Toshkent davlat agrar universiteti


- mavzu. Oʻzbekiston va jahon hamjamiyati



Yüklə 434,36 Kb.
səhifə27/51
tarix28.11.2023
ölçüsü434,36 Kb.
#136919
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   51
Oʻzbekiston respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi toshkent da-fayllar.org

11- mavzu. Oʻzbekiston va jahon hamjamiyati.


Reja:


1. Oʻzbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati va uning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi.
2. Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarining yoʻlga qoʻyilishi.
3. Oʻzbekistonning geosiyosiy va geoiqtisodiy oʻrni. Oʻzbekistonning mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi olib borgan siyosati.
4. Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari, terrorizm, giyohvandlik va odam savdosiga qarshi kurashda Oʻzbekiston Respublikasining faoliyati.
Mustaqillikning qo`lga kiritilishi tufayli O`zbekistonning xalqaro maydondagi siyosati tarixida ham mutlaqo yangi davr boshlandi. O`zbekiston mustaqil davlat sifatida jahon jamiyatida o`ziga munosib o`rinni egallashga intilmoqda. Bu jarayonni idrok qilish uchun, avvalo, XXI asr bo`sagʻasida dunyoda qanday o`zgarishlar sodir bo`lganini, dunyoning qiyofasi qanday ekanligini bilish zarur. Darhaqiqat, XXI asr bo`sagʻasida jahon taraqqiyotining mazmuni tubdan o`zgardi. Ilgari mafkuraviy jihatdan bir-biriga zid, sobiq SSSR va AQSh yetakchiligida sotsialistik va kapitalistik tuzum, ikki harbiy-siyosiy blok (ya‘ni NATO va Varshava shartnomasi) mavjud bo`lib, dunyo xavfsizligi ular orasidagi o`zaro muxoliflik muvozanatiga asoslangan edi. Sobiq SSSRning parchalanishi, sotsialistik tuzumning halokatga uchrashi, Varshava shartnomasining tarqalib ketishi, yangi mustaqil davlatlarni paydo bo`lishi natijasida yangi gʻoyat murakkab va qaltis bir davr keldi.

Dunyoning qaltis, tahlikali ekanligini Birinchi Prezident I.Karimovning “O`zbekiston XXI asr bo`sagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari” asarida tahlil qilib berilgan. Dunyoning tahlikali ekanligidan dalolat beruvchi quyidagi omillar mavjud: birinchidan, davlatlararo munosabatlar tizimida muvozanat buzildi. Dunyoda siyosiy, iqtisodiy bo`linish ro`y berdi. Ilgari kuchlar markazi ikki joyda bo`lsa (SSSR va AQSh), endi ko`pqutbli bo`lib qoldi va nazorat qilish qiyinlashdi. Ikkinchidan, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o`rtasida ijtimoiy-iqtisodiy notekislik va ziddiyatlar o`sdi. Uchinchidan, ko`pgina davlatlarda ijtimoiy osoyishtalikka qarshi xavf-xatarlar o`sib borayapti. Mulkiy tafovut kuchaydi, ishsizlik, qashshoqlik avj olmoqda. To`rtinchidan, bir qator mintaqalarda, hatto bir mamlakat fuqarolari o`rtasida milliy-etnik va diniy nizolar kelib chiqib, mojarolarga, qonli urushlarga aylanmoqda. Jumladan, O`zbekiston xavfsizligiga ham Afgʻoniston va Tojikistondagi mojarolar tahdid solmoqda. Beshinchidan, umumiy, mintaqaviy va milliy xavfsizlikka diniy ekstremizm va fundamentalizm ham tahdid qilmoqda. Oltinchidan, ayrim davlatlardagi muayyan siyosiy kuchlar tomonidan yuritilayotgan buyuk davlatchilik shovinizmi va agressiv millatchilik siyosati ham mavjud. Yettinchidan, yalpi yadro urushi xavfi kamaygan bo`lsa-da, ekologik tanglik, biogenetik buzilishlar xavfi saqlanib qoldi. O`zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o`rinni egallashida, uning geopolitik shart-sharoitlari qanday degan savol tugʻiladi.


O`zbekiston geografik-siyosiy jihatdan ancha murakkab va shu bilan birga qulay ahvolda. Bu, birinchidan, respublikamiz Markaziy Osiyo mintaqasining transport, energetika va suv tizimlari markazida joylashgan. Ikkinchidan, aholi soni, ilmiy-texnikaviy va boshqa jihatlar bo`yicha qo`shnilaridan ma‘lum darajada ustunligi bor. Uchinchidan, qulay tabiiy-iqlim sharoitlariga, boy mineral xomashyo resurslariga ega. To`rtinchidan, respublika nafaqat o`zini-o`zi ta‘minlaydigan, balki chetga chiqarishga neft, gaz, rangli metall va iqtisodiyotning boshqa asosiy tarmoqlariga ega. Beshinchidan, O`zbekistonning jahonga mashhur boy ma’naviy merosi bor, shu tufayli insoniyat sivilizatsiyasida salmoqli o`rin egallab, nafaqat mintaqada, balki dunyoning ma‘naviy va siyosiy jarayonlariga ta’sir o`tkazib kelgan.
SHu bilan birga, geopolitik jihatdan O`zbekistonga qiyinchiliklarni tugʻdiruvchi omillar ham mavjud. Bu, birinchidan, O`zbekiston geografik-strategik jihatidan qaraganda Markaziy Osiyoda suv resurslari tanqisligi, Orol ekologiyasi ta’siri kuchayganligidir. Ikkinchidan, bu mintaqada xavfsizlik tizimi yo`lga qo`yilmagan. Uchinchidan, musulmon dunyosidagi ba’zi kuchli davlatlarning bir-biriga mos kelmaydigan mafaatlari bizning mintaqamizda ham sodir bo`lishi ehtimoldan holi emas. Bizning davlatimiz mintaqada xavf-xatarning bugungi kundagi ikki uchogʻi - Afgʻoniston va Tojikiston bilan chegaradosh. To`rtinchidan, mintaqada kommunikatsiyalar nomaqbul ravishda shakllantirilgani, uning tarmoqlari talabga javob bermasligi. Ayniqsa, O`zbekistonni bevosita dengizga chiqa olmasligi, uning iqtisodiy aloqalarini chegaralaydi. O`zbekistonning geopolitik imkoniyatlarini inobatga olib, davlat rahbariyati milliy manfaatlarimizga mos keladigan puxta tashqi siyosat olib bormoqda.
O`zbekistonning mustaqil davlat sifatida tashqi siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat: 1) mafkuraviy qarashlardan qat‘i nazar hamkorlik uchun ochiqlik, umuminsoniy qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik; 2)davlatlarning suveren tengligi va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish; 3)boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik; 4) nizolarni tinch yo`l bilan hal etish; 5) kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik; 6) inson huquqlarini va erkinliklarini hurmatlash; 7) ichki milliy qonunlar va huquqiy normalardan xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalar va normalari ustuvorligi; 8) tajovuzkor harbiy bloklar va uyushmalarga kirmaslik; 9) davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish, hamdustliklarga kirish va ulardan ajralib chiqish; 10) davlatlararo aloqalarda teng huquqlik va o`zaro manfaatdorlik, davlat milliy manfaatlarining ustunligi; 11) tashqi aloqalarni ham ikki tomonlama, ham ko`p tomonlama kelishuvlar asosida rivojlantirish.
Ushbu tamoyillar asosida olib borilayotgan tashqi siyosat natijasida O`zbekistonning xalqaro munosabatlari tobora kuchayib, uning jahon siyosati maydonidagi o`rni va mavqeyi mustahkamlanib borayapti. Hozir O`zbekistonni 182 davlat tan olgan, dunyodagi 120 dan ortiq mamlakat bilan rasmiy diplomatiya munosabatlari o`rnatilgan. O`zbekistonda 88 ta chet davlat elchixonasi va vakolatxonalari ro`yxatdan o`tgan, 24ta hukumatlararo tashkilot va 13 ta nohukumat tashkilotlar faoliyat ko`rsatmoqda.
2. O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini qo`lga kiritgan dastlabki kunlaridanoq jahon hamjamiyatiga qo`shildi, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda. 1992-yil 2-martda O`zbekiston eng nufuzli xalqaro tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ga qabul qilindi. 1993-yil fevralida Toshkentda BMTning vakolatxonasi ochilib, ish boshladi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti BMT sessiyalarida xalqaro hayotning muhim masalalarini tinch vositalar bilan hal qilish muammolarini ko`tarib chiqishi va bu borada O`zbekiston Respublikasi va BMT hamkorligida qator tadbirlarning o`tkazilishi mamlakatimizning jahon maydonida ta’sir doirasining kengayib borayotganidan guvohlik beradi. O`zbekistonda BMTning taraqqiyot dasturi, qochqinlar ishi bo`yicha oliy komissari boshqarmasi, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon oziq-ovqat jamgʻarmasi, Afgʻonistonga insonparvarlik yordami ko`rsatish ishini muvofiqlashtirish vakolatxonasi, giyohvand moddalarni nazorat qilish bo`yicha dasturi, sanoatni rivojlantirish bo`yicha dasturi, bolalar jamgʻarmasi vakolatxonasi faoliyat ko`rsatayapti. BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda respublikada xalqaro tadbirlar o`tkazilib turibdi. Jumladan, 1995-yil 15-16- sentyabr kunlari BMT rahnamoligida Toshkentda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bagʻishlangan xalqaro seminar bo`lib o`tdi. Unda ishtirok etgan 31 davlat va 6 xalqaro tashkilotlar vakillari mintaqa xavfsizligi, majorolarning oldini olishning ishonchli tizimini barpo etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. O`zbekistonning BMT bilan hamkorligining yorqin sahifalaridan yana biri Markaziy Osiyo mintaqasini yadro qurolidan holi zonaga aylantirish masalasida ifodasini topdi. O`zbekiston Birinchi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 48- sessiyasida ushbu tashabbus bilan chiqqan edi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 1997-yil fevralida Alma-Atada bo`lgan uchrashuvida mintaqani yadro qurolidan holi zonaga aylantirishga ahdlashildi va ifodasini qabul qilingan Deklaratsiyada topdi. 1997- yil sentyabr oyida Toshkentda “Markaziy Osiyo - yadro qurolidan holi zona” mavzusida xalqaro konferentsiya bo`lib, unda 56 davlat va 16 xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirliklarining Bayonoti imzolandi. O`zbekistonning jahon hamjamiyati bilan itegratsiyalashuvi, BMT doirasidagi ixtisoslashgan tashkilotlar bilan hamkorligi muhim ahamiyatga ega. BMTning homiyligida ta’lim, fan va madaniyat bilan shugʻullanuvchi xalqaro tashkilot- YUNYESKOga O`zbekiston 1993-yil 29-oktyabrda a’zo bo`ldi. 1994-yil dekabrda respublikamizda YUNYESKO ishlari bo`yicha O`z.R. milliy komissiyasi tashkil etildi. YUNYESKO Markaziy Osiyo taraqqiyotini o`rganish, tiklash va ommalashtirishga ahamiyat berilmoqda. Shu bois, uning qaroriga binoan Samarqandda Markaziy Osiyoni tadqiq qilish xalqaro instituti tashkil etildi. YuNYeSKO rahnamoligida Samarqand, Buxoro, Xivaning me‘moriy majmualarini qayta ta‘mirlash ishlari ham olib borilmoqda. Xiva va Buxoro YuNYeSKO ning jahon madaniy qadriyatlar ro`yxatiga kiritildi. YuNeSKO qarori bilan Mirzo Ulugʻbek (1994), Amir Temur (1996) bobokalonlarimizning tavalludlari, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi (1997) xalqaro miqyosida nishonlandi.
Undan tashqari O`zbekiston Jahon pochta ittifoqi, Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti, Osiyo va Tinch Okean havzasi bo`yicha iqtisodiy va ijtimoiy hay’at, Xalqaro Mehnat tashkiloti, Elektr aloqasi bo`yicha xalqaro ittifoq, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO), Shimoliy Atlantika hamkorlik kengashi, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXXT), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, qo`shilmaslik harakati, Bojxonalar hamkoriligi kengashi, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Xalqaro olimpiya qo`mitasi va boshqa tashkilotlarning a’zosi bo`ldi. Toshkentda Jahon banki, Tinchlik korpusi, Qizil Xoch Xalqaro qo`mitasi, Konrad Adenauer jamgʻarmasi, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari ishlab turibdi. O`zbekiston 1992-yilning 30- yanvarda Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga a’zo bo`ldi. Shundan buyon u ana shu nufuzli xalqaro tashkilot ishlari jarayoniga faol qatnashib kelmoqda. Jumladan, YeXXT Toshkentda va Urganchda atrof-muhitni qayta sogʻlomlashtirish bo`yicha seminarlar o`tkazdi. Orol muammosini xal qilishda ko`maklashmoqda. Shuningdek, Toshkentda YeXXTning aloqalar bo`yicha mintaqaviy byurosi ochildi.
O`zbekistonning tashabbusi bilan 1996-yilning sentyabr oyida Toshkentda YeXXT Demokratik muassasalar va inson huquqlari bo`yicha Byurosi (DICHXB)ning “Inson huquqlari bo`yicha milliy muassasalar” mavzusida xalqaro seminar kengashi bo`lib o`tdi. Seminar kengashda Markaziy va Sharqiy Yevropada Ombudsman instituti, inson huquqlari bo`yicha milliy muassasalar faoliyatini rivojlantirish, qonunchilik tizimini takomillashtirish kabi masalalar ko`rib chiqildi. 1996-yil iyul oyida Florensiya shahrida Yevropa Ittifoqi bilan O`zbekiston o`rtasida sherikchilik va hamkorlik to`gʻrisida Bitim imzolandi. 1999- yil may oyida Fransiya Milliy Kengashi - parlamentining quyi palatasi bu Bitimni ko`rib chiqdi va qabul qildi. Shunday qilib, O`zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi - o`rtasida sherikchilik va hamkorlik bobidagi bitimni Yevropa Ittifoqiga a‘zo bo`lgan 15 mamlakatning eng so`ngisi bo`lib qabul qildi. MDXga kirgan mamlakatlar orasida bunday sharafga faqat bizning mamlakat va Rossiya muyassar bo`lgan. 1993- yil O`zbekiston azon qatlamini muhofaza qilish bo`yicha Vena Konventsiyasi, azon qatlamini kamaytiradigan moddalar haqidagi Monreal Protokoli, atrof-muhitga ta‘sir etuvchi vositalarni harbiy yoki boshqa dushmanlik maqsadida qo`llashni ta‘qiqlovchi konvensiyaga, yadro qurolini tarqatmaslik haqidagi shartnomaga qo`shildi. 1995-yil iyul oyida O`zbekiston NATOning “Tinchlik yo`lidahamkorlik” dasturiga qo`shilgandan so`ng bu tashkilot bilan munosabatlari samarali olib borilmoqda. Bu dastur asosida 1995-yilda AQShda 1997-yilda Qozogʻiston va O`zbekistonda o`tkazilgan harbiy mashqlarida O`zbekiston harbiy qismlarining ishtiroki zobit va askarlarining harbiy-texnik tayyorgarligini yanada ko`tarishga xizmat qildi
Xulosa qilib aytganda, O`zbekiston mustaqillik yillarida qisqa vaqt ichida jahonning nufuzli tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, xalqaro miqyosida obrui tobora oshmoqda.
O`zbekistonning faol tashqi siyosatining yana bir ustuvor yo`nalishlardan biri MDX davlatlari bilan ikki va ko`ptomonlama hamkorligidir. 21 dekabr 1991 yil Almatida 11 ta sobiq ittifodosh respublikalar Mustaqil Davlatlar Hamdustligi to`zish haqidagi shartnomaga imzo chekdilar. Shu tariqa MDX degan ixtiyoriy iqtisodiy uyushma yuzaga keldi. Unga kiruvchi har bir davlat xalqaro huquqning mustaqil va teng huquqli sub‘ektidir. MDXning yuqori Oliy organi - “Davlat boshliqlari kengashi”, “Hukumat boshliqlari Kengashi”, “Iqtisodiy Kengash”, “Mudofaa vazirlari Kengashi” hisoblanadi. Ijroiya organi - “Muvofiqlashtiruvchi qo`mita” deyiladi. MDX tashkil etilgandan buyon unga a‘zo bo`lgan davlat boshliqlarining 20 dan ortiq kengashi bo`lib o`tdi va MDX doirasida 1300 dan ortiq qaror va hujjatlar qabul qilindi. Hamdustlik mamlakatlari yangi sharoitlarda iqtisodiy, madaniy, harbiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqdalar. Jumladan, 1992-yil may oyida Toshkentdagi MDX mamlakatlari rahbarlarining kengashida bir qator masalalar qatorida O`zbekiston tashabbusi bilan “kollektiv xavfsizlik, tinchlikni saqlash, kollektiv kuchlarining maqomi haqida bitim” imzolangani alohida e’tiborga loyiq.
MDX doirasida iqtisodiy munosabatlarning rivojlantirilish katta ahamiyatga ega. Chunki MDX davlatlari o`tish davrining qariyib har xil murakkabliklarini boshidan kechirayotgan bir paytda, chinakam bozor munosabatlarini o`rnatishda, avvalo, iqtisodiy aloqalarning yaxshilanishi taqozo etiladi. Bu borada 1994 yil Oktyabr oyida Moskvada bo`lib o`tgan MDX Davlat boshliqlarining Kengashida muxokama qilingan masalalar e’tiborga molik. Jumladan, unda MDX davlatlari o`rtasida integratsiyani rivojlantirishning asosiy yo`nalishlari haqida memorandum imzolandi va integratsiyaviy taraqqiyotning istiqbol rejalari belgilandi. Iqtisodiy ittifoqning Davlatlararo iqtisodiy qo`mitasi (DIQ) tuzildi. DIQ ning vazifasi iqtisodiyotni, islohotlarning borishini tahlil etish, xo`jalik qonunlarini bir-biriga yaqinlashtirishni ta’minlash, iqtisodiyotni rivojlantirishni prognozlantirish, sanoat, qishloq xo`ligi va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish bo`yicha qo`shma dasturlar ishlab chiqish, transnatsional harakterdagi tarmoqlar (energetika, transport, aloqa, gaz va neft quvurlari) bo`yicha tadbirlarni muvofiqlashtirish kabi umumiy ahamiyatga molik masalalarni hal etishdan iboratdir.
Iqtisodiy integratsiyalashuv jarayonini jadallashtirish yo`lida o`zaro to`lov ittifoqi, bojxona va to`lov ittifoqini shakllantirish borasida hujjatlar qabul qilindi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, faqatgina 1994-yilda O`zbekiston tashqi savdo aylanmasi 5 mlrd AQSh dollarni tashkil qilgan bo`lsa, shundan 3 mlrd AQSh dollari MDX va Boltiq davlatlariga to`gʻri keldi. MDX davlatlari bilan tovar aylanmasi 1,8 mlrd dollarni tashkil etdi. MDX doirasida a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama iqtisodiy, ilmiy, madaniy aloqalarni kuchaytirishda O`zbekiston rahbariyati alohida e’tibor bermoqda. Jumladan, O`zbekistonning Rossiya, Moldova, Belarus, Gruziya, Ukraina, Ozorbayjon va boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama aloqalari yil sayin kengaymoqda.
O`zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo`nalishlardan biri Markaziy Osiyodagi yangi mustaqil davlatlar: Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan o`zaro manfaatli hamkorlikni, do`stlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan . Bu bir tomondan, mintaqa xalqlarining ming yillar davomida bir iqtisodiy, ma’naviy-madaniy makonda yashab, tarixi, tili, dini, madaniyati yaqinligi bilan belgilansa, ikkinchi tomondan, o`tish davri qiyinchiliklarini yengish maqsadida an’anaviy xo`jalik aloqalarni saqlab qolish va mustahkamlash zarurligi, yagona energetika, transport, irrigatsiya, telekommunikatsiya tarmoqlari, suv va gaz ta’minoti tizimidan birgalikda foydalanishdan kelib chiqadi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam bo`lib qolgan uchrashuvlari ular o`rtasidagi hamkorlikni tabora yaxshilamoqda. Jumladan, 1994- yil yanvarda O`zbekiston va Qozogʻiston o`rtasidagi kelishuv Markaziy Osiyodagi ikki davlat o`rtasida iqtisodiy hamkorlikning rivojlanishiga asos yaratdi. Keyinchalik, ya’ni 1994-yil aprel oyida bu yagona iqtisodiy hamkorlikka Qirgiziston Respublikasi a‘zo bo`ldi. O`zbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlari o`rtasida 1994-2000- yillarga mo`ljallangan iqtisodiy makon tuzish uchun Cho`lpon - Otadagi kelishuvi (1994-yil, 30- aprel) asosida qabul qilingan ellikdan ortiq hujjat qonuniy kuchga kirdi. 1994-yil iyulda Almaati shahrida uch davlat o`rtasida Markaziy Osiyo hamkorlik va taraqqiyot bankini ta’sis etish to`gʻrisidagi bitim ham imzolandi.
Markaziy Osiyo davlatlari Orol dengizini saqlab qolish, mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish yo`lida kuchlarni birlashtirish, hamkorlikda faoliyat ko`rsatishga e’tibor bermoqdalar. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari 1993-yil martda Qizil Oʻrdada, 1994-yil yanvarda Nukusda, 1995-yil martda Doshhovuzda, 1995-yil sentyabrda Nukusda Orol dengizi muammosiga bagʻishlangan uchrashuvlar o`tkazdilar va bu borada amaliy ishlar olib bormoqdalar. Orol dengizini qutqarish xalqaro jamgʻarmalari ta’sis etildi.
1998-yil martda Toshkentda O`zbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston o`rtasidagi davlatlararo kengashda yagona iqtisodiy makon to`gʻrisidagi Shartnomaga Tojikistonning qo`shilishi to`gʻrisida protokol imzolandi. Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun BMTning maxsus dasturi (SPeKA) to`gʻrisidagi Toshkent Deklaratsiyasi imzolandi.
O`zbekiston Birinchi Prezidenti I. Karimov azaliy qardosh xalqlarning do`stlik aloqalarini yangi sharoitda mustahkamlash maqsadida “Turkiston-umumiy uyimiz” degan gʻoyani ilgari surdi. Mintaqa ziyolilari, jamoatchilik vakillari bu gʻoyani qo`llab-quvvatladilar va natijada “Turkiston-umumiy uyimiz” deb nom olgan jamoatchilik harakati tashkil topdi. Tashkiliy jihatdan bu harakat 1995- yil 21-noyabrda Toshkentda bo`lib o`tgan “Qardosh xalqlar uchrashuvi”da yuzaga keldi. “Turkiston-umumiy uyimiz” harakatini Qirgʻizistonlik ko`zga ko`ringan jamoat arbobi, mashhur yozuvchi Ch.Aytmatov (prezident ) va taniqli o`zbek yozuvchisi O. Yoqubov (vitse-prezident) boshqarib bormoqdalar.
1994- yil 1-sentyabrda GFR poytaxti Bonnda Oʻzbekiston Respublikasining yevropada birinchi elchixonasi ochildi. Hozirgi paytda elchixona Germaniyaning yangi poytaxti Berlin shahrida faoliyat yuritmoqda. «Toshkent – Frankfurt» havo yoʻli ochildi, Oʻzbekistonda «Doyche-bank»ning boʻlimi faoliyat koʻrsatmoqda.
Germaniyaning «Geydelber» firmasi Oʻzbekistonda nashriyot – matbaa sohasida hamkorlik qilayotgan yirik kompaniyadir. «Geydelber» firmasi asbob – uskunalari bilan Yangiyoʻl kitob fabrikasi, Toshkent va Nukus poligrafiya kombinatlari, Samarqanddagi «Tong» nashriyoti qayta jihozlandi. Oʻzbekistondagi «Rastr» va «Groteks» nashriyotlari «Geydelber» firmasi texnologiyasi asosida ishlamoqda. Natijada maktablar uchun darslik, oʻquv qoʻllanmalari va boshqa turdagi nashriyot mahsulotlari ishlab chiqarish ancha yaxshilandi. 2001-yilda Oʻzbekiston – Germaniya – Rossiya hamkorligidagi «Namangan qogʻoz» qoʻshma korxonasi qurilib ishga tushirildi. Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti I.A. Karimovning 2001- yil 2 – 5- aprel kunlari Germaniya Federativ Respublikasiga, Germaniya Federal kansleri Gerxard Shrederning 2002-yil 9 – 10-may kunlari Oʻzbekistonga qilgan rasmiy safarlari Oʻzbekiston – Germaniya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga koʻtardi.
Respublikamiz mustaqillikka erishganligi tufayli tashqi iqtisodiy aloqalar faoliyati isloh, qilinmoqda, yaqin xorij bilan bo`lgani kabi uzoq xorijiy mamlakatlar bilan ham savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Bu borada xalqaro moliyaviy, iqtisodiy tashkilotlar - XVF, Jahonbanki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, xalqaro savdo markazi (YuNeKTAD), tariflar va savdo bosh bitimi (GATT) va boshqalar bilan hamkorlik qilinmoqda. O`zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish borasida bir qator qonunlar qabul qilindi. Jumladan “Tashqi iqtisodiy faoliyat to`gʻrisida”, “ Chet el investitsiyalari va xorijiy sarmoyadorlar faoliyatining kafolatlari to`gʻrisida” va boshqalar. Bundan tashqari xorijiy sarmoyalar ishtirokida qo`shma korxonalar tashkil etish, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini ro`yhatdan o`tkazish va chetga chiqariladigan mahsulot uchun ruxsatnoma (litsenziya) berish tartibi ancha soddalashtirildi.
O`zbekistonda tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, chet el investittsiyalarini jalb etish uchun tashkiliy huquqiy asoslar yaratildi. Shu bois, 80 dan ortiq mamlakat vakillari tomonidan tashkil etilgan 3200 dan ortiq qo`shma korxonalar samarali ishlamoqdalar. Jumladan, Janubiy Koreya bilan “DEU avto”, Germaniya bilan “Mersedes-Bents”,“o`zsalaman”, Italiya bilan “o`zplastital”, “o`zitalmotor”, Buyuk Britaniya bilan “BAT”, AQSh bilan “Zarafshon - Nyumont”, AQSh, Frantsiya, Turkiya va Yaponiya bilan Markaziy Osiyoda eng yirik Buxoro neftini qayta ishlash zavodi va boshqa qurilgan korxonalar shu hamkorlikning samarasidir. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda O`zbekiston jahon transport aloqa yo`llari muammolarini ham hal qilmoqda. Bu avvalo mamlakatimizning Tejen-Seraxs-Mashxad va Pekin-Istambul o`rtasidagi “Transosiyo” bosh temiryo`li qurilishida qatnashuvi. O`zbekiston Kaspiy dengizi sohilidagi Oqtov bandargoxini ta’mirlashda, bevosita Xitoy va Pokiston bilan bogʻlanishga imkon beruvchi Andijon-Ush-Irkishtom-Qashkar avtomobil yo`li qurilishi, shuningdek Xind Okeaniga olib chiquvchi Termiz-Xirot-Karachi trassasi kabi qurilishlarning ishtirokchisidir.
Xulosa qilib aytganda, O`zbekiston xalqaro hamkorlik va hamjihatlik yo`llarida katta yutuqlarga erishdi, xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal qilishda, umumiy va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashda faol qatnashayotgan nufuzli davlat darajasiga ko`tarildi.
Bugunda xorijiy mamlakatlarning vakillari bilan qoʻshma korxonalarni tashkil qilinishi ham keng yoʻlga qoʻyilgan. Respublikada qoʻshma korxonalarning soni 4 mingga yaqinlashib bormoqda.
Avtomobilsozlik, oltin, neft va boshqa sanoat tarmoqlari qurilishi respublika sanoatini katta yangiliklar bilan boyitdi va takomillashtirdi. Gʻalla, neft mustaqilligini tiklash boʻyicha olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. Qishloqlarni sanoatlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar ham iqtisodiy hayotning eng muhim yangiliklaridan biridir. Ular dehqonlarni ish bilan ta'minlashga va turmush darajasini koʻtarishga ijobiy ta'sir koʻrsatmoqda. Hozirda xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalar jadal sur’atlar bilan oʻsib bormoqda.
Iqtisodiy va diplomatik aloqalar erkinlashtirilishi va huquqiy negizlar yaratilishi orqasida Oʻzbekistonning jahon bozoridagi mavqei tobora oʻsmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy oʻzgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish borasida bajarilayotgan ishlar alohida e'tiborga loyiq.
2015-yilda ana shu maqsadlarga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 15 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etildi va oʻzlashtirildi. Bu 2014-yilga nisbatan 9,5 foiz koʻp demakdir. Jami investitsiyalarning 3 milliard 300 million dollardan ziyodi yoki 21 foizdan ortigʻi xorijiy investitsiyalar boʻlib, shuning 73 foizi toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalaridir. Investitsiyalarning 67,1 foizi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga yoʻnaltirildi. Bu esa 2015-yilda umumiy qiymati 7 milliard 400 million dollar boʻlgan 158 ta yirik ishlab chiqarish ob'ekti qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish imkonini berdi.
2015-yilda yalpi ichki mahsulotning oʻsish sur'atlari 7,8 foizdan iborat boʻlishini ta'minlash, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 8,2 foiz, qishloq xoʻjaligida 6,1 foizga oshirish, chakana savdo aylanmasini 14 foiz, xizmatlar koʻrsatish hajmini 17,4 foizga koʻpaytirish vazifasi qoʻyilmoqda. Inflyasiya darajasini 5,5-6,5 foiz doirasida saqlab qolish, aholining real daromadlarini 9,5 foizga, oʻrtacha ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalarni, soliq imtiyozlarini inobatga olgan holda, 15 foizga oshirish koʻzda tutilmoqda.
Ana shu vazifalarni amalga oshirishda 2016-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturining hayotga tatbiq etilishi oʻta muhim oʻrin tutadi. Nega deganda, bu dastur sanoatda, butun iqtisodiyotimizda tarkibiy oʻzgarishlarning eng muhim vositasi boʻlib xizmat qiladi.
2016-yil uchun belgilangan, umumiy qiymati 5 milliard dollardan ziyod boʻlgan 164 ta yirik investitsiya loyihasini belgilangan muddatlarda ishga tushirishni ta'minlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirildi.
Mustaqillik yillarida shakllantirilgan yangy iqtisodiy tizimning mohiyati va yoʻnalishi Oʻzbekistonni xom ashyo manbai va tayyor mahsulotlar bozori boʻlib qolishidan tamomila holi etishdan iboratdir.
Aytish mumkinki, tariximizda hech qachon hozirgidek tashqi aloqalar rivojlangan emas. Endilikda Oʻzbekistonda oʻnlab xorijiy mamlakatlarning elchixonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻz navbatida Oʻzbekiston elchixonalari ham koʻp chet el mamlakatlarda ochildi.
12-Mavzu:



    1. Yüklə 434,36 Kb.

      Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   51




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə