari”, amalga oshiradigan ishlariga qarab “Nurlar qiroli”, “Zulmat farishtasi”, “Ozodlik farishtasi”, “Mastemah (shayton)”, “Saqlovchi farishtalar” kabi sinflarga ajratiladi. Shuningdek, ularning ta’limotiga ko‘ra, inson vafot etgandan so‘ng, uning ruhi osmonga ko‘tarilib, yaxshi ruhlar abadiy baxtli hayot kechiradilar, yomon ruhlar esa, qahraton sovuqda azoblanadilar. Shuning uchun ham, har bir essaniy o‘z hayotida doimo yaxshi amal qilishga, axloqiy normalarga qat’iy rioya etishga harakat qilishi lozim, deb hisoblanadi. XVIII asrning birinchi choragida yuzaga kelgan hasidiylik (ibr. – “dindorlar”) o‘rta asr oqimlar ichida alohida o‘rinni egallaydi. Uning asoschisi Baal Shem Tov dinning mohiyatiga aql bilan emas, balki his–tuyg‘ular orqali erishiladi, degan tamoyildan kelib chiqib, shariat qonunlarini o‘rganishni emas, balki diniy hissiyot va axloqni birinchi o‘ringa qo‘ygan edi. Shu bilan bir qatorda, hasidiylar shanba va bayram kunlari “Shtrayml” nomli telpak kiyishlari bilan boshqa oqimlardan ajralib turadi. Umuman olganda, hasidiylar hayotning barcha jabhalarida axloq normalarga qattiq rioya etib, “Tavrot”da belgilangan bo‘yruqlarni bekamu kust bajarishga harakat qiladilar. “Islohotchi yahudiylik” zamonaviy oqimi XIX asr boshlarida Germaniyada yuzaga kelgan. Nemis ruhoniylari Abram Geyger (Abraham Geiger) va Moses Mendelson (Moses Mendelsohn)larning Markaziy Yevropada yashovchi yahudiylarni o‘zlari yashayotgan mamlakatning madaniyatiga moslashishga chaqiriqlari ushbu oqim yuzaga kelishiga g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qilgan. Ushbu islohotchilik harakati Yevropada yuzaga kelgan bo‘lsa–da, tom ma’nodagi oqim sifatida AQShda shakllandi, deyish mumkin. Bugungi kunda, islohotchi yahudiylar soni Isroilda taxminan5–6 ming kishi bo‘lsa, AQShda yashovchi yahudiylarning 40 foizini tashkil qiladi. “Islohotchi yahudiylik” “ortodoksal”cha qarashlarni o‘zlariga qabul qilmaydilar. “Islohotchi yahudiylik”ka xos xususiyatlar 1885–yilda qabul qilingan Pitsburg (Pittsburg) platformasi nomini olgan qarorda o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, “yahudiylar endi bir xalq (millat) emas, balki bir jamoatdir, qadim yahudiy shariatidan faqatgina zamonaviy hayot tarziga mos bo‘lganlarigina qabul qilinishi mumkin”. Shunday yondashuvdan kelib chiqib, masalan, shabat kuni ibodati yakshanba kuniga ko‘chirilgan. Shuningdek, islohotchi yahudiylikda sinagogada ayollar erkaklar bilan yonma–yon o‘tirib ibodat qilishlari hamda ruhoniy sifatida marosimlarni boshqarishi ham mumkin. Bundan tashqari ibodat vaqtida bosh kiyim kiyish majburiyati yo‘q. Boshqa e’tiqod vakillari bilan nikoh munosabatlariga kirishishga monelik qilinmaydi. Ota– onasidan qaysi biri yahudiyligidan qat’i nazar, farzand ham yahudiy, deb e’tirof etiladi. Islohotchi yahudiylikka javob sifatida konservativ yahudiylik yuzaga kelganini ham qayd etish lozim. 1885 yilda qabul qilingan Pitsburg platformasi qarorlariga qarshi chiqqan Gamburgning bosh ruhoniysi Isaak Bernays (Isaac Bernays) va Zakariyo Franklen (Zacharia Franklen) boshliq bir guruh muxolif ruhoniylar asos solgan oqim o‘zining nufuzi va ergashuvchilari soni jihatidan AQShda islohotchi, Isroilda esa ortodoksal yahudiylikdan keyingi o‘rinda turadi. Bugungi kunda konservativ yahudiylik galaxa (yahudiy shariati majmuasi)ni ijtimoiy hayotda dasturulamal deb hisoblaydi. Islohotchilardan farqli ravishda konservativ yahudiylikda boshqa e’tiqod vakillari bilan oila qurish qabul qilinmaydi va faqat yahudiy onadan tug‘ilgan bola yahudiy deb hisoblanadi. Yuqoridagilardan tashqari Rekonstruktiv yahudiylik, Messian yahudiylik, Shanbachilar kabi yana bir qator oqimlar bo‘lib, ular asosan XIX asrda yuzaga kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ilk sinagoga Buxoroda VIII asrda qurilgan. XII asrgacha yahudiylar aholining himoya qilinuvchi qatlami – zimmiylar deb atalib, ularga alohida mahallalar qurib, o‘z jamoalari bilan tinch–osuda yashashga sharoit yaratib berilgan. Sayohatchi Veniamin Tudelskiy o‘z kundaliklarida yozib qoldirishicha, 1170 yilda birgina Samarqandda 30 000 yahudiy yashagan. XVI asrda Eronda yahudiylarga qarshi olib borilgan harakatlar natijasida ularning ko‘pchiligi Markaziy Osiyodan panoh topgan. Bu Markaziy Osiyoda yashayotgan yahudiylar sonining yanada oshishiga zamin yaratgan. Yahudiylarning Markaziy Osiyo mintaqasida uzoq vaqt mobaynida tinch–totuv yashashi va bu yerlarga bog‘lanib qolishi ularning tarkibida “buxoro yahudiylari” deb ataladigan qatlamni vujudga keltirdi. Ular, asosan, fors tilining Samarqand–Buxoro dialektlarida so‘zlashishgan. Yahudiylarning yurtimizga kirib kelishi Ikkinchi jahon urushi davrida yanada kuchaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha yillari Rossiya, Moldaviya, Ukraina va Belorussiyadan deyarli 180 ming yahudiy O‘zbekistonga ko‘chib keldi. Bugungi kunda yahudiylar asosan Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi yirik shaharlarda istiqomat qiladilar. Mamlakatimizda Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan 8 ta yahudiy sinagogasi, 5 ta yahudiy milliy–madaniy markazi, shuningdek, Yahudiylar tarixi muzeyi faoliyat olib bormoqda.

Yüklə 139,89 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə