O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi mirzo ulug’bek nomidagi o’zbekiston milliy universiteti


Xalq deputatlari Kengashlari – joylardagi vakillik organi sifatida



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə94/108
tarix19.06.2022
ölçüsü1,1 Mb.
#89753
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   108
КОНСТИТУЦИЯНИ ЎРГАНИШ

2. Xalq deputatlari Kengashlari – joylardagi vakillik organi sifatida
Konstitutsiya mahalliy vakillik organlarini ikki bo`g`inli tizimini mustahkamladi va ushbu holat «Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida»gi qonunda ifodasini topdi.
Konstitutsiyaning 99-moddasiga ko`ra, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo`ysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo`lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko`zlab o`z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar.
Mazkur moddada mustaqil O`zbekiston Respublikasining mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tizimi belgilagan. Bu avvallari davlat hokimiyatining vakillik organlari, respublikaning ma'muriy-hududiy bo`linishining hamma bo`g`inida tuziladi degan qoidaga barham berdi. Bu normaga binoan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari viloyatlarda, tumanlarda va shaharlarda tashkil qilinadi. Tumanlarga bo`ysunadigan va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarda davlat hokimiyati vakillik organlari tashkil qilinmaydi. Jumladan, Toshkent shahri tarkibidagi tumanlarda ham vakillik organlari tuzilmaydi. Shuningdek, shaharcha, qishloq va ovullarda ham davlat hokimiyati vakillik organlari tuzilmaydi.
Mahalliy vakillik organlariga ham ijroiya hokimiyat boshlig`i rahbarlik qiladi, ularning rahbarligi asosan vakillik organlarining ishini tashkil qilish, yo`naltirishdan iboratdir.Hokimlarning joylarda vakillik va ijro hokimiyatiga rahbarlik qiladi deb belgilanishi, mahalliy miqyosda hokimiyatning bo`linish prinsipiga amal qilinmagandek tuyuladi. Aslida hokimlar vakillik organlaridan ustun turmaydi, ularning vakillik organlarini hokimlarga bo`ysunishi ma'nosida emas, vakillik organlari ishini tashkil qilish doirasida bo`ladi.74[67]
Mahalliy davlat hokimiyati organlari hisoblanuvchi xalq deputatlari Kengashlari vakillik harakteriga ega, ya'ni xalq tomonidan umumiy, teng, to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan saylanadi. «Xalq ham bevosita, ham o`z vakillari orqali davlat hokimiyatini amalga oshirishda to`liq imkoniyatga ega bo`lishi lozim»1.
Xalq deputatlari Kengashlarining saylov orqali tashkil etilishi, ularning vakillik harakterini yaqqol ko`rsatadi. Ya'ni saylov natijasida fuqarolar bu organlarga o`zlarining vakillarini saylaydi. Kengashlarga saylangan deputatlar saylovchilardan vakolat olib, ularning nomidan o`z faoliyatini yuritadi. Ular, boshqacha qilib aytganda, davlat hokimiyati organlaridagi xalqning muxtor vakilidir.
Xalq deputatlarining saylovi 1994 yil 5 mayda qabul qilingan “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to`g`risida”gi Qonun bilan tartibga solinadi. Unga ko`ra, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo`yicha ko`p partiyalilik asosida besh yil muddatga o`tkaziladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari umumiy, teng va to`g`ridan-to`g`ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo`li bilan saylanadilar.
Deputatlar saylovini o`tkazish uchun:
- xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga deputatlar saylashda - oltmishtadan ko`p bo`lmagan;
- xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga deputatlar saylashda - o`ttiztadan ko`p bo`lmagan hududiy saylov okrugi tuziladi.
Har bir saylov okrugidan tegishli xalq deputatlari Kengashiga bitta deputat saylanadi.
Xalq deputatalari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o`tkazuvchi saylov okruglari soni aholining, saylovchilarning sonini, hududni va boshqa mahalliy sharoitlarni inobatga olgan holda ushbu Qonunda belgilangan normalar doirasida tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan belgilanadi.
Saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning ma'muriy-hududiy tuzilishini inobatga olgan holda belgilanadi.
Qonuning 9-moddasiga binoan saylovni tashkil etish va o`tkazish uchun:
xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o`tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi;
- Xalq deputatlari tuman Kengashiga saylov o`tkazuvchi tuman saylov komissiyasi;
- Xalq deputatlari shahar Kengashiga saylov o`tkazuvchi shahar saylov komissiyasi;
- okrug saylov komissiyalari;
- uchastka saylov komissiyalari tuziladi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov yuzasidan saylov kompaniyasi boshlanganligi deputatlarning vakolat muddati tugashidan kamida uch oy oldin O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.
Qonunning 20-moddasiga ko`ra, Xalq deputatlari viloyat Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko`rsatish huquqiga siyosiy partiyalar, bevosita fuqarolar egadirlar.
Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko`rsatish huquqiga siyosiy partiyalar, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, shuningdek bevosita fuqarolar egadirlar.
23-moddada Deputatlikka nomzodlarga qo`yiladigan talablar berilgan, unga ko`ra quyidagilar:
- sodir etilgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar;
- saylov kuniga qadar so`nggi besh yil mobaynida O`zbekiston Respublikasi hududida muqim yashamagan shaxslar;
- O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari, Milliy xavfsizlik xizmatining, Ichki ishlar vazirligining, boshqa harbiylashtirilgan bo`linmalarning xodimlari;
- diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari deputatlikka nomzod etib ro`yxatga olinmaydilar.
Saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olingan kundan boshlanadi. Saylovchilarning ro`yxatlarini tuzish, fuqarolarni ro`yxat bilan tanishtirish, ovoz berishni tashkil etish va saylov natijalarini aniqlash tegishli saylov komissyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xalq deputatlari Kengashlariga saylanadigan deputatlarning tarkibini kuzatsak, ular orasida aholining hamma qatlamlariga tegishli kishilar borligini ko`ramiz, deputatlar orasida turli kasb, turli millat, turli yosh, turli partiya, turli jins vakillarining mavjudligi, bu organni haqiqatan vakillik organi ekanligidan dalolat beradi.
«Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida» qonunning 1-moddasiga ko`ra xalq deputatlari Kengashi va hokim viloyat, tuman va shahar uchun umumiy bo`lgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalari amalga oshirilishini, joylarda qonunlar, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan hujjatlar, yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar qarorlarining ijrosini, O`zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari o`rtasidagi aloqalarni, aholini viloyat, tuman va shaharni boshqarishga jalb etishni ta'minlaydi.
Mahalliy hokimiyat organlari o`zlarining butun faoliyatini davlat hamda fuqarolarning manfaatini ko`zlab olib boradilar, natijada davlat manfaati bilan fuqarolarning manfaati o`rtasida mushtaraklik vujudga keladi.O`zbekiston Respublikasida davlat faoliyatining muhim prinsiplaridan biri qonuniylikdir. Bu prinsip mahalliy vakillik faolliyatiga ham taalluqlidir, shuning uchun ularni o`z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal qilishini konstitutsiyada belgilanishi tabiiydir.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi qarorlar qabul qiladi va basharti ana shu hujjatlarda o`zga tartib belgilanmagan bo`lsa imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
Xalq deputatlari Kengashi o`z vakolatlari doirasida qabul qilgan hujjatlar viloyat, tuman, shahar hududida joylashgan barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiydir.
Qonunning 7-moddasida mahalliy vakillik organlari va ijroiya organlari faoliyatining iqtisodiy asosini tashkil etuvchi mulk shakllari berilgan bo`lib, unga ko`ra ushbu mulklarni ma'muriy-hududiy tuzilmalarning davlat mulki (kommunal mulk) hamda viloyat, tuman va shaharda mavjud bo`lib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga xizmat qiluvchi boshqa mulk tashkil etadi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi va viloyat, tuman, shahar hokimi mutlaq O`zbekiston Respublikasi mulkida bo`lgan davlat mulki obyektlariga nisbatan ishlab chiqarish va ijtimoiy obyektlarni samarali joylashtirish, tabiiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza etish, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida nazoratni amalga oshiradilar.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi, viloyat, tuman, shahar hokimi o`zlari idora qilayotgan hududdagi mulkchilikning turli shakliga asoslangan korxonalar uchun O`zbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilmagan, tadbirkorlik va xo`jalik faoliyatini erkin yuritishga to`sqinlik qiladigan cheklovlarni joriy etishga haqli emaslar.
Qonunning 8-moddasiga ko`ra, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi davlat mulkini chegaralash natijasida o`ziga berilgan yoki qonunlarga muvofiq o`zi sotib olgan obyektlarga nisbatan mulkdor vakolatlarini to`liq amalga oshiradi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining mol-mulki, budjet mablag`lari, budjetdan tashqari fondlarning va aniq maqsadga qaratilgan fondlarning mablag`lari viloyat, tuman, shahar mulkidir. Viloyat, tuman, shahar ahamiyatiga ega bo`lgan muhandislik infrastrukturasi obyektlari va boshqa obyektlar, korxonalar va birlashmalar, xalq ta'limi, sog`liqni saqlash, ijtimoiy ta'minot, fan va madaniyat muassasalari, viloyat, tuman, shahar mablag`i hisobidan tashkil etilgan yoki sotib olingan, shuningdek ulushbay asoslarda tashkil etilgan yoki sotib olingan yoxud xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashiga boshqa manbalardan bepul berilgan qimmatli qog`ozlar va moliya aktivlari viloyat, tuman, shahar mulki bo`lishi mumkin.
«Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida»gi Qonunning III MAVZUi mahalliy davlat hokimiyati faoliyatining moliyaviy asosiga bag`ishlangan. 13-moddaga ko`ra, viloyat, tuman, shahar budjeti daromadlariga:
- O`zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq olinadigan soliqlar va yig`imlar;
- viloyat, tuman va shaharga qarashli mol-mulkni ijaraga berish yoki sotishdan keladigan tushumlar;
- qonunlarda nazarda tutilgan hollarda viloyat, tuman, shahar mulki hisoblangan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning tekshirish vaqtida aniqlangan yashirib qolingan yoki kamaytirib ko`rsatilgan daromadlarining muayyan qismi;
- O`zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq boshqa tushumlar kiritiladi.
Bundan tashqari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi:
- fuqarolar, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ixtiyoriy badallari va xayriyalaridan;
- O`zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq undiriladigan ayrim turdagi jarimalardan;
- budjetdan tashqari o`zga mablag`lardan tarkib topadigan budjetdan tashqari fondlar hosil qilishi mumkin.
Budjetdan tashqari fondlarning mablag`lari bankdagi maxsus schotlarda turadi, ularni olib qo`yish mumkin emas, ular tegishli xalq deputatlari Kengashi va hokimning qaroriga binoan sarflanadi.
Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining asosiy ish shakli sessiyadir. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining sessiyalari tegishli hokim, hokim yo`qligida esa uning o`rinbosarlaridan biri tomonidan zaruratga qarab, biroq, yiliga kamida ikki marta chaqiriladi. Deputatlar uchun sessiyalar davlat ishida qatnashish maktabidir. Bu bilan har bir deputat Kengash sessiyasida masalalarni hal qilishda faol ishtirok etish, mavjud kamchiliklarni ochib tashlash, Kengash, hokimlik va ularga bo`ysungan organlar faoliyatini yaxshilashga qaratilgan takliflar kiritish imkoniyatiga ega bo`ladi. Sessiyalar, xalq deputatlari tegishli Kengashi deputatlari kamida uchdan ikki qismining tashabbusiga binoan ham chaqirilishi mumkin. Kengash sessiyasini chaqirish to`g`risidagi qarordan deputatlar sessiya ochilishidan kamida yetti kun oldin xabardor qilinadi.
Yangi saylangan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining birinchi sessiyasi hokim tomonidan saylovdan keyin kechi bilan uch haftalik muddat ichida chaqiriladi va u keksa deputatlardan biri tomonidan ochiladi. Xalq deputatlari Kengashi sessiyalarida hokim, u yo`qligida esa Kengashning qaroriga yoki hokimning topshirig`iga binoan mazkur Kengashning deputatlaridan biri raislik qiladi. Xalq deputatlari Kengashining har bir sessiyasini o`tkazish davrida deputatlar orasidan sessiya kotibi yoki kotibiyati saylanadi.
Xalq deputatlari Kengashining sessiyasi, basharti unda jami deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi. Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyasida muhokama qilinayotgan masalalar bo`yicha ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali, deputatlar umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi.
«Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida» qonunning 18-moddasida belgilanganidek, xalq deputatlari Kengashi sessiyalarini chaqirish va o`tkazish, sessiya muhokamasiga masalalar kiritish va ularni qarab chiqish, xalq deputatlari Kengashi organlarini tashkil etish va saylash, ularning faoliyatiga doir hisobotlarni tinglash, deputatlar so`rovlarini, qaror loyihalarini qarab chiqish, ovoz berish, qarorlarni e'lon qilish, sessiyaga taklif etiladigan shaxslar sonini aniqlash tartibi, shuningdek deputatlarning mas'uliyati va sessiya ishini tashkil etishga doir boshqa masalalar xalq deputatlari Kengashining Ish tartibiga muvofiq belgilanadi.
Xalq deputatlari Kengashi huzurida sessiya muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda qarab chiqish va tayyorlash, xalq deputatlari Kengashi qarorlarini va O`zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini ro`yobga chiqarish uchun ko`maklashish, vakolatlari doirasida nazorat o`rnatish maqsadida xalq deputatlari Kengashi o`z vakolati muddatiga doimiy va muvaqqat komissiyalar tuzadi. Komissiyalar faoliyatining o`ziga xosligi, eng avvalo shundan iboratki, ular orqali deputatlar sessiyalar oralig`idagi davrda kengash faoliyatiga bevosita va doimiy jalb qilinadi. Doimiy komissiyalar – mahalliy xalq deputatlari Kengashlarining strukturaviy organlari bo`lib, ko`pchilik deputatlarni, ya'ni ko`p sonli faollarni birlashtiruvchi, jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi organdir.

Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   90   91   92   93   94   95   96   97   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə