Ўзбек миллий бастакорлик санъати


- Laboratoriya mashg‘uloti



Yüklə 408,5 Kb.
səhifə7/14
tarix29.11.2023
ölçüsü408,5 Kb.
#142628
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   14
BASTAKORLAR IJODI MAJMUA

6- Laboratoriya mashg‘uloti:
Mutal Burxanov, Sulaymon Yudakov, Manas Leviyev ijodiy faoliyati
MUTAL (MUTAVAKKIL) BURHONOV
(1916-2002)
О‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining musiqa muallifi, О‘zbekiston xalq artisti, Hamza va Berdax nomidagi Davlat mukofotlari sovrindori Mutal (Mutavakkil) Muzainovich Burhonov hayoti va ijodiy faoliyati zamonaviy о‘zbek professional san’atining rivojlanish tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu nodir iste’dod sohibi barkamol, shirador va jozibali asarlari bilan yurtimizni dunyoga tanitdi. Uning barcha asarlari originalligi, maishiyligi bilan ajralib turadi.
Kompozitorning qо‘shiq va romanslari, simfonik va vokal-simfonik asarlari, sahna va kino musiqasi tinglovchining qalbiga yetib boradi. M.Burhonovning esda qoladigan kuylari ayni vaqtning о‘zida murakkab hamdir. Chunki ular ohangdorligi bilan inson ichki dunyosining boyligi va muallifining nozik va sezgir tabiatini, о‘y va his-tuyg‘ularini ifoda etadi.
О‘zbek xalqining asl farzandi Mutal Burhonov 1916 yil 5-mayda Buxoro shahrida tug‘ildi. Mutavakkilning uch nafar amakilaridan biri Mukammil Burhonov Buxoro jadidchilar harakati faollaridan bо‘lgan.
Hayotning og‘ir sinovlari boshiga tushgan M.Burhonov bolalik va о‘spirinlik davrida avval eski diniy, sо‘ngra yangi maktablarda о‘qidi. Bolaligidan musiqaga qiziqdi va mehr qо‘ydi. Tanbur chalishni avval amakisi Mukammil Burhonovdan, keyin mashhur tanburchi Ota G‘iyos Abdug‘anidan о‘rgandi. 1928 -1932 yillarda Samarqandda О‘zbekiston musiqa va xoreografiya institutida ta’lim oldi. Mazkur о‘quv maskanida ishlagan Ota Jalol Nosirov, Ota G‘iyos Abdug‘ani, Domla Halim Ibodov, Hoji Abdulaziz Rasulov, Abduqodir Ismoilov, Ahmadjon Umrzoqov, Matyoqub Xarratov, Abdurahmon Umarov kabi ustozlar saboqlari, Abdurauf Fitrat va Burhonovlar xonadonlarida S.Ayniy, A.CHо‘lpon, Botu, Elbek, yosh H.Olimjon ishtirok etgan ijodiy kechalar M.Burhonov uchun unutilmas hayot va ijod maktabi bо‘ldi.
О‘qishni bitirgach, M.Burhonov 1932-1935 yillarda Toshkentda Hamza va Dushanbeda Lohutiy nomidagi drama teatrlarida sozanda, musiqa rahbari lavozimlarida ishladi, musiqa bastalashga intildi. Kompozitorlik ta’limini olish orzusida u 1935 yili Moskva konservatoriyasi qoshida ochilgan ―О‘zbek opera studiyasi‖da tahsil kо‘rdi. 1939 yilda Moskva konservatoriyasi asosiy kursida professor S.N.Vasilenko sinfida о‘qishini davom ettirdi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan kо‘ngillilar armiyasi safida Moskva shahrini himoyasiga otlandi, 1942 yili esa qattiq betob bо‘lib, Toshkentga qaytib davolandi, ijod bilan shug‘ullandi. 1946 yildan о‘qishini davom ettirib, 1949 yili Moskva konservatoriyasi kompozitorlik kulliyotini muvaffaqiyatli tugalladi.
M.Burhonov boshidan kechirgan qiyinchiliklar, uyushtirilgan tuhmatlar, uning metin irodasini sindira olmadi. «Haqiqat egiladi, lekin sinmaydi» deb о‘ziga dalda berdi, ijod qildi va haqiqat yuzaga chiqdi. Kompozitor ijodining asosiy qismini vokal musiqa tashkil etadi. U talabalik davridayoq ilk ijodini atoqli shoir A.Lohutiy she’rlariga bastalagan «Ey bulbul» romansi va «Buti nozaninam» («Mening gо‘zalim») qо‘shig‘idan va Mashrab she’riga «Ishq о‘ti», yakkaxon va simfonik orkestr uchun bastalagan balladasi kabilardan boshladi. Urush yillari «Jangchilar qо‘shig‘i» (Uyg‘un sо‘zi), «Samolyot» (H.Olimjon sо‘zi), «Uchib ketasan» (Z.Diyor sо‘zi), «Paxtam ochilsa» (Kamtar sо‘zi) qо‘shiqlar, «Ishqida» (Uyg‘un sо‘zi), «Dilbari-mo» (A.Lohutiy sо‘zi) romanslarini yaratdi.
M.Burhonov qalamiga mansub «Maftuningman» kinofilmida Botir Zokirov ijro etgan «Maftuningman», Klara Jalilova ijrosidagi «Yulduz qо‘shig‘i» va «Dо‘ppi tikdim ipaklari tillodan» (T.Tо‘la sо‘zi), Laylo Sharipova ijro etgan «Bahor qо‘sh ig‘i» (T.Tо‘la sо‘zi) va «Samolyotlar qо‘nolmadi» kinofilmida arab ayolining qо‘shig‘i, Yunus Tо‘rayev ijrosidagi «Gul diyorim» (E.Vohidov sо‘zi) va «Gо‘zal Nukus shahrim» (I.Yusupov sо‘zi), Tamaraxonim ijro etgan «Gо‘zal Farg‘ona» (A.Bobojon sо‘zi), «Uyg‘ur qiziga» (Mamatoxunova sо‘zi),«Vatan qо‘shig‘i» (G‘.G‘ulom sо‘zi), «Yorim bor» (Mirtemir sо‘zi), «Gо‘zal О‘zbekiston» (Shuhrat sо‘zi), «Boy ila xizmatchi» kinofilmidan Gulbahor allasi kabi ajoyib qо‘shiqlar keng qanot yozdi. Darhaqiqat, M.Burhonov birinchilardan bо‘lib romans janrini respublikamiz musiqiy hayotiga joriy etdi, yangi yо‘l ochib berdi, desak mubolag‘a bо‘lmaydi. Bastakorning bu janrdagi asarlari orasida ulug‘ shoir Navoiy g‘azaliga bastalagan «Tabassum qilmading» va Hofiz g‘azaliga yakkaxon va simfonik orkestr uchun «Namedonam chi nom dorad » («Ismingni bilmayman») romans -poemasi alohida о‘rin tutadi. Bu romans-poema birinchi bor gо‘zal va yoqimli ovoz sohibi Toshkent konservatoriyasi dotsenti David Mulloqandov, undan keyin Botir Zokirov ijrosida yangradi. «Yurak sadosi» (T.Tо‘la she’ri), «Kelsa nogoh...» (N.Komilov she’ri), «Nega tark etding» (A.Fitrat she’ri), «Unutmas meni bog‘im» (U.Nosir she’ri), «Shoir orzusi» (Mashrab sо‘zi) balladasi barkamol darajaga yetkazilgan.M.Burhonov vokal-simfonik janrlarda ham barakali ijod qildi. 1949 yilda yakkaxon, xor va simfonik orkestr uchun «Gullagay О‘zbekiston» kantatasi, «Bahor qushlari» (S.Umariy sо‘zi), «Oq oltin» (I.Yusupov sо‘zi) vokal-simfonik poemalarini yaratdi. ―Oq oltin‖ asarni M.Turg‘unboyeva о‘z vaqtida «Bahor» raqs ansambli uchun sahnalashtirgan va hujjatli film olingan. Alisher Navoiyning 525 yillik yubileyiga bag‘ishlab A.Oripov bilan hamkorlikda «Alisher Navoiyga qasida» (1968 y.) vokal-simfonik poemasi, shu shoir bilan 1975 yili urushda halok bо‘lganlar xotirasiga bag‘ishlab xor va simfonik orkestr uchun «Epitafiya» marsiyasini yaratdi.
M.Burhonov birinchilardan bо‘lib 1950-yillarning boshlarida о‘zbek xalq qо‘shiqlari «Gо‘zal qizga», «Yorlarim», tojik xalq qо‘shiqlari «Sari kо‘hi baland» va «Zarragul», qoraqalpoq xalq qо‘shiqlari «Bibigul», «Ayriliq», uyg‘ur xalq qо‘shig‘i «Sayra», qozoq xalq qо‘shig‘i «Dudaray», keyingi yillarda afg‘on xalq qо‘shig‘i «Chashmi siyoh», eron xalq qо‘shiqlari — «Guli gandum» va «Damkul-damkul» kabilarni akapella xori uchun moslashtirib, murakkab ijodiy masalani muvaffaqiyat bilan yecha oldi.
Noyob iste’dod sohibi M.Burhonov 1990 yilda Navoiy tavalludining 550 yilligiga bag‘ishlab «Alisher Navoiy» operasini yaratdi. U Uyg‘un va I.Sulton dramasini qayta ishlab, opera janriga moslagan holda libretto tuzib, jozibali musiqa yaratdi va u 1990 yilning oxirida Navoiy nomidagi О‘zbekiston Davlat Akademik opera va balet katta teatrida sahna yuzini kо‘rdi.
M.Burhonov ijodiy faoliyatida kino musiqasi ham muhim о‘rin egallaydi. Uning 1950-1970-yillarda «Boy ila xizmatchi» (rejissyor L.Fayziyev), «Abu Ali ibn Sino» (rej. K.Yormatov), «Samolyotlar qо‘nolmadi» (rej.Z.Sobitov), «Surayyo» (rej. U.Nazarov), «Tark etilgan kelin» (rej. Y.A’zamov) badiiy kinofilmlarga yozilgan musiqasi madaniyatimiz tarixida chuqur iz qoldirdi. M.Leviyev va I.Akbarovlar bilan hamkorlikda «Maftuningman» va «Orol baliqchilari» kinofilmlariga yaratgan dilbar qо‘shiqlari yangrab kelmoqda.
Hamza nomidagi О‘zbek davlat akademik drama teatrida sahnalashtirilgan: «Alisher Navoiy» (Uyg‘un va I.Sulton pyesasi, 1943 y.), «Hikmat» (SH.Tuyg‘un pyesasi, 1950 y.), «Boy ila xizmatchi» (Hamza pyesasi, 1953 y.) spektakllariga M .Burhonov musiqa bastalagan. Respublika qо‘g‘irchoq teatrida namoyish qilingan H.Olimjonning «Oygul va Baxtiyor» spektakliga ham kompozitor musiqa yaratgan.
M.Burhonov о‘zbek xalq cholg‘ulari orkestri uchun «Mavrigi», har xil pyesalar, syuitalar, simfonik orkestr uchun syuitalar, skripka va violonchel ansambli uchun vals va pyesalar yaratdi. Bolalar xori uchun qator qо‘shiqlar bastaladi.
M.Burhonov tabarruk 80 yoshlik tо‘yini yangi musiqiy asarlar bilan kutib oldi. Jomiy dо‘sti Alisher Navoiyga bag‘ishlab «Shiru shakar» she’riga qо‘shiq, bolalar xori uchun «Vatan bizga mehribon» (M.Mirzo sо‘zi), akapella xori uchun «Buxoroi Sharif» (R о‘dakiy she’ri) qо‘shiqlarini bastaladi. Shu bilan birga О‘zbekiston musiqasi tarixida M.Burhonov birinchi bо‘lib yakkaxonlar, xor va simfonik orkestr uchun besh qismli «Abadiy xotira» nomli REKVIYEM yaratdi. Bu asarda qatag‘on yillari qurboni bо‘lgan о‘zbek xalqining ulug‘ farzandlari Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid CHо‘lpon, Usmon Nosir, Fayzulla Xо‘jayev,
kompozitorning katta akasi Misboh, amakilari Masxariddin, Mukammil va Muammir Burhonovlar xotirasiga bag‘ishlangan. Bu asar 1996 yil 14 mayda «Turkiston» saroyida kompozitorning yubiley kechasiga bag‘ishlangan konsert dasturida ilk bor ijro etildi. S.Qobulova, F.Zokirov, badiiy sо‘z ustasi T.Mо‘minov, A.Abduqodirov, Z.Haqnazarov rahbarligidagi milliy simfonik orkestr, xormeysterlar A.Hamidov va J.Shukurovlar rahbarliklaridagi qо‘shma xor jamoalari qatnashgan edi.
M.Burhonov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan yubiley konsert Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatrida 2001 yil 17 mayda о‘tdi.
Mutal Burhonov О‘zbekiston musiqa madaniyatini rivojlantirishda qо‘shgan xizmatlari uchun «О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan san’at arbobi», «О‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvonlariga, «Mehnat shuhrati» medali, 1999 yili «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, 2001 yilda «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi. Mutavakkil Burhonov Buxoro shahrida 2002 yilning 15 iyunida dunyodan kо‘z yumdi

Yüklə 408,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   14




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə