«moliyaviy hisob» fanining Oʻquv uslubiy majmuasi


Buxgalteriya hisobini boshqa iqtisodiy fanlar bilan oʻzaro bogʻliqligi



Yüklə 2,67 Mb.
səhifə19/296
tarix19.10.2023
ölçüsü2,67 Mb.
#128258
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   296
Moliyaviy hisob

Buxgalteriya hisobini boshqa iqtisodiy fanlar bilan oʻzaro bogʻliqligi.

Buxgalteriya hisobi turli xil xoʻjalik jarayonlarni aks ettiradigan juda murakkab tizimdan iborat. Bu jarayonlar bizni oʻrab turgan moddiy dunyoning bir qismi hisoblanadi. Shunga koʻra, ushbu jarayonlarning mohiyati va dinamikasi moddiy dunyoda amal qilayotgan umumiy qonunlarga boʻysinadi. Ammo, bu qonunlarning iqtisodiyot sohasida namoyon boʻlishi oʻziga xos xususiyatlarga ega.


Shunday qilib, buxgalteriya hisobining rivojlanishi, uning negizida yotuvchi nazariy kontseptsiyalar va qoidalar rivoji oʻzaro bogʻliq-likda va ta’sir koʻrsatishda kechadi. Buning ustiga ushbu bogʻliqlik boshqa fanlar va ilmiy yoʻnalishlar bilan birlashishning xilma-xil shakllariga ega. Bunday aloqadorlikni va boshqa fanlarning tegishli qonunlari hamda kategoriyalarini bilmasdan buxgalteriya hisobining mohiyatini tushunish mumkin emas. Buxgalteriya hisobi umuman olganda falsafaga tayanadi, chunki u Aristotelь ta’biri bilan aytganda, «barcha fanlarning malikasi» hisoblanadi. Tabiat, jamiyat va inson ongi taraqqiyotining umumiy qonunlarini oʻrganish buxgalterga ham, ijtimoiy fan mutaxassislari, xususan, faylasuflarga zarur boʻlgan darajada kerak.
Mazkur fan kishilarda hayotning asosiy qadriyatlari toʻgʻrisida yagona, umumiy ahamiyatga ega boʻlgan tasavvurlarni shakllantiradi. Natijada, falsafa buxgalteriya hisobini oʻrganishda «kommunikatsiya toʻsiqlari»ni bartaraf etishga yordam beradigan, asosiy omillardan biri sifatida maydonga chiqadi. Bunday toʻsiqlar tor ixtisoslashish natijasida yuzaga chiqib, uning funktsiyalarida namoyon boʻladi: insonparvarlik, ijtimoiy-aksiologik, madaniy-tarbiyaviy va axborot-aks ettiruvchi. Ulardan har biri u yoki bu darajada buxgalteriya hisobi nazariyasi va amaliyotining shakllanishiga ta’sir koʻrsatadi, vaholanki, umuminsoniy qadriyatlarning mohiyatini va unda kishining oʻrnini ochib beradi. Ushbu fanlarning eng tigʻiz oʻzaro ta’siri falsafaning axborot-aks ettirish funktsiyasida namoyon boʻladi. Uning mohiyati tor ixtisoslashgan fanlar, jumladan buxgalteriya hisobining asosiy tayinlanishini keng-roq ochib beradi: oʻzining oʻrganadigan obyektini aynan aks ettirish, uning muhim elementlarini, tarkibiy aloqalarini bizni oʻrab turgan moddiy olam ikki yoqlamaligining natijasi sifatida aniqlash; qonuniyatlarni asoslash, bilimlarni toʻplash va chuqurlashtirish, ishonchli axborot manbasi sifati xizmat qilish. Soʻnggi vaziyat buxgalteriya hisobiga yuqori daraja xosdir.
Buxgalteriya hisobi falsafadan keng foydalaniladi. Jumladan, buxgalteriya hisobining ontologik jihati – bu falsafaning bir qismi boʻlib, mazkur fan mazmunini oʻziga xos usullar bilan oʻrganadigan, xoʻjalik jarayonlarini bilish toʻgʻrisidagi ta’limotdir. Shuningdek, buxgalteriya hisobida falsafaning gnoseologik jihatlari ham qoʻllanilib, axborotlarning haqiqiyligi(ishonchliligi)ni aniqlashga imkon beradi.
Buxgalteriya hisobida hisobga olinayotgan obyektlarning iqtisodiy mohiyatini umum iqtisodiy fanlar oʻrganadi. Ularning ichida iqtisodiyot nazariyasi buxgalteriya hisobi uchun tayanch fan hisoblanadi. Mazkur fan xoʻjalik jarayonlarining iqtisodiy mohiyatini bilishda muhim oʻrin tutadi va unga asosan buxgalteriya hisobi xoʻjalik yurituvchi subyektning mablagʻlari va manbalarining kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonidagi mavjudligi hamad harakatini oʻrganadi. Iqtisodiyot nazariyasi iqtisodiy kategoriyalar va qonunlarning mohiyatini oʻrganadi. Jumladan, mehnat predmetlari, asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar, foyda, rentabellik va boshqalar.
Iqtisodiyot nazariyasi butun iqtisodiy tizimni, negizini mulkiy munosabatlar tashkil etuvchi, uning muhim harakatlanish qonunlarini oʻrganadi.
Mulkchilikning tarkibiy qismlari buxgalteriya hisobining oʻrganadigan obyektlari hisoblanadi. Iqtisodiyot nazariyasi asosiy qoidalarining rivojlanishi uchun esa dastlabki hisob ma’lumotlariga ishlov berib, bir tizimga keltirib umumlashtirish zarur. Aniq va ishonchli hisob ma’lumotlariga asoslanmagan nazariya mavhum gipotezalar oʻyiniga aylanadi.
Iqtisodiy kategoriyalarning mohiyatini umumkasbiy fanlar blokini tashkil etuvchi: Pul, kredit va banklar, Moliya, Moliya bozori va qimmatli qogʻozlar, Menejment, Marketing, Soliqlar va soliqqa tortish va boshqa fanlar toʻldiradi. Ularning barchasi u yoki bu darajada buxgalteriya hisobini boyitadi, yoki undan kengaytirilgan ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonida hisobga olinadigan obyektlar tavsifini ochib beruvchi ayrim tushuncha va koʻrsatkichlarni oʻziga oladi. Masalan, Pul, kredit va banklar yoki Moliya fanlari yordamida yalpi ijtimoiy mahsulotni, shuningdek, milliy boylikning bir qismini taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonida vujudga keladigan munosabatlari oʻrganiladi va tartibga solinadi.
Buxgalteriya hisobining huquqqa oid ilmiy fanlar va huquq amaliyoti bilan oʻzaro bogʻliqligi alohida ahamiyatga ega. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar va davlat ular oʻrtasida shartnomalarni tuzish va bajarish jarayonida ma’lum huquqiy makonda aks ettiriladigan va tartibga solinadigan, xususan subyektlarning mulkiy oʻzaro munosabatlari amal qiladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat bilan oʻzaro munosabatlari huquqning turli sohalari, soliq, bojxona, mehnat, moliya va hokazolarga taalluqli boʻlgan, qonun va qonunosti hujjatlarining majmui bilan belgilanadi. Yurisprudentsiya asoslari va konkret huquqiy normalarning ahamiyati har bir buxgalter toʻgʻri ishlashining muhim sharti hisoblanadi, moddiy javobgar va boshqa shaxslarni nazorat qilish, ular tomonidan amalga oshirilgan xoʻjalik muomalalarining qonuniyligini aniqlashga yordam beradi. Ta’kidlash joizki, buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillari va tashkil etilishi yuqori qonunchilik va ijro organlari tomonidan huquqiy tartibga solinadigan obyektlar hisoblanadi.
Buxgalteriya ishida psixologiya asoslarini bilish katta rol oʻynaydi. Buxgalterga har xil shaxsiy manfaatlar tufayli chetdan turli psixologik ta’sir oʻtkazilishi mumkin. Uning oʻzaro munosabatlari, asosan hozirgi vaqtda u ishlaydigan xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariyati va mulkdorlari bilan murakkab kechadi.
Bunda buxgalterga ish layoqatini saqlash, katta hajmdagi davriy va yillik hisobotlarni tuzish davrida asabiy zoʻriqishlarni yengish uchun ulkan psixologik muqimlik kerak.
Masalan, jamiyatda aviatsiya psixologiyasi, boshqaruv psixologiyasi kabilar mavjud ekan, buxgalterlik mehnatining psixologik jihatlariga ham e’tiborni kuchaytirish zarur.
Buxgalter faoliyatida umumaxloqiy me’yorlarning ahamiyatini bilish bilan bir qatorda maxsus professional axloq kategoriyalarining shakllanishiga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Bu yerda nafaqat ahloq talablarining darajasi oshadi, balki ular yangi sifat ahamiyatiga ham ega boʻladilar. Boshqa sohalarda umuman zararsiz hisoblangan obyektivlik elementlari, agar ular xoʻjalik yurituvchi subyekt holati toʻgʻrisida yaxshi fikr shakllantirishga intilish, buxgalteriya hisobini tashkil etish va yurtish jarayonida «xoʻjayin»ning koʻnglini topishga qaratilgan boʻlsa, bu butun korxona va unda ishlaydigan yuzlab va minglab kishilar uchun yomon oqibatlar bilan tugallanishi mumkin.
Buxgalteriya hisobi nazariyasi va amaliyotining sotsiologiya fani bilan aloqadorligi xilma-xildir. Masalan, buxgalterlik faoliyatiga asosiy axborotdan foydalanuvchilar ma’lumot darajasini hisobga olmasdan, qandaydir me’yorlar va talablarni kiritish, bunday me’yorlarning amalga oshirilishi va rioya qilinishida katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin va keltirib chiqarmoqda ham. SHuning uchun hozirgi kunda «Aholining buxgalteriya savodxonligi» toʻgʻrisidagi masala dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Soʻngi vaqtlarda tez-tez koʻzga tashlanadigan va eshitiladigan «mulkdorlar sinfi», «Aktsiyadorlar», «Tadbirkorlarning keng qatlami» kabi tushunchalar, ushbu «Mulkdorlar», «Aktsiyadorlar», «Tadbirkorlarning» oʻzlari «oʻz» korxonasining balansini tushunmas ekan, korxona rahbari esa oʻz buxgalteri bilan teng darajada va bitta tilda, ya’ni «biznes tilida» gaplasha olmas ekan, ular quruq gapligicha qoladi.
Agar gumanitar profildagi boshqa fanlar toʻgʻrisida soʻz yuritiladigan boʻlsa, buxgalteriya hisobining til toʻgʻrisidagi fanlar bilan oʻzaro ta’siri qiziqarlidir. Ayonki, buxgalteriya hisobi oʻzining mohiyatiga koʻra aniq ta’riflangan, oʻzaro muvofiqlashtirilgan va eng muhimi har xil talqin qilinmaydigan tushuncha va ta’riflarni talab qiladi. Bu yerda turlicha talqin etiladigan noaniq atamalardan foydalanish mumkin emas. Shuning uchun ham ushbu darslikda har bir bobning boshida tayanch atamalar va tushunchalar ta’rifi berilgan. Buxgalteriya tilining shakllanishi jarayonida judayam oʻziga xos tarixiy musobaqa boʻlib oʻtgan. Eng roivojlangan, hozirgi zamon talablariga javob beradigan hisob tizimini yaratgan mamlakatlar, boshqa mamlakatlarni, nafaqat ushbu tizimning elementlari bilan, balki oʻz tilidagi atama va tushunchalari bilan ham boyitgan. Hozirgi kunda milliy buxgalteriya tizimida qoʻllanilayotgan italyan, eski lotin, grek va rus atamalarning uchrashi tasodif emas. Fan nomining oʻzi ham nemis tilidan kelib chiqqan boʻlib, «Buchhalter» - aynan tarjimasi «kitob (daftar) tutuvchi» degan ma’noni anglatadi.
Buxgalteriya hisobi nazariyasi va amaliyotining rivojlanishida mantiq fanining roli ham beqiyos ulkandir. Buxgalteriya hisobi umumiy tizimining har bir elementi mazkur tizimga qat’iy mantiqiy talablar bajarilgandagina mavjud boʻlishi va kiritilishi mumkin. Mos ravishda, hisobdagi har bir operatsiya, har bir buxgalteriya provodkasigacha, tizimdagi umumiy mantiqqa boʻysinadi va ayni paytda aks ettirilayotgan xoʻjalik muomalasi mantigʻiga asoslanadi.
Buxgalteriya hisobi va kredit fanlarining oʻzaro aloqadorligi, soʻnggisining funktsiyalarida ochib beriladi. Kreditning ajralib turuvchi funktsiyalari hisoblangan: qayta taqsimlash va nazorat funktsiyalari vaqtinchalik boʻsh turgan pul mablagʻlarini toʻplash va ularni ehtiyojga koʻra xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ma’lum shartlar asosida berishni nazarda tutadi.
Nazorat funktsiyasi kredit berish undan foydalanish va qaytarilish vaqtida soʻm bilan nazorat qilish orqali amalga oshiriladi. Buxgalteriya hisobi shu munosabat bilan kredit resurslarining olinishi, ishlatilishi va oʻz vaqtida qaytarilishi ustidan nazoratni muntazam ravishda ta’minlashi lozim.

Yüklə 2,67 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   296




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə