Texnika falsafasi


Dunyoning an’anaviy ilmiy-muhandislik manzarasi inqi-rozi



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə61/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Dunyoning an’anaviy ilmiy-muhandislik manzarasi inqi-rozi. Ma’lumki, muhandislik faoliyati ham, tabiiy ilmiy bilimlar ham, texnika ham tabiat va insonga kuchli ta’sir ko‘rsatadi, ularda muayyan o‘zgarishlar bo‘ladi. To‘g‘ri, buning natijasida tabiatga muno-sabat ham, u haqdagi tasavvurlar ham o‘zgaradi. Bugungi kunda fayla-suf va olimlar ongida butun tabiatni ziddiyatlarsiz yaxlit tasavvur qilish mo‘ljali hukm surmoqda. Turli xil (birinchi, ikkinchi, moddiy, ma’naviy, kosmik va h.k.) “tabiatlar”ni tabiiy dunyoning yagona manzarasiga kiritish yo‘lidagi urinishlarni hanuzgacha ayni shu mo‘ljal (qadriyat) ilhomlantirmoqda. Bunday sintezlarning muammosi bitta: birlashtirib bo‘lmaydigan ontologik belgilarni birlashtirish, bir-biri bilan bog‘lash, ularni muayyan haqiqatnamo va ishonarli mantiqda deduksiyalash. Bunda, tabiatga tabiiy ilmiy yondashuv ustun bo‘lgani bois, sintez aynan ontologik darajada amalga oshiriladi.
Tabiatni sintez qilish, tabiiy dunyoning ziddiyatlardan xoli yagona manzarasini yaratish mo‘ljaliga hozirgi zamon madaniyatida boshqa – ayrim tabiatlarni tabaqalashtirish, bir-biridan ajratish mo‘ljali qarshi turadi. Bunda har bir tabiat faqat mazkur tabiat “hududi”da amal qiluvchi alohida qonunlar bilan tavsiflanadi. Masalan, madaniyat qonunlari tarixiy va qisman sun’iy, birinchi tabiat qonunlari esa – abadiy va tabiiy. Gumanitar tabiat hodisalari refleksiv munosabatlarga hamda “tushunuvchi” va “dia-logik” kommunikatsiya munosabatlariga, texnik tabiat hodisalari esa – texnik harakat va samaradorlik tamoyillariga bo‘ysunadi. Ayrim tabiatlarni alohida ajratish mo‘ljali muayyan soha mutaxas-sislarining ishida, fanlarning konkret guruh va turlari (masalan, tabiiy, matematik, texnik, gumanitar, ijtimoiy fanlar)da, ayniqsa, faol qo‘llab-quvvatlanadi.
Shunga qaramay, bugungi kunda tabiiy dunyoning yaxlit manzarasini yaratishga intilish muhim. Ma’lumki, tabiat pirovard natijada muayyan turdagi bilish faoliyati, ma’lum fan va amaliyot-lar guruhining ontologik hamda metodologik asosi hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, tabiatlar sintezi ikki o‘zaro perpendikulyar – ontologik va metodologik yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim. Turli bilish faoliyatlarini, fanlarning turli guruhlarini metodo-logik o‘rganish ularning ontologik asoslari va mazmunini aniqlash imkonini beradi; shundan so‘ng mazkur asoslarni birlashtirish yo‘l va usullarini muhokama qilish zarur. Bunda yaxlit ontologik sintez talab etilmasligi ham mumkin: uning o‘rnini bir turdagi ilmiy fanlardan boshqa turdagi ilmiy fanlarga o‘tish, shuningdek, o‘zaro bog‘lanuvchi turli tabiatlar chegarasidagi ontologik manzara va mazmunlar o‘rnini almashtirish egallaydi.
Davrimizning boshqa muhim madaniy muammosi – birinchi tabiatga inson faolligi ta’sirini e’tiborga olish zaruriyati. Darhaqiqat, tabiat haqidagi odatdagi tasavvur inson faolligi (bilish, muhandislik va ishlab chiqarish sohalaridagi faollik) tabiat parametr va xususiyatlarini o‘zgartirmaydi, chunki aslida tabiat qonunlaridan kelib chiqadi. Frensis Bekon biz tabiat ustidan uning qonunlariga bo‘ysunib g‘alaba qozonamiz, degan edi. Ammo XX asrda insonning madaniy faoliyati misli ko‘rilmagan darajaga yetgani, uni qurshagan tabiatga ta’sir ko‘rsatib, uning xususiyat va qonunlarini o‘zgartira boshlagani ayon bo‘ldi. Binobarin, “tabiat” tushunchasi ham o‘zgartirilishi lozim, birinchi tabiatgina emas, balki birinchi tabiat va inson faoliyati (madaniyat) birligi, ya’ni tabiiy-sun’iy yaxlitlik ham tabiat deb hisoblanishi darkor.
Nihoyat, yana bir madaniy muammo – inson faoliyati tabiatini aniqlash. “Inson tabiatni halok qiluvchiga aylanayotganini u tabiat-dan haddan tashqari uzoqlashgani, tabiiy va soddalikdan yiroq, o‘z-o‘zidan rivojlanuvchi mustaqil kuchga aylangani bilan emas, balki, aksincha, ayrim alohida ijtimoiy munosabatlar doirasida u o‘zini mas’uliyatsiz va qo‘pol tabiatnamo stixiya kabi tutayotgani bilan izohlash mumkin bo‘lsa kerak”, – deb ta’kidlaydi G.Batiщev1. Albatta, ijtimoiy va gumanitar fanlar inson faoliyati hamda madaniyat tabiatini tavsiflashga harakat qilmoqda, lekin bugungi kunda bu harakatlarning o‘zi kifoya qilmaydi.
Hozirgi vaqtda “ehtiyoj” tushunchasi, shuningdek, insonning munosib mavjudligi obrazi ham qayta ko‘rilmoqda. Hozirgi zamon odamlarining ehtiyojlari ko‘p jihatdan ilmiy-texnika taraqqiyoti bilan belgilanishi, ayni shu taraqqiyot insonni erkidan mahrum qilayotgani tufayli, insonni texnikaga qaramlikdan xalos qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Bu masalani yechish esa insondan texnika va tabiatga o‘z munosabatini o‘zgartirishni talab qiladi.
Lo‘nda qilib aytganda, bugungi kunda dunyoning an’anaviy ilmiy-muhandislik manzarasi barcha asosiy elementlarini, shu jumladan, muhandislik g‘oyasini ham qayta ko‘rishga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, bu g‘oyaga ilmiy-texnika taraqqiyoti natijasida yuzaga kelgan barcha muammolarni ilmiy-muhandislik metodi, oqilona usul yordamida hal qilish mumkin, degan tasavvur ham kiradi. Bizningcha, bu uncha to‘g‘ri emas. Sotsiumda faoliyat turli madaniy kichik tizim-larga kiradi, shu ma’noda, ularning hayot mantiqi, shu jumladan, qadriyat va mo‘ljallariga bo‘ysunadi. Oqilona tashkillashtirilgan faoliyatdan farqli o‘laroq, madaniy kichik tizimlardagi hayot turli mo‘ljalli, ba’zan qarama-qarshi kuch va qadriyatlarning o‘zaro aloqasi hamda kurashi bilan tavsiflanadi. Shu nuqtai nazardan olib qara-ganda, ayrim faoliyat harakatlarini boshqa faoliyat borlig‘ini hisobga olmasdan amalga oshirish nafaqat kerakli natijaga olib kelmasligi, balki kutilayotganga zid natija berishi ham mumkin.
Binobarin, inson faoliyatining “tabiati” uning madaniy elementlariga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi, ikki qatlam – oqilona asosda tashkil etiladigan faoliyat harakatlari va o‘zgacha mantiqqa muvofiq yashaydigan madaniy element (kichik tizim)lardan tarkib topadi. Shu sababli bugungi kunda jamiyatda yuzaga kelayotgan muammolarning aksariyatini ilmiy-texnik yo‘l bilan yechish mumkin emas.
Muhandislik g‘oyasi, umuman, muhandislik inqirozi uni yechishning yangi, muqobil yo‘llarini izlashga majbur qilmoqda. Odatda, texnik tafakkur bu yerda chiqindisiz ishlab chiqarish, insonga do‘st bo‘lgan yangi texnologiyalar (EHM, ekologik jihatdan sof energiya manbalari, noan’anaviy materiallardan yasalgan qurilma hamda mashinalar va h.k.), tutash sikllardan iborat ishlab chiqarishlarni yaratish, biotexnologiyalarni yanada kengroq rivojlan-tirish yo‘lidan boradi. Siyosiy tafakkur jamoaviy javobgarlik va cheklashlar tizimini yaratish (masalan, ozon qatlamini buzuvchi moddalar ishlab chiqarishdan voz kechish, atmosferaga chiqariladigan issiqlik va zararli moddalar miqdorini kamaytirish) yo‘lini tanlaydi. Ikkala yo‘l ham, albatta, zarur. Ammo texnika falsafasi ko‘rsatayotgan yana bir yo‘l bor: texnik sivilizatsiyamiz zamirida yotgan g‘oyalarga, eng avvalo, tabiiy fan va muhandislik g‘oyasiga tanqidiy ko‘z bilan qarash, uni qayta idrok etish muhim ahamiyatga ega.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə