Etnomadaniyat


Foydalanilgan adabiyotlar



Yüklə 1,08 Mb.
səhifə14/144
tarix17.12.2023
ölçüsü1,08 Mb.
#150111
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   144
Etnomadaniyat-fayllar.org

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Мирзиёев Ш. М. Буюк келажагимизни мард ва олижаноб халқимиз билан бирга қурамиз. – Т.: Ўзбекистон, 2017.-488 б.


  2. Мирзиёев Ш. М. Миллий тараққиёт йўлимизни қатъият билан давом эттириб, янги босқичга кўтарамиз. 1-жилд. - Т.: “Ўзбекистон”, 2017. - 592 б.


  3. Мирзиёев Ш.М. Халқимизнинг розилиги бизнинг фаолиятимизга берилган энг олий баҳодир. 2-jild. – Т.: Ўзбекистон, 2017. - 512 б.


  4. Мирзиёев Ш. М. “Нияти улуғ халқнинг иши ҳам улуғ, ҳаёти ёруғ ва келажаги фаровон бўлади” 3-жилд. - Т.: “Ўзбекистон”, 2019. - 400 б.


  5. Мирзиёев Ш. М. “Миллий тикланишдан – миллий юксалиш сари”. 4-жилд. - Т.: “Ўзбекистон”, 2020. - 452 б.


  6. Мирзиёев Ш. М. Янги Ўзбекистон стратегияси. - Т.: Ўзбекистон, 2021. - 464 б.


  7. Aminjonova I E. “Qadimiy yodgorliklar qissasi”. T. 1968.


  8. Ashirov A. Atadjanov Sh. “Etnologiya”. T. 2007 y.


  9. Ashirov A. «O’zbek xalqining qadimiy e’tiqod va marosimlari». T. 2007 y.


  10. Abdullayev M. “Madaniyatshunoslik” Farg’ona. 1998 y.




6-Mavzu: O’zbek xalq og’zaki ijodi: xalq maqollari, topishmoqlari, qo’shiqlari va xalq dostonlari
Reja:
1. O’zbek xalq og’zaki ijodining turlari.
2. Askiya, xalq qo’shiqlari va xalq dostonlari.
Latifa - og’zaki janrning ma’lum va mashhur janrlaridan biri. U hajman kichik, mazmunni lo’nda ifodalovchi bir yoki ikki epizoddan tashkil topgan bo’lib, asosida o’tkir hajv yoxud yengil yumor yotadi. Tanqid yoki yumor esa so’z o’yini yoki turli xildagi qochirimlar vositasida yuzaga keladi.
Latifa atamasi arabcha «lutf» so’zidan olingan bo’lib, muloyimlik, yaxshi muomala, yaxshilik qilmoq, marhamat ko’rsatmoq, sharaflamoq ma’nolarini anglatadi. Ammo latifa janrining mohiyatida o’rtaga tashlangan biron fikrning tinglovchi o’ylamagan, o’ziga xos echimini topish ma’nosi kuchliroqdir. Shu o’rinda «Sizni lutfan taklif qilamiz» iborasi noo’rin ekanligini ta’kidlash lozim. Aksincha, lutfan tashrif buyurishingizni so’raymiz bo’lishi kerak. Latifa janrning yuzaga kelgan davri qadim zamonlarga borib taqaladi. Uning alohida janr sifatida shakllanib, gullagan davri taxminan IX-XI asrlarga to’g’ri keladi deb ta’kidlashadi folklorshunos olimlar.
Latifalar satira va yumorga asoslanadi. Bu uning o’ziga xos belgilaridan biri. Darhaqiqat, voqea va hodisalar echimida satira va yumor hal qiluvchi rol o’ynaydi - qahramonning g’alabasini, ayni paytda qarshi tomondagi kulgili holatning mag’lubiyatini ta’minlaydi.
Latifalar asosan kichik maishiy mavzularga bag’ishlangan bo’ladi. Ular ko’pincha maishiy hayotdagi kamchiliklarni bo’rttirib ko’rsatish maqsadida yaratiladi. Ularda nutqiy dialog ko’rinishi etakchilik qiladi. Sharqiy xalqlari og’zaki ijodidagi latifalarning o’z qahramonlari mavjuddir. O’zbeklarda Nasriddin Afandi yoki Xo’ja Nasriddin, qozoqlarda Aldarko’sa, tojiklarda Nasriddin Afandi va Jo’xi, turkmanlarda, Mirali ismlari mashhur. Shuni ta’kidlash lozimki, Sharqiy xalqlari yaratgan latifalar mohiyati jihatidan bir-biriga o’xshaydi. Bir latifaning o’zi o’zbeklarda Nasriddin, hindlarda Birbol, qozoqlarda Aldarko’sa nomi bilan yuritiladi. Bunday vaziyatning vujudga kelishi sharqiy xalqlarining tarixan bir-biriga yaqin yashaganliklari izohlanadi. O’zbek xalq og’zaki ijodida Nasriddin obrazining vujudga kelishi asosan XIX asrning ikkinchi yarmida matbaaning rivojlanishi bilan bog’liqdir. Qrimda nashr etilgan «Tarjumon» gazetasida kichik-kichik latifalarning asosiy qahramoni Xo’ja Nasriddin Afandi edi. Turkistonda litografiyaning paydo bo’lishi natijasida xalq kitoblarini nashr etish ham ommaviy tus oladi. Bundan yuz yil muqaddam o’zbek latifalari «Nasriddin Afandi latifalari» nomi ostida kitob holida nashr etiladi. Shundan so’ng bu nom qadimgi latifalardagi qahramonlar ismi -Mashrab, Kal, Aldarko’salarni siqib chiqardi.
O’zbek latifalaridagi Nasriddin obrazini ikki tomonlama talqin qilish mumkin: birinchidan, Nasriddin Afandi har qanday og’ir hayotiy vaziyatlarda aqli, tadbirkorligi, tez fikrlashi natijasida echim topa oladigan dono faylasufdir. U shoh saroyidagi kamchiliklarni tanqid qila oladi, boylarni, amaldorlarni, yomon xulqli odamlarni keskin kulgi ostiga oladi, o’zining haq ekanligini isbotlaydi.
Ikkinchidan, Nasriddin Afandi - o’ta sodda, hayot tajribasiga ega bo’lmagan, landavur inson. Bu Nasriddin o’zining go’lligi bilan tinglovchini lol qoldiradi. Echimini topish talab qilingan vaziyatlarda noo’rin harakat qiladi. O’zining mazkur harakatini beo’xshov mulohazalari bilan asoslaydi. Agar talabchan podsho oldida mantiqiy fikr yuritish bilan uni mot qilgan Afandi birinchi talqinga mos kelsa, ko’cha bolalarini aldamoqchi bo’lib, keyin ularning ketidan o’zi ham chopib, o’zining gapiga o’zi aldangan Afandi ikkinchi talqinni esga soladi.
Latifalar turmushdagi hamma sohalar haqida yaratilishi mumkin. Latifalarning mazmuniga qarab qadimgi latifalar va zamonaviy latifalarga ajratamiz. Shuni ham ta’kidlash joizki, hozirga qadar nashr etilgan «Afandi latifalari», «Latifalar» kitoblariga kiritilgan aksariyat namunalarda zamonasozlik ko’zga tashlanadi, ya’ni Afandi boylarga, qozilarga, domla-imomlarga, podsho-vazirlarga qarshi qo’yiladi.
Latifalar ba’zan anekdod tarzida ham qo’llanadi, bu atama ko’proq so’zlashuv nutqida, asosan, Yevropa hayotiga oid latifalarga nisbatan ishlatiladi.
Latifalar ayni kunlarimizda eng ko’p yaratiladigan folklor janri hisoblanadi. Chunki zamonning kamchiliklarini oshkora aytish, yozish mumkin bo’lmagan bir paytda latifa tarzida tanqid qilish mumkin. Keyingi kuzatishlar shuni ko’rsatmoqdaki, eng mushkil davrlarda, hatto, repressiya, qatli om davrida ham latifalar to’qish va aytish davom yetgan:
37-yilda qamalgan bir kishidan so’rashdi:
  • Senga necha yil berishdi?


  • Yigirma yil.


  • Nima qiluvding?


  • Hech narsa.


  • Bekor aytibsan, hech narsa qilmaganlarga 15 yil berishadi.


Lof - o’zbek xalq nasrining mustaqil janrlaridan biri bo’lib, o’zining tuzilishi, hajv va yumorga asoslanishi bilan latifa va askiya janrlariga yaqin turadi. Shuning uchun ham u yoki bu lofbozning so’zga chechanligi, zukkoligi va hozirjavoblik fazilati mazkur janrning tashkil topishida hal qiluvchi rol o’ynaydi. Loflar syujeti dialog asosiga qurilgan bo’lib, hajv va yengil yumorga moyilligi, voqea va hodisalar o’ta mubolag’ali tasvirlanishi bilan ajralib turadi.


Lof janri, asosan, qiziqchi va askiyabozlar orasida shakllangan va ijro etilgan. Binobarin, har bir lofda notabiiy voqealar, salbiy belgilar kulgu ostiga olinadi. Lof aytish mubolag’ali epizodga mantiqiy javob qaytarish, so’zga chechanlik musobaqasi shaklida o’tadi. Masalan:
Paxsakash lofchi narvonchi lofchiga:
  • Bir joyda shunday paxsa urayapmanki, balandligi ettinchi qavat osmon bilan barobar keladi, - deb maqtanibdi.


  • Men ham shunday bir narvon yasayapmanki, u o’n to’rtinchi qavat osmonga etadi, - debdi narvonchi lofchi.


  • Qo’ying-e, - debdi paxsakash lofchi.


  • Rost, rost, bo’lmasa siz urayotgan paxsa uyning devoriga narvonlarsiz chiqib bo’ladimi, - debdi narvonchi lofchi.


Bu lofda lofboz raqiblar o’zaro bir-birlarini noshudlikda aylab, kamsitish orqali yengil yumor hosil qiladi. Lof kompozitsiyasi nihoyatda sodda bo’lib, bahslashuvchi tomonlarning so’zamollik bobida tortishuvi bevosita asarni yuzaga keltiradi. Syujet ixcham, savol-javob tarzida kechgan, ikki qismning mantiqiy birikuvidan tashkil topadi va hech qanday kirishsiz boshlanadi. Syujet echimi latifalarda bo’lganidek favqulodda yuz beradi.


Syujetning birinchi qismida voqea yoki hodisa boshlovchi lofchi tomonidan bo’rttirilgan holda bayon qilinadi. Ikkinchi qismida esa zukko lofchi o’z javobida aytmoqchi bo’lgan voqea va hodisalarni yanada oshirib-toshiradi. Demak, savol tarzida aytilgan lofga javob so’zga chechanlik, hozirjavoblikni talab etadi. Lof syujetining ikkinchi qismi birinchi qism voqealari bilan birikkan holda o’ziga xos yaxlit kompozitsiya yaratadi. Ko’rinadiki, syujet voqealari savol-javob shaklida kechadi va asarda ilgari surilgan g’oya zukko lofchi javobida oydinlashadi.
Loflarning mavzu doirasi ham rang-barang bo’lib, ijtimoiy hayotning barcha tomonlarini qamrab oladi. Bu o’rinda ijobiy fazilat ulug’lansa, ikkinchi o’rinda salbiy belgilar fosh etiladi.
Voqealikni mubolag’alash asosida bayon etish lof janriga xos badiiy -tasviriy usul hisoblanadi. Chunki mubolag’a u yoki bu narsa yoki hodisani oshirib, bo’rttirib tasvirlashning o’ziga xos usulidir.
Loflar tuzilishi yumorga asoslanishi, voqea va hodisalarning favqulodda echilishiga ko’ra latifalarga o’xshab ketadi. Bu o’xshashlik har ikki janrning o’zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan. Lofning belgilari, xususan, mubolag’alash usuli ertak va dostonlarda ham uchrab turadi.
Xulosa qilib aytganimizda, o’zbek latifalari va loflari o’zining uzoq yillik tarixi davomida xalqimiz ma’naviyatining o’sishiga barakali ta’sir qilib keladi. Hayotda uchrab turadigan ayrim nuqson va kamchiliklarni, yomon odatlarni tuzatishda, yosh avlodni umumbashariy qadriyatlar, insoniylik ruhida tarbiyalashda latifa va loflarning, shubhasiz, o’rni beqiyosdir.
Askiya o’zbek xalq og’zaki ijodidagi milliy o’ziga xos janrdir. Janrning atamasi arabcha «zakiy» so’zidan olingan. Ko’plikdagi «azkiyo» so’zi keyinchalik «askiya» shakliga o’tgan. Bu so’z so’zamol, zakovatli, o’tkir zehnli degan ma’nolarni anglatadi. Askiya ijrochilari askiyaboz, askiyachi deb yuritiladi.
Askiya - so’z o’yini, ko’chma ma’noli so’z va jumlalarni ilg’ab olish, unga javob topa bilish, shama qilish san’atidir. Askiyabozlar tarafma-taraf bo’lib olib, qochirma so’zlar bilan askiya boshlaydilar, tinglovchilar u yoki bu tomonning so’zga chechanligi, hozirjavobligidan mamnun bo’lib kuzatadilar. Tomonlardan biri ustun kelganda, kulgi qahqahaga aylanadi. Tinglovchi ishqibozlar o’sha tomonni ma’qullab, qarsak chalib olqishlaydilar.
Askiya hozirjavoblar musobaqasi ekan, so’zga chechanlik uning mahorat mezoni hisoblanadi. Askiya davomida askiyabozlarning zukkoligi, chandish, badihago’ylik san’atiga moyilligi hal qiluvchi vazifani ado etadi. Askiyabozning mana shu xususiyati tortishuvda zarur va kerakli so’zlarni topa bilish, o’z o’rnida ishlatish mahoratini namoyon qiladi. Demak, askiyachi so’zga chechan, zukko va dunyoqarashi keng, bilimdon bo’lishi shart.
Askiya kompozitsiyasi tugallangan ikki fikrning bir-biriga qarshi qo’shilishdan tashkil topadi. Har bir fikr o’ziga xos tugun va echimga ega. Qarshi qo’yilgan fikrlar o’zaro bir-birini inkor etishi yoki tasdiqlashi, kuchaytirishi lozim. Ana shu fikrlar asosida satira va yumor mavjud. Demak, har bir askiyada ikki xil kulgi ramziy yoki ko’chma ma’noda aytilgan so’z yoki ibora asosida yuzaga keladi. Chunki askiyachilarning biri tomonidan yaramas illatlar ochiladi va zaharxanda kulgi ko’tariladi. Kulgining ikkinchi xilida askiyachilardan biri noqulay holatga tushib qoladi. Bu kulgi-yengil, beg’ubor yumoristik ruhdagi kulgini tashkil etadi.
«Askiyaning paydo bo’lishi va shakllanishida hunarmandchilikning ahamiyati katta». Asosan, to’quvchi-kosiblar o’rtasida (atlas, bo’z va boshqa matolarni to’qish nazarda tutiladi ) askiyaga muhabbat tarixan ko’zga tashlanadi. Doimiy ravishda bir xil zerikarli harakat qilish holatini yengillatish uchun bu janrga murojaat qilingan», - deb yozadi folklorshunos olim Omonilla Madayev.
Askiya Toshkent, Farg’ona, Andijon, Namangan viloyatlarida keng tarqalgan. Qo’shni Qirg’izistonning O’sh, Jalolobod viloyatlarida ham askiya ko’plab aytiladi. Dastlab hunarmandlar orasida paydo bo’lgan askiya keyinchalik xalqning maishiy hayoti tarkibidan o’rin olib, gap -gashtaklarda aytib kelingan. Asta-sekin turli sayillarda, to’ylarda askiya aytish odat tusiga kirgan va o’ziga xos musobaqa tusini olgan. Katta to’ylarga, bayramlarga mashhur askiyachilar maxsus taklif qilingan.
Askiyaning turlari juda ko’p bo’lib, folklorshunos olimlarimiz «Payrov», «Bo’lasizmi?», «O’xshatdim», «Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?», «Tutal», «Rabbiya», «Safsata», «Qofiya», «Radif» kabi turlarini aniqlaganlar.
Askiyaning payrov turi muayyan mavzu atrofida ijro etiladi. Payrovda askiyabozning «raqibi»ga aytgan so’z va jumlasi ko’chma ma’no kasb etishi shart. Bundan tashqari, u istiora, o’xshatish, sifatlash kabi badiiy tasvir vositalari, tanosub, tajnis, mubolag’a, singari ifoda vositalaridan keng foydalangan bo’lishi kerak. Payrovlarda askiyabozdan raqibining ko’rinishi, xarakterli qiliqlariga mos laqabni topa bilish talab etiladi. Payrov davomida so’z yoki jumlalar orasiga qistirib yuboriladigan laqab, so’z o’yini, lutf, ihom orqali qarshi taraf-askiyabozning portretiga, kasbiga va laqabiga shama qilinadi. Bunga javob qaytaruvchi undan kuchliroq hajv qilishga urinadi. Hazil-mutoyiba nafosat doirasidan chetga chiqmasligi lozim. Chunki folklorshunoslarning ta’kidlashlaricha, bu janrning pornografiya (uyat so’zlar) bilan bog’liqligi bor. Shuning uchun hamma askiyalarni yozib olishni yoki radio va televidenieda namoyish qilishning imkoniyati yo’q.
Odatda, meva, parranda, dehqonchilik, paxta, qo’shiq, kitoblar, kino, dramatik asarlarning nomlari, musiqa asboblari mavzularida payrovlar aytish an’anaga aylangan. Shulardan ashula payrovi shunday boshlanadi:
Mahmudjon:dadajon, otarchiligingiz hech qolmadida! Haridor topilmasa, «Ostonangga nochor o’ldimda-keldim», deb yopishib olasiz. Yo «Gadolardan biri»misiz?
Dadajon:-Sizning ham o’yinchiligingiz hech qolmadida! «Noz etma» desa bo’ldi-yo’rg’alab ketaverasiz. Har narsa evi bilanda, «Kam-kam» bo’lsin.
Mahmudjon: - Sizdaqa bekorchi - «Eshvoy»lardan o’rgildim, yana otingizni «Abdurahmonbegi» qo’yvopsiz-a!
Dadajon:-Sizga birov «Assalom» desa bo’ldi, to’yga borib «Tong otguncha» yalla qilasiz.
Mahmudjon: - Keling endi, Dadajon, «Qachongacha», «Daromadi ushshoq» qilib yurasiz. Tegishli tashkilotlar ham bizga «Nazzora qil»ar!
Dadajon:- «Koshki» edi. Bizga ham g’amxo’rlik qiladiganlar «Bormikin» ?!
Mahmudjon: - «Bu oqshom» filarmoniyaga keling, gaplashdim, «Yaxshi-yaxshi» deyishdi.
Dadajon:-Ana endi biz ham «Obod o’lkamdagi» «Mehnat ahli» ning «Rohat»ini ko’rar ekanmiz da.
Mahmudjon: - endi bundan keyin «Oydin ko’chalar»da «Qichqir xo’rozim»ni aytishni bas qilarsiz.
Dadajon:-Siz ham bundan keyin sharmanda bo’ldim «Naylayin» deb yurmassiz!
Ijro etilgan payrovdagi ashula nomlari tanqid qilingan belgi-sayoqlikni fosh etadi. Aniqrog’i, to’yma-to’y yuradigan taqlidchi hofizlarni hajviy kulgi ostiga oladi.
Askiyaning «Safsata», «O’xshatdim», «Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?», «Bo’lasizmi?», «Qofiya» «Radif» kabi namunalari, asosan, dialog shaklida davom etadi. Savol-javoblarning har biri kichik hajmdagi epizodlardan iborat bo’ladi.
Askiyaning «O’xshatdim» turida tanqidga mo’ljal bo’lgan askiyaboz kulgili narsa yoki jonivorga o’xshatiladi. Unga qarshi tomon ham shu xilda javob qaytaradi.
Askiyaning «Safsata» turi tarafkashlarning piching yo’lida aytgan hazili shaklida kechadi. Askiyaning «Bo’lasizmi?», «Gulmisiz, rayhonmisiz, jambilmisiz?» turlari shaklan «O’xshatdim»ga yaqin turadi. «O’xshatdim» turida tortishuv-o’xshatish mantiqiy xulosaga etgunga qadar cho’ziladi, keyin o’xshatilgan askiyaboz o’z raqibini o’xshatadi. O’xshatishdan maqsad maishiy-ijtimoiy hayotda g’ov bo’lib kelayotgan kamchiliklarni fosh etishdan iboratdir.
«Tutal», «Rabbiya», «Afsona» kabi askiya turlari ba’zi bir xususiyatlari bilan birinchi va ikkinchi turlarga yaqin. Tutal ko’pincha she’riy usulda aytilishi bilan ajralib turadi.
- Mana shunaqa gaplarni aytib meni dog’ qoldirasiz?
- Mo’ylovni olasizu, qulog’ini sog’ qoldirasiz.
- Pulini bermay yuravering, bir kuni bog’ qoldirasiz.
- Osh yeganda go’shtini tamomlab, tovoq tagida bizga yog’ qoldirasiz.
- Bahona bilan kaklik yeb bizga zog’ qoldirasiz.
Askiya san’atini o’rganish va namunalarini to’plash natijasida bir qancha mashhur askiyachilarning nomlari aniqlangan. Marg’ilonlik Yusufjon qiziq Shakarjonov (1869-1959), Bachqir qishlog’idan Dehqon yuzboshi Shernazarov, qo’qonlik erka qori Karimov (1880-1956), Mamayunus Tillaboev (1885 yilda tug’ilgan), Mamatxoliq Mamasodiqov, Tursun buva Aminov (Ijroqo’m buva), andijonlik Abdulhay maxsum Qozoqov, Mulla Mamat buva, Jo’raxon Sultonov, G’oyib aka Toshmatov, Akbar Usmonov, Usmon qori Rahimbekov, Toshkentlik G’anijon Toshmatov va boshqalar tajribali, chiniqqan, mohir askiyachilar hisoblanganlar.
Askiya kishilar qalbidagi g’uborlarni quvadi, kishida beg’ubor qahqaha uyg’otadi. Hatto ayrim davlat arboblari ham usta askiyachi bo’lganliklari uchun xalq orasida katta obro’-e’tibor topganlar. Masalan, Yo’ldosh Oxunboboev, Usmon Yusupov ana shunday rahbarlardan bo’lishgan.
Xalqimiz orasida askiyaning vatani Farg’ona vodiysi degan ibora mavjud. Darhaqiqat, «Agar to’rtta vodiylik askiya aytishayotgan bo’lsa, bilingki, askiyachilarning O’zbekiston bo’yicha birinchiligi bo’lyapti, agar to’rtta qo’qonlik askiyachi askiya aytishayotgan bo’lsa, bilingki, askiya bo’yicha jahon birinchiligi bo’lyapti» degan fikrlar bejiz aytilgan emas. O’zbek xalq askiyalari adabiyotshunos olim Rasul Muhammadiev tomonidan o’rganilgan. Iste’dodli adib Olim Qo’chqorbekov askiyachi va qiziqchilar haqidagi hikoyatlarni yig’ib. «Kulgi darg’alari» kitobini nashr ettirdi. Bu kitobga qirqqa yaqin mashhur askiyachi va qiziqchilar haqidagi ma’lumotlar kiritilgan.
Askiyaning yozma adabiyotga ta’siri kuchli. Bu narsa Hamza, Abdulla Qodiriy, Komil Yashin, Sobir Abdulla, G’afur G’ulom asarlarida ko’proq seziladi. Sobir Abdullaning «Muqimiy» romanida xarakterli payrovlar keltirilgan. Bu payrovda boyqush orqali zulm va zo’rlik fosh qilinadi.
Askiya qadimdan xalqimiz hozirjavobligini, chechanligini, zukkoligini sinab, takomillashtirib kelgan milliy janr sifatida yashab kelmoqda. Askiyachidan ko’p kitob o’qish, shuningdek, tinmay o’qib turish, dunyoqarashi keng, o’tkir zehnli bo’lishi talab qilinadi.
Bu janrning yana bir talabi «gap kelganda otangni ham ayama» shioriga amal qilishdir. Askiya bahsi tinglovchi va tomoshabinlarga olam-olam quvonch baxsh etadi, ulardagi horg’inlik, va charchoqni chiqarishda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.



Yüklə 1,08 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   144




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə